Oq Uy ham Putin korruptsiyaga botganiga ishonadi

Image copyright bbc

Prezident Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov so‘zlariga ko‘ra, janob Putin sha‘niga ilgari surilayotgan korruptsiyaga aloqadorligi haqidagi ayblovlar haqoratlidir.

Bundan oldin AQSh Prezidenti ma‘muriyati AQSh Moliya vazirligi nomidan e‘lon qilingan bayonotga qo‘shilishi bildirildi.

OQ Uy vakili Josh Ernest aytishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin korruptsiyaga aralashgan va o‘z mol-mulki haqidagi ma‘lumotni berkitayotgani haqidagi Moliya vazirligi xodimi aytgan so‘zlarga Oq Uy ham qo‘shiladi.

"Bu so‘zlar ma‘muriyatning nuqtai nazarini eng yaxshi shaklda aks ettiradi", deb aytgan Josh Ernest.

Shu haftada BBCning jurnalistik izlanishlarga ixtisoslashgan "Panorama" teledasturi hujjatli film namoyish etdi.

Bu hujjatli film, Rossiya Prezidenti Putinning boyligi qancha, degan mavzuga bag‘ishlandi.

Image copyright AP

Filmda AQSh Moliya vaziri o‘rinbosari Adam Shubin Rossiya prezidenti korruptsiyaga aralashgani haqida Amerika rasmiylari "ko‘p-ko‘p yillar oldin" xabardor bo‘lgan, deb aytgan.

Putin matbuot kotibi Dmitriy Peskov janob Shubin so‘zlarini isbotlash talab etiladigan rasmiy ayblov deb atagan.

Biroq Moskva bu dalillarni taqdim etishni talab qilmaydi, deya qo‘shimcha qilgan janob Peskov.

"Biz AQSh Moliya vazirligidan dalillarni talab qilib o‘tirmaymiz. Agar ular bunday rasmiy bayonotni isbot-dalilsiz qoldiradigan bo‘lsalar, bu yana o‘sha idoraning obro‘siga dog‘ tushiradi", deb aytgan Prezident Putin voizi Peskov.

Butun "Panorama" dasturi davomida mualliflar Prezident va uning matbuot kotibi janob Putin amallarida korruptsiyaga aloqador ishlar borligini, shuningdek, Vladimir Putin hujjatli filmda aytilgan qasr, yaxta, bank hisoblari va boshqa mol-mulkni shaxsan egalik qilishi haqidagi taxminlarni inkor etishlarini qayta-qayta ta‘kidlaganlar.

Oq Uy bayonoti ortidan jurnalistlar bilan muloqotda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vashingtonning bunday ayblovi haqoratli va qabul qilib bo‘lmasdir deb aytgan.

Image copyright AP

Janob Peskov so‘zlariga ko‘ra, Rossiyadagi prezidentlik saylovi oldidan Vladimir Putinni yomonotliq qilish boshlangan.

"Ummon ortida bizning saylovimizga tayyorgarlik boshlandi. Rossiyadagi prezidentlik sayloviga hali ancha bor, ikki yildan ko‘p vaqt, lekin, aftidan, tayyorgarlik hozirdanoq boshlanganga o‘xshaydi. Bizning davlatimiz rahbariga nisbatan salbiy fikr yig‘ish boshlangani aniq va bu kelajakdagi Rossiyadagi saylov kampaniyasiga bosim va ta‘sir o‘tkazish maqsadida foydalaniladi", deb aytgan Dmitriy Peskov.

So‘ng jurnalistlar janob Putinning yana prezidentlik sayloviga nomzodini ilgari surish niyati bor-yo‘qligi haqida so‘rashgan.

Janob Peskov so‘zlariga ko‘ra, Vladimir Putin hali bir qarorga kelmagan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq