Daraxtlar kesilishiga qarshi petitsiya 2000 dan ortiq imzo to‘pladi

Toshkent amaldorlarining jamoatchilikka biror bir tushuntirish bermasdan yana ulkan chinorlarni kesishga kirishganlari toshkentliklar va xorijdagilarning noroziliklariga sabab bo‘lmoqda.

25 yanvar kuni chinorlarning vahshiylarcha kesilishini to‘xtatishni talab qilib onlayn-petitsiya boshlangan, 26 yanvar tushgacha 2000 dan ortiq kishi petitsiyaga imzo chekkan.

Onlayn-petitsiyaToshkent shahri hokimi Rahmonbek Usmonov, O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Baxtiyor Abdusamatov, O‘zbekiston Ekologik harakati rahbari, parlament quyi palatasining Ekologiya va Atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Boriy Alixonovga yo‘llangan.

"Hozir O‘zbekistonda hamma joyda chinorlarni kesib tashlamoqdalar. Chinor o‘rnini boshqa biror daraxat bosolmaydi. Osiyo chinorining balandligi 35-40 metrga yetadi, keng tanasi soya beradi va jazirama hamda quyosh radiatsiyasidan himoya qiladi. Yuzlab yil yashaydi. Tanasiga zararkunandalarning tishi o‘tmaydi. Sug‘orish talab qilinmaydi. Hozirga kelib Toshkent yalang‘och bo‘lib qoldi, shahar asfalt-beton sahroga o‘xshab borayapti. Chinorlar o‘rniga archa yoki import o‘simliklaor ekishmoqda, ular esa ko‘p suvni talab qiladi va soya bermaydi. Toshkent chinorlarini vahshiylarcha kesishni to‘xtatishni talab qilamiz", deyiladi onlayn murojaatda.

Toshkentliklarning aytishlaricha, obodonlashtirish vaji bilan deyarli butun shaharda daraxtlar kesilayotganini ko‘rish mumkin.

23 yanvardan esa Mustaqillik prospektining "Buyuk ipak yo‘li" metrosidan Mudofaa vazirligigacha bo‘lgan qismida chinorlarni qo‘porish boshlangan.

Norozilik petitsiyasi uchun imzo yig‘ish boshlanguncha na Toshkent shahar hokimligi, na Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi va na Ekologik harakat daraxtlar nega kesilayotgani haqida tushuntirish bermaganlar.

Biroq onlayn petitsiya boshlangani haqidagi xabar tarqalganidan ko‘p o‘tmay O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi petitsiya tashabbuskori Farida Sharifullinaga qo‘yidagi mazmunda javob berishgan: "hozirgi paytda Mirzo Ulug‘bek tumanida obodonlashtirish va qator ko‘chalarni kengaytirish ishlari amalga oshirilmoqda. Ishlarni amalga oshirish mobaynida ayrim daraxatlarni kesish zarur, kelajakda ularning o‘rni kelajakda bahorgi ekin davrida daraxatlarning qimmatli turlari bilan to‘ldiriladi".

Nega o‘zbekistonlik to‘ralar mutlaq jinoyat hisoblanadigan ushbu amallarga jamoatchilik noroziliklariga qaramasdan qo‘l urmoqdalar?

2009 yili Toshkentdagi Amir Temur xiyobonidagi 100 yildan keksa ulkan daraxtlarni tag-tomiri bilan qo‘porib tashlaganlari juda ko‘pchilikni g‘azablantirgan, ammo biror bir mantiqli izoh berilmasdan Toshkent markazi yaydoq sahroga aylantirilgandi.

Daraxtlar faqat yangi qurilgan Forumlar saroyining haybatini ko‘z-ko‘z qilish uchun qo‘porildi, degan fikrlar bildirildi.

Internet muhokamalarida ulkan daraxtlarning kesilishi Prezident Islom Karimovning ular ortida qo‘lidagi quroli bilan yashirinishi mumkin bo‘lgan terrorchilardan hadigi bilan bog‘liq degan taxminlar ham aytildi.

Bugun o‘zbekistonliklar bilan gaplashsangiz, bu amallar ulkan daraxtlarni Xitoyga yog‘och qilib sotishdan foyda ko‘rayotgan "mafiya"ning ishi ekani haqidagi gaplarni ham eshitish mumkin.

Shuningdek, "eng yuqori"dagilarni butun respublika bo‘ylab daraxtlarni kestirishga ko‘ndirgan O‘zbekistondagi mebel shirkatlarining "qo‘l"ini ko‘rayotganlar ham yo‘q emas.

Katta daraxtlarni kesilishidan chetdan qimmat bahoda ignabargli daraxt olib kelish bilan shug‘ullanayotgan shirkatlar manfaatdor, degan taxminlar bildirilganiga ham ancha bo‘ldi.

Ammo daraxtlar kesilishidan g‘azabga kelib maqola yozgan O‘zbekistondagi Uzmetronom web-sayti muharriri Sergey Yejkov aytishicha, O‘zbekiston sharoitida bu da‘volardan qaysi biri haqiqat ekanini isbotlashning imkoni yo‘q.

"Bu daraxtlarni kim mamlakatga olib kirayapti? Daraxt olib kirayotgan firmalar ortida kim turipti? Bu haqdagi axborot yopiq hisoblanadi. O‘zbekiston yopiq davlat, biror bir tashkilotda sizning qo‘lingizga bu ishlarga taalluqli hujjatlarni berishmaydi. Bu hujjatlar asosida siz bu shirkatlar ortida kimlar turganini aniqlashingiz mumkin. Lekin bu hujjatlar qo‘lingizda bo‘lmagani uchun hech narsani isbotlolmaysiz", dedi BBC bilan suhbatda Sergey Yejkov.

Sergey Yejkov aytishicha, xalq bilan hisoblashishni o‘ziga ep ko‘rmaydigan amaldorlar bu jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilmasliklariga ishonadilar va shuning uchun ham bu o‘zboshimchaliklarini davom ettirmoqdalar.

Hozirgi paytda respublikaning deyarli barcha shahar va tumanlari markazlari "asfalt-beton sahrolar"ga aylantirilgan va O‘zbekistondagi vaziyatni yaxshi biladigan kutazuvchilar fikricha, obodonlashtirish mahalliy to‘ralar uchun davlat byudjetidan mo‘may pullarni o‘zlashtirishning eng qulay va oson yo‘lidir.

Aholi noroziligi rasmiylarni ayrim tushuntirish berishga undagan, bu tushuntirishlarda go‘yo chinor O‘zbekiston iqlimiga to‘g‘ri kelmasligini isbotlashga harakat qilingan.

Lekin bunday tushuntirishlar keskin tanqidlar bilan qarshi olingan edi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq

Aloqador internet sahifalari

BBC tashqi internet sahifalar uchun mas'ul emas