"Tojik muhojirlari yuboradigan pullar kamayib ketdi"

Image caption Tojik muhojirlar yoppasiga vataniga qayta boshlaganlar

Tojikiston Milliy Bankining raisi Jamshid Nurmahmadzodaning bildirishicha, Rossiyadan mamlakatga yuboriladigan dollar hisobidagi pul o‘tkazmalarining hajmi o‘tgan yildagiga nisbatan 33 foizga kamaygan.

Asosiy qismi mehnat muhojirlarining pullarini tashkil qiladigan mablag‘ning qisqarishi bu o‘tkazmalarga qaram bo‘lib qolgan Tojikiston iqtisodiga kuchli zarba berdi.

Tojik iqtisodchilari fikricha, tojik valyutasining tinimsiz qadrsizlanishi mamlakatning asosiy savdo-iqtisodiy hamkorlaridan bo‘lgan Rossiyaga G‘arb tomonidan kiritilgan sanktsiyalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqdir.

Tojikistondagi iqtisodiy vaziyat ko‘p hollarda Rossiya iqtisodining ahvolidan kelib chiqib belgilanadi, deydi tahlilchilar.

Dollarda yuboriladigan pul o‘tkazmalari 33 foizga qisqargan bo‘lsa, Rossiya rublidagi o‘tkazmalar hajmi 3 foizga oshdi. Shu bilan birga chetdan kelgan 95 foiz pul Rossiyadan yuborilgan", deya aniqlik kiritadi Jamshid Nurmuhmadzoda.

Shunday bo‘lsada, mamlakat bosh bankiri o‘tgan yili Tojikistonga qancha pul yuborilgan edi, degan savolni ochiq qoldiradi.

Somoniy devalvatsiyasi

Oxirgi yillarda Tojikiston milliy valyutasi qadri keskin tushib ketdi. Naqd dollar bilan bog‘liq yetishmovchilik bois millik bank barcha valyuta ayirboshlash shahobchalarini yopishga qaror qildi.

Ayni paytda xorijiy valyutani mamlakat yirik banklarida qora bozordan ancha past narxda ayirboshlash taklif qilinmoqda. Agar bankda 1 dollar 7 somoni 83 dirama bo‘lsa, qora bozorda 8 somoni 90 diramga almashtirish mumkin.

Milliy bank noqonuniy valyuta amaliyotlari bilan shug‘ullanuvchi valyutafurushlarga qarshi keskin choralar ko‘ra boshlagan. Noqonuniy valyuta operatsiyalari uchun jarima o‘tgan yili 3 million somonini tashkil qilgan.

Image caption Tojikistonga qariyb 95 foiz pullar mehnat muhojirlari tomonidan Rossiyadan yuborilgan

Tojikistondagi hozirgi muammolar G‘arbning Rossiyaga qarshi jazo choralaridan keyin boshlandi va mehnat muhojirlari yuboradigan pullar sezilarli qisqardi. "Rublda muhojirlarning o‘tkazmalari qisqarmadi yoki uncha ham sezilarli bo‘lmagani sababli milliy valyuta devalvatsiyasi sodir bo‘ldi. Bir dollar 5 somoniydan 8 somoniyga chiqdi. Sotib olish imkoniyatining keskin tushishi o‘z ta‘sirini ko‘rsatdi. Avtomobil va turar-joy bozori go‘yoki muzladi. Ularning narxi tushib ketdi", deydi iqtisodiy tahlilchi Bexruz Himo.

Mayda savdogarlar zarar ko‘rishdi

Tojikiston soliq xizmati ma‘lumotlariga ko‘ra, oxirgi yilda 20 mingdan ortiq kichik va o‘rta tadbirkorlar o‘z faoliyatini to‘xtatganlar.Ularning aksariyati soliq to‘lashga qurbi yetmagan.

"Kiyim-kechak va poyabzal savdosi qisqardi. Bu ko‘plab mayda tadbirkorlarning bozorini sindirdi va kambag‘alchilik darajasi oshdi.2000 yillarning boshlaridan beri mehnat muhojirlari mablag‘iga kambag‘allik darajasi qisqarib kelgan bo‘lsa, hozir bu jarayon to‘xtadi va qashshoqlar soni oshish boshlandi", deydi Behruz Himo.

Har yili muhojirlar mamlakatga 3-4 mlrd dollar, ya‘ni butun Tojikiston byudjetidan 1,5 baravar ko‘p mablag‘ yuborib kelishgan.

Muhojirlar pul o‘tkazmalari Tojikiston YaIMning 40 foizigachasini tashkil qilgan. Mustaqil iqtisodchilarning ma‘lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yil bu ko‘rsatkich 25 foizgacha qisqargan. Tojik mehnat muhojirlari vatanlariga endi dollar emas, Rossiya rublini yubora boshlashgan.

"Rossiya rubli keskin qadrsizlandi. Muhojirlar hozir dollar sotib olishga qurblari yetmaydi. Ular rubl yuborishadi.Lekin bu yerda u judayam arzon turadi. U soat sayin tushib bormoqda. Xalqaro xorijiy valyutalar- dollar va yevro har qanday bankning xavfsizlik yostiqchasi hisoblanadi. Shuning uchun ularni sotish keskin pasaydi, talab esa oshib ketdi", deb ta‘kidlaydi Firuz Saidov.

Tojikiston, ulkan savdo defitsitiga ega -import eksportdan ikki baravar ko‘p. Bu defitsit deyarli to‘liq holatda muhojirlar yuborgan pullar hisobiga yopiladi. Tojikistonning asosiy importchilari - Rossiya, Eron, Xitoy va Turkiyadir. Deyarli hamma narsa, oziq-ovqatdan tortib yirik ishlab chiqarish texnologiyalarigacha import mahsulotlar hisoblanadi.

Iste‘mol tushmoqda

Importning kamayishi ortidan iste‘mol ham sezilarli kamaygan, shundoq ham past bo‘lgan hayot darajasi yanada pasaygan.

"Bozorda kichik joyim bor. Poyabzal sotaman. Bir oy mobaynida birorta ham oyoq kiyim sota olmadim. Yonimdagi dugonam bir juft pampers sotdi. Buning ustiga bankdan olgan qarzimizni uzishimiz kerak. Somoniy ham oshib ketdi. Hamma qarzni dollarda uzishni so‘raydi, uni qayerdan olamiz? Kurs dahshat darajada oshgan. Savdogarlar ilojsiz holatda. Nima qilishimiz kerak?"- deydi kichik tadbirkor Mohira Sultonova.

Bunday murakkab iqtisodiy vaziyatda Tojikiston mehnat vazirligi 300 mingdan ortiq muhojirga Rossiyaga kirish ta‘qiqlanganini e‘lon qildi. Tanqidchilar Dushanbedan Rossiyaning Tojikistondagi 202 harbiy bazasi evaziga ko‘proq muhojirlik imtiyozlari olishga erishishni talab qilishmoqda. Biroq ko‘pchilik Rossiyadagi hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, bunga erishish oson emasligini ham tushunadi.

"Ko‘p muhojirlar Rossiyada ish topa olishmayapti. Ishlab yurganlar ham qiyinchilikga uchramoqdalar. Misol uchun patent, ijara, oziq-ovqat uchun 26 ming Rossiya rubli to‘lashi kerak. O‘zi esa 21-25 ming rubl oladi. Ko‘pchilik uylariga pul yubora olmay qolishdi. Yangi muammo paydo bo‘ldi. Patentni rasmiylashtirish uchun ish beruvchining shartnomasi kerak. 99 foiz holda u soxta, firmalar bir kunlik bo‘lib chiqadi. Muhojirlar chegarani kesib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Bu ham 15-25 ming rubl. Ahvol og‘ir. Ko‘pchilik vataniga qaytmoqchi, lekin ularni bu yerda nima kutadi?" deb savol beradi Rossiyaning "ETMOS" notijorat hamkorlik tashkiloti prezidenti Karimjon Yorov. Sanktsiyalar urushida mehnat muhojirlari azob ko‘rmoqda.

"Avvaliga G‘arb sanktsiyalari ishimga ta‘sir qildi. Qurilish firmasida buyurtmalar kamaydi, maosh kamaydi. Uyga kamroq pul yubora boshladim. Bir yildan keyin Rossiya bizning firmamizning o‘ziga sanktsiya chiqardi. Chunki uni turklar boshqaradi. Shunday qilib ishsiz qoldim. Yangi ish topish juda qiyin, vatanda esa umuman imkonsiz. Mana shunday qilib yashayapmiz", deydi mehnat muhojiri Xushbaxt Sharipov.

Tojikiston Mehnat vaziri Sumangul Tog‘oyzoda Rossiyaga boradigan mehnat muhojirlarining soni o‘tgan yil 18 foizga qisqargani, ularga mamlakatda ish o‘rinlari yaratilishini aytadi.

Biroq kuzatuvchilar mehnat vazirining gaplariga shubha bilan qarashadi.

"Yaqin yillarda vaziyat o‘zgarmaydi. Mehnat muhojirlari bilan bog‘liq vaziyat 2017-2018 yilgacha yaxshilanishi murakkab", deydi iqtisodchi Behruz Himo. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tojik hukumati yangi avlodni ingliz tilini o‘rganishiga e‘tibor berishi va Ovro‘po Ittifoqi davlatlari, Janubiy Koreya va AQSh bilan mehnat muhojirligi borasida shartnomalar tuzishga harakat qilishi lozim.

Shu tariqa biz 10 yillarda Rossiyaga iqtisodiy va siyosiy qaramlikni kamaytiramiz. Hozir esa Tojikiston Rossiyada mehnat muhojirlarining ahvolini yengillashtirish uchun YeAES ga a‘zo bo‘lishi zarur. Chunki unga a‘zo Qirg‘iziston va Armaniston muhojirlari Tojikiston va O‘zbekistondan borgan mehnat muhojirlaridan ko‘ra kamroq zarar ko‘rishdi va ko‘proq pul yuborishdi", deb aytadi tojikistonlik iqtisodiy tahlilchi Behruz Himo.

Tojikiston Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi sanktsiyalar urushida qatnashmayapti, lekin uning asoratlarini ko‘proq his qilishga majbur bo‘lmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBCUZBEK

Twitter - BBCUZBEK

Odnoklassniki - BBCUZBEK

Facebook - BBCUZBEK

Google+ - BBCUZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio