HRW: "O‘zbekistonda inson haqlari vaziyati o‘zgarmagan"

Image copyright HRW
Image caption Hukumat o‘zgacha fikrlovchi va hukumat siyosatini tanqid qilgan fuqarolarni uzoq muddatlarga ozodlikdan mahrum qilgan

2015 yilda ham inson haqlari bilan bog‘liq xavotirli vaziyat O‘zbekistonda saqlanib qolmoqda.

Andijonda hukumat kuchlari tomonidan yuzlab odamlar, aksariyati tinch namoyishchilar otib tashlanganidan o‘n yil o‘tib ham, O‘zbekiston hukumati jabrlanganlarga nisbatan adolat qaror toptirishni istamayapti, deyiladi xalqaro Human Rights Watch hisobotida.

2015 yil mart oyida o‘tgan saylovda 26 yildan beri qudratda bo‘lgan avtoritar prezident Islom Karimov o‘z boshqaruvini yana besh yilga uzaytirib oldi, deb keltiriladi unda.

O‘zbekiston Konstitutsiyaga ko‘ra, bir shaxs ikki martadan ko‘p prezident etib saylanmasligi lozim. Xalqaro kuzatuvchilar fikricha, konstitutsiyaga zid tarzda o‘tkazilgan saylovda o‘zbekistonliklarga hech qanday jiddiy o‘zga tanlov berilmagan.

Minglab insonlar siyosiy ayblovlar bilan ozodlikdan mahrum etilgan, qiynoqlar keng qo‘llaniladi va hukumat doimiy ravishda xuquq faollari, jurnalistlar va muxolifat a‘zolarini ta‘qib qilib keladi.

Doimiy davom etuvchi qonunbuzarliklarga qaramasdan, Qo‘shma Shtatlar va Ovro‘po Ittifoqi O‘zbekistondagi inson xuquqlari vaziyatiga yetarlicha ta‘sir o‘tkaza olmayapti.

Avtoritar O‘zbekistonda fuqarolar saylovlarda o‘zlarining fikrlarini erkin aytish, siyosiy partiyalar tuzish, mustaqil nomzodlarni ko‘rsatish yoki boshqa har qanday yo‘l bilan demokratik, shaffof saylov jarayoni o‘tkazilishi ta‘minlanishidan mahrumdirlar.

Jazoni o‘tash muassasalarida xuquq faollari A‘zam Farmonov, Mehriniso Hamdamova, Zulxumor Hamdamova, Isroiljon Xoldorov, G‘aybullo Jalilov, Nuriddin Jumaniyozov, Matluba Komilova, G‘anixon Mamatxonov, Cho‘yan Mamatqulov, Zafarjon Rahimov, Yo‘ldosh Rasulov, Bobomurod Razzoqov, Faxriddin Tillayev, A‘zam Turg‘unov, shuningdek, jurnalistlar Solijon Abdurahmonov, Muhammad Bekjonov, G‘ayrat Mixliboyev, Yusuf Ro‘zimurodov va Dilmurod Saidovlar saqlanmoqda.

Bundan tashqari panjara ortida uzoq yillardan beri qolayotgan muxolifat faollari Samandar Qo‘qonov, Qudratbek Rasulov va Rustam Usmanovlar bor. Diniy va hukumatga qarshi qarashlari uchun Ruhiddin Faxriddinov, Nodirbek Yusupov, Dilorom Abduqodirova, Botirbek Eshqo‘ziyev, Bahrom Ibrohimov, Davron Qobilov, Erkin Musayev, Davron Tojiyev va Ravshanbek Vafoyevlar uzoq yillarga ozodlikdan mahrum bo‘lib qolmoqda. Ularga berilgan muddatlar tugab ketsa ham, qayta qayta qo‘shib berilmoqda.

Jumladan, to‘qqiz yillik muddati nihoyasiga yetgan huquq faoli A‘zam Farmonovga "qamoqxona tartibini buzganligi" uchun yana besh yil qo‘shib berilgani ma‘lum bo‘ldi. Faol aynan qanday tartibni buzganligi oshkor qilinmagan.

Hukumat shu tariqa o‘zgacha fikrlovchi va hukumat siyosatini tanqid qilgan fuqarolarni ozodlikdan mahrum qilib "ovozini o‘chirmoqda".

Ko‘p mahkumlarning sog‘ligi qamoqxonadagi og‘ir sharoitlarda yomonlashgan.

Noyabr oyida hukumat uzoq tanqidlardan so‘ng nihoyat 21 yil qamoqda o‘tirgan muxolifatchi Murod Jo‘rayevni ozodlikka chiqardi.

2015 yilda Human Rights Watch mamlakat tashqarisida bo‘lgan o‘nlab o‘zbeklar bilan suhbatlashgan. Ular Andijon qirg‘ini haqidagi haqiqatni o‘zlari va O‘zbekistonda qolgan yaqinlari taqdirini o‘ylab, ochiq gapirishga qo‘rqqanlar.

Bundan tashqari, O‘zbekiston ichkarisida qolgan juda oz sonli huquq faollari doimiy ta‘qib ostida faoliyat olib borishga majburlar. Paxta dalalarida majburiy mehnatni kuzatayotgan faollar Yelena Urlayeva va Malohat Eshonqulova militsiya xodimlari tomonidan ushlanib, majburiy haqoratli tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganlar.

Shuningdek, faol Dmitriy Tixonov uyiga o‘t qo‘yib yuborilgan va majburiy mehnat haqida to‘plagan ma‘lumotldar o‘g‘irlab ketilgan. Vaziyat yong‘in hukumat vakillari tomonidan ataylab uyushtirilganini ko‘rsatadi, deydi Human Rights Watch.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, majburiy mehnat natijasida 2015 yilda kamida olti inson halok bo‘lgan.

O‘tgan yil iyun oyida Toshkentga tashrif buyurgan BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun O‘zbekiston hukumatini inson haqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni bajarishga chaqirgan, ularsiz "tinchlik va taraqqiyot bo‘lmasligi"ni ta‘kidlagan.

2015 yil iyulda BMT Inson haqlari bo‘yicha qo‘mita majlisida O‘zbekistonda siyosiy mazmundagi hibslar, Andijon qirg‘ini uchun mas‘uliyatni bo‘yniga olmaslik, doimiy qiynoqlarning davom etishi va BMT ning inson haqlari bo‘yicha institutlari bilan hamkorlikning yo‘qligi keskin tanqid ostiga olindi, deyiladi Human Rights Watch hisobotida.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBCUZBEK

Twitter - BBCUZBEK

Odnoklassniki - BBCUZBEK

Facebook - BBCUZBEK

Google+ - BBCUZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio