Obama masjidga tashrif buyuradi

Image copyright AP
Image caption Obama Malayziya safari chog‘ida Milliy Masjidni ziyorat qilgan

Oq Uyning bildirishicha, Prezident Obama AQShdagi masjidga tashrif buyuradi.

Bu janob Obamaning o‘z prezidentligi davomida ilk bor Qo‘shma Shtatlardagi masjidni ziyorat qilishi bo‘ladi.

Vashington post ro‘znomasining yozishicha, masjidga tashrif Obama ma‘muriyatining diniy bag‘rikenglikni targ‘ib qilishga qaratilgan sa‘y-harakatlarining bir qismidir.

So‘nggi paytlarda jumladan, AQShda Islomni terror bilan bog‘lash urinishlarining kuchaygani kuzatiladi.

Aytilishicha, chorshanba kuni Prezident Obama Baltimor shahrining g‘arbiy chetidagi Baltimor Islomiy Jamiyatiga tashrif buyurib, ushbu maskanda minglab musulmonlarga xizmat qilayotgan masjid va madrasani borib ko‘radi.

Oq uy mulozimiga ko‘ra, Prezident "musulmonlarning Amerika oldidagi xizmatlarini qayd etish bilan birga, diniy erkinlikning amerikaliklar hayot tarzida muhim ahamiyat kasb etishini urg‘ulashi" kutiladi.

Janob Obama Baltimor Islomiy jamiyatida musulmon jamoasi rahbarlari bilan davra suhbati o‘tkazishi bildirilgan.

Obama xorijiy safarlari chog‘ida AQSh tashqarisidagi qator masjidlarni ziyorat etgan.

U yaqinda amerikaliklarni respublikachi nomzod Donald Tramp singari siyosatchilarning musulmonlarga qarshi chiqishlarini rad etishga chaqirgan.

Uzoq kutilgan tashrif

AQSh matbuotining yozishicha, islomofobiyadan shikoyat qilayotgan musulmon rahbarlari to‘rt yildan buyon janob Obamani masjidga tashrif buyurishga chaqirib keladilar.

Ayni paytda Obamaning tanqidchilari orasida uni "o‘zini nasroniy qilib ko‘rsatadigan musulmon" deb ishonadiganlar ham bor.

Oxirgi omma so‘rovlariga ko‘ra, amerikaliklarning 29 foizi va respublikachilarning 45 foizi Obamani musulmon deb ishonadi.

Tashrif janob Obama prezidentligining oxirgi yiliga to‘g‘ri kelmoqda.

Amerikalik musulmonlarning aksariyati Barak Obamani dastaklaydi, ammo ko‘pchilik Obama musulmonlar uchun ko‘p ish qilmadi, degan fikrda.

Arab bahoridan avval, 2009 yilda Qohirada qilgan chiqishida janob Obama Islom va terrorizm o‘rtasida bog‘liqlik borligini rad etgan edi.

Ayni paytda Obama boshqaruvi davrida AQShdagi masjidlarda musulmonlar ustidan kuzatuv olib borish kuchaygan.

Ayrim musulmon rahbarlari o‘tgan yili zo‘ravon ekstremizmga qarshi anjuman chog‘ida janob Obamaning, asosan musulmon ekstremizmiga urg‘u berganidan tashvish izhor qilganlar.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter -BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio