Putinning boyligi qancha?

Image copyright AP
Image caption Putin o‘zining boyligi haqidagi gaplarni "safsata" deb atagan

AQSh hukumatiga ko‘ra, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin korruptsiyaga botgan va o‘zining haqiqiy boyligini o‘ta maxfiy saqlaydi.

BBCning "Panorama" dasturida AQSh Moliya vazirining o‘rinbosari Adam Shubin ana shunday bayonot bergan.

"Panorama" olib borgan jurnalistik tadqiqot natijalariga bag‘ishlangan dastur Buyuk Britaniyada dushanba kuni kechqurun namoyish etilgan.

"Men raqamlarni aytishga tayyor emasman, lekin aytishim mumkinki, u (Putin) davlatdan yiliga 110 ming dollar atrofida maosh oladi. Ammo bu raqam uning boyligini to‘g‘ri ifodalamaydi. U o‘zining haqiqiy boyligini yashirishda katta tajribaga ega", - deb aytgan Shubin.

BBCning "Vladimir Putin korruptsiyaga aralashganmi?" degan to‘g‘ridan-to‘g‘ri savoliga AQSh mulozimi "ha" deb javob bergan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya prezidentining korruptsiyaga aloqadorligi AQSh hukumatiga "uzoq yillardan buyon" ma‘lum.

Rossiya rasmiylari Putinning boyligi haqidagi bayonotlarni "bema‘ni" deya rad etishadi.

"Tuhmat"

Rossiya rahbarining matbuot kotibi Dmitriy Peskov BBC muxbirining "bema‘ni savollari"ga javob berishdan bosh tortgan.

Ammo ko‘rsatuv efirga uzatilganidan keyin munosabat bildirgan janob Peskov uni "o‘ydirma va tuhmat" deb atagan.

"BBC materialining mazmuniga kelsak, bu hech qanday asosga ega bo‘lmagan uydirma va tuhmatdan boshqa narsa emas", - deb aytgan janob Peskov.

Image caption Adam Shubinga ko‘ra, Putinning korruptsiyaga botgani AQShga anchadan buyon ma‘lum

Unga ko‘ra, AQSh Moliya vazirligining ko‘rsatuvda yangragan bayonoti "dalillarni taqozo qiluvchi rasmiy ayblov, ammo Moskva dalil talab qilmaydi".

"Biz AQSh Moliya vazirligidan dalillar taqdim etishni talab qilmaymiz. Agar ular bu kabi bayonotni dalilsiz qoldirishsa, unda bu yana o‘sha idoraning obro‘siga soya soladi", - deb aytgan Putinning so‘zchisi.

BBC muxbiri bir vaqtlar Vladimir Putinning yaqin atrofida bo‘lgan yoki uning ishlari bilan shug‘ullanib, keyinroq turli sabablar bilan Rossiyani tark etgan shaxslar bilan ham uchrashgan.

Ularning qatorida Tallinda yashayotgan ishbilarmon Sergey Kolesnikov, bankir Sergey Pugachyov, sobiq tergovchi Andrey Zykov, Putin bilan Peterburgda birga ishlagan va hozirda Nyu-Yorkda yashayotgan tadbirkor Maks Freyzon va boshqalar bor.

Ularning hammasi Rossiya prezidenti misli ko‘rilmagan darajada boy ekanini aytishgan.

40 milliard dollar?

"Panorama" jurnalistlari AQSh Markaziy josuslik boshqarmasi - MRBning hisobotidan ham iqtibos keltirishgan.

Unda Putinning boyligi 40 milliard dollar deb baholangan.

Rossiyalik siyosatshunos Stanislav Belkovskiy ham o‘z manba‘lariga tayangan holda Putinning boyligi 40 milliarddan kam emasligini aytadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin Rossiya va xorij, jumladan, Ispaniyada qimmatbaho ko‘chmas mulklarga egalik qiladi.

Putinning o‘zi ushbu da‘volarni rad etadi.

"Bu bir safsata. Hammasini burunlaridan olib, qog‘ozlariga surtishgan", - degan Putin 2008 yilda jurnalistlarning bu haqdagi savollariga javob bera turib.

BBC muxbirlari suhbatlashgan shaxslar Rossiya prezidentining boyligi qisman yirik ishbilarmonlar xayriya qilgan mablag‘lardan tashkil topganini aytishgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio