Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

London operasini zabt etgan o‘zbek

Samarqandlik opera qo‘shiqchisi Najmiddin Mavlonov - dunyodagi eng nufuzli opera teatrlaridan biri bo‘lmish London Qirollik opera teatri (Royal Opera House) sahnasida rol o‘ynagan ilk o‘zbekistonlik tenor.

U hozirda Puchchinining "Toska" operasida Toskaning sevgilisi Mario Kavaradossi qismini ijro etmoqda. Toska rolida esa operaning eng mashhur prima donnalaridan bo‘lgan Anjela Giorgiu.

Bugun Najmiddin Mavlonovga berilgan Kavaradossi rolini Luchano Pavarotti ayni sahnada bir necha bor ijro etgan. Toska qismini esa yana bir mashhur soprano - Mariya Kallas kuylagan.

1732 yilda asos solingan bu dargoh sahnasida chiqishni har bir opera qo‘shiqchisi orzu qiladi. Bu har bir opera qo‘shiqchisi uchun juda ko‘p eshiklarni ochadigan maskandir.

37 yoshli Najmiddin Mavlonov o‘smirligida qo‘liga ilk marta gitara olganida, so‘ngra estrada qo‘shiqlarini aytib viloyatlaridagi kontsertlar va to‘y-marakalarda xizmat qilganida, bir kun kelib bu kabi sharafga munosib topilishini tasavvur ham qilmaganini aytadi.

Olti yoshida otasining vafot etishi unga tezda hunar o‘rganib, to‘rt farzandni boqqan tikuvchi onasiga yordam berishga majbur qildi. Yuragida musiqaga bo‘lgan muhabbati jo‘shib tursa ham, u ganchkorlik va quruvchilik bilan o‘z ta‘limini moliyaladi.

Uning sahnadagi muvaffaqiyatini ko‘rgan onasi o‘z vafotidan avval o‘g‘liga oq fotiha berdi. "Agar yaxshi kuylab, yangi cho‘qqilarga erishsang, meni ham baxtli qilasan va men uzoq yashayman", - deb aytgandi unga onasi.

Najmiddin Mavlonovni nozik didli londonlik opera muxlislarlari olqishlarga ko‘mdilar. "Men "Toska"ni bu sahnada 20 martadan ko‘p ko‘rgan bo‘lsam kerak, lekin bu yigit eng yaxshi Mario Kavaradossilardan biri bo‘ldi. Men uni italyan deb o‘ylabman. Hech nuqson topmadim undan", - deydi yonimda o‘tirgan tomoshabin qariya.

"U O‘zbekistondanmi? Ajoyib! Sizlarda opera bormi?" - deydi men intervalda suhbatlashgan ayol tomoshabin. "Bu juda katta mas‘uliyat talab qiladigan rol, Toska - og‘ir opera. Bu o‘zbek tenor uni maromiga yetkazib ijro etdi", - deya qo‘shimcha qiladi u.

Mavlonov bir necha yildan beri Moskvadagi Stanislavskiy va Nemirovich-Danchenko teatrida doimiy shartnoma asosida kuylab keladi. Bu yil uning Belgiyaning Opera Vlaanderen teatri, Isroil opera teatri va Moskvadagi Bolshoy teatrlarida rollar ijro etishi mo‘ljallangan.

U BBC studiyasida mehmon bo‘ldi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBCUZBEK

Twitter - BBCUZBEK

Odnoklassniki - BBCUZBEK

Facebook - BBCUZBEK

Google+ - BBCUZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio