Xitoy Amerikani "bosib" olmoqdami?

Image copyright Getty

Amerika Qo‘shma Shtatlari sarmoyalar uchun eng maqbul bir mamlakatdir.

Xitoylik boyvachchalardan so‘rang, hammasi ana shunday javob beradi.

Xitoylik sarmoyadorlar AQSh shirkatlari hissalarini birin-ketin sotib olishmoqda.

Ko‘chmas mulk shirkatlaridan tortib, tanishuv saytlariga qadar xitoyliklar nazariga tushgan.

Bu hammasi emas.

2015 yilda AQSh eng badavlat xorij sarmoyadorlarini jalb qilish bo‘yicha yana birinchi o‘ringa chiqib oldi.

Xitoy esa ikkinchi o‘ringa tushdi.

Ammo Xitoy sarmoyadorlarining yirik Amerika shirkatlari va brandlarini sotib olish ortidan amerikaliklar orasida xavotirlar ham kuchaydi.

Xitoy Amerika iqtisodi ustidan nazoratni o‘z qo‘liga olmoqda deganlar ham bo‘ldi.

Bugun Amerikada Xitoy mahsulotlaridan foydalanmay bir kun o‘tkazish mumkinmi?

Ha, ammo buning uchun ancha harakat qilish kerak ekan.

Kiyim-kechak

Men o‘z kunimni Xitoyda ishlab chiqarilgan biror bir kiyim kiyish bilan boshlamoqchi bo‘ldim.

Kutilmaganda bu maqsadim ancha qiyinlaridan bo‘lib chiqdi.

Aksariyat kiyimlarim Vetnamda chiqarilgan ekan.

Nonushta

Image copyright WendyFlickrCC BYND 2.0
Image caption Amerikaliklarning cho‘chqa to‘shi ham Xitoy shirkatida chiqariladi

Nonushtaga xitoycha lag‘mon va yo chuchvara yemasligim aniq edi.

Dudlangan cho‘chqa to‘shi – bekon yeyman!

Cho‘chqa go‘shti ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoning eng yirik shirkati Smithfield Foods 2014 yilda Xitoyning Shuanghui International shirkati tomonidan sotib olingan ekan.

Shuanghui Virjiniyada joylashgan bu shirkat uchun qariyb 5 milliard dollar to‘lagan.

Amerikaliklar anchagacha har kuni iste‘mol qiladigan cho‘chqa to‘shi va kolbasalariga endi xitoylik bir ega chiqqaniga ko‘nikisholmadi.

Bir necha chig‘iriqlar, oziq-ovqat xavfsizligi tekshiruvlaridan keyin Kongress nihoyat bu savdoga ruxsat bergan edi.

Ana shunday qilib mening aslida xitoycha bo‘lmagan nonushtam, ta‘bir joiz bo‘lsa, "xitoycha"ga aylandi.

Texnologiya

Image copyright THINKSTOCK
Image caption Xitoydagi korxonada ishlab chiqarilgan...

Mening Amerikadagi uyimda tabiiyki bir necha elektronik mahsulotlar Xitoynikidir.

Ular qatorida iPhone va iPad bor.

Apple shirkati so‘nggi yillar Xitoydagi korxonalari va u yerda ishlovchilarning mehnat sharoitlariga doir tanqidlar ostida qoldi.

2012 yilda o‘tkazilgan Syracuse universitetitadqiqotlariga ko‘ra, iPhone mobil telefonining aksariyat qismi AQShda ishlab chiqarilishi aniqlandi.

Ammo bu faqat tadqiqot, softver, mualliflik va marketingga tegishli ekan, xolos.

Aynan shu sohalardan daromadlarning asosiy qismi kelishi aytiladi.

Ammo Xitoydagi korxonalar telefonning o‘zini ishlab chiqaradi.

Xitoyliklar ega chiqqan ko‘chmas mulk...

Applening Nyu Yokrdagi markaziy do‘koni Waldorf Astoria mehmonxonasiga yaqin joylashgan.

Aynan shu dong‘i ketgan mehmonxonani qarorgohi Pekinda joylashgan Anbang Insurance Group ( sug‘urta shirkati) 2014 yilda $1.95 milliardga sotib olgan.

Waldorf mehmonxonasida 1933 yilda AQSh prezidenti Herbert Xuverdan tortib, barcha prezidentlar mehmon bo‘lishgan.

Ammo Xitoyda joylashgan sug‘urta shirkati bu mehmonxonani sotib olar ekan, AQSh Davlat departamenti Amerika diplomatlarini boshqa bir mehmonxonaga joylashtirish masalasini ko‘rib chiqayotganini ma‘lum qilgandi.

Bu mehmonxonada bir kecha turish 600 dollardan ortiqroq turadi.

Xitoycha bo‘lmagan "xitoycha" tanishuv websayti

Grindr tanishuv saytini 2014 yilda Xitoyning kompyuter o‘yinlariga ixtisoslashgan Kunlun Tech shirkati sotib oldi.

Bu saytga 93 million dollar to‘landi.

Geylar tanishuv saytidan kuniga 3 million kishi foydalanadi.

Kinoga ketdik!

Image copyright Publicity
Image caption Bu filmlar ishlanadigan shirkat ham Xitoyga o‘tdi...

Navbat film tomoshasiga keldi.

Qovurilgan jo‘xori va kola ichimligi amerikacha bo‘lishi tayin, ammo AMC kinoteatrlar tarmog‘ini...Xitoyning Dalian Wanda Group shirkati 2012 yilda sotib olgan.

Kinoteatrlar uchun 2.6 milliard dollar to‘langan.

Ayrim amerikaliklar o‘shanda ana endi xitoyliklar qanaqa kino ko‘rishimizni ham tsenzura qilishadi, deb qo‘rqishgan edi.

Ammo unday bo‘lmadi.

Shunda ham hafsalamiz pir bo‘ldi.

Biz Legendary Entertainment shirkatida olingan filmni ko‘rmoqchi edik.

Chunki ayni shu Amerika shirkatini ham Xitoyning Wanda guruhi yaqinda 3.5 dollar naqd pulga sotib oldi.

Legendary shirkati mashhur "Yura davri parki" filmlarini ishlagan.

Xitoy mahsuloti Amerika mahsulotiga qarshi

AQShdagi supermarketlarga kirib, o‘yinchoqlar va texnologiya bo‘limini kezsangiz, aminman, "Made in China" yorlig‘ini har yerda ko‘rasiz.

Ammo kiyim-kechak, ro‘zg‘or narsalari va pardoz-andoz bo‘limlarida bu yozuv deyarli ko‘zga tashlanmaydi.

Xullas, "Made in USA" yorlig‘i butunlay yo‘qolgani yo‘q, ammo "Made in China" nafaqat Amerika, balki global iqtisodda mustahkam o‘ringa ega bo‘lmoqda.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBCUZBEK
  • Twitter - BBCUZBEK
  • Odnoklassniki -BBCUZBEK
  • Facebook - BBCUZBEK
  • Google+BBCUZBEK
  • YouTube -BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio