"ISHID Afg‘onistonda ilk viloyatiga asos soldi"mi?

Image copyright BBC Bangla

Yaqin Sharqdagi ISHID guruhining da‘vo qilishicha, qo‘shni Afg‘onistonning Pokiston bilan bevosita chegaradosh sharqiy mintaqalarida o‘zining yangi viloyatiga asos solgan.

Bor-yo‘g‘i bir necha yilning o‘zida dunyodagi eng jangari va boyvachcha guruhga aylanib ulgurgan ISHID o‘z ta‘biridagi Afg‘onistondagi yangi viloyatini Yaqin Sharqdagi islomiy xalifatining bir qismi, deb e‘lon qilgan.

ISHID ning ayni mazmundagi bayonoti qisqa vaqtning ichida Afg‘oniston sharqida kattagina hududni bosib olishga muvaffaq bo‘lishi ortidan yangragan.

Mintaqadan olingan eng so‘nggi xabarlardan ayon bo‘lishicha, bu hududlar "Al-Qoida" jangari tarmog‘i asoschisi, hozirda marhum Usama bin Lodin mintaqada o‘zining istehkomiga asos solgan Tora Bora g‘orlar majmuasini ham o‘z ichiga oladi.

So‘z esa, asosan Afg‘onistonning Pokistonning qavmlar yashovchi Vaziriston mintaqasi bilan bevosita chegaradosh sharqiy Nangarxor viloyati haqida bormoqda.

Pokistonning aynan qavmlar yashovchi Vaziristoni so‘nggi o‘n yilliklarda mintaqadagi eng yirik va asosiy jangari guruhlar boshpana topib kelgan hudud sifatida tanilgan.

Sharqiy Nangarxor viloyati esa, Afg‘onistonda kechayotgan bir necha o‘n yillik urushlar davomida barcha raqib tomonlar uchun asosiy tayanch nuqtasi vazifasini bajarib kelgan.

Ularning orasida sobiq Sho‘rolar Ittifoqiga qarshi jang olib borgan mujohiddin harakatidan tortib, Tolibon va "al-Qoida" tarmog‘igacha bor.

ISHID guruhi Afg‘onistonda rasman mas‘uliyatini o‘z zimmasiga olib chiqqan ilk qonli hujumi ham Nangarxor viloyati markazi Jalolobod shahriga to‘g‘ri keladi.

O‘tgan yil aprel oyida yuz bergan hodisa halokatli xudkushlik hujumi bo‘lgan va unda o‘nlab insonlar hayotdan ko‘z yumishgandi.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, ISHIDning so‘nggi bayonoti aynan Pokistonda o‘zining Janubiy Osiyodagi yangi tarmog‘iga asos solishidan yil o‘tib yangramoqda.

Tarmoq o‘zining mintaqadagi lideri etib Pokiston Tolibon harakatining taniqli sobiq qo‘mondonlaridan biri Hofiz Sayid Xonni tayin etgan edi.

Lekin, shunga qaramay, mintaqadan olingan eng so‘nggi xabarlardan ayon bo‘lishicha, hozirga kelib, aynan Afg‘onistonning sharqiy Nangarxor viloyati ISHID Xuroson bo‘limining asosiy istehkomiga aylanib ulgurgan.

Iqtisodi asosan qishloq xo‘jaligiga asoslangan Nangarxor poytaxt Kobulni Pokistonning aynan qavmlar yashovchi mintaqalari bilan bog‘lovchi muhim savdo-naqliyot yo‘lida joylashgan.

Shu bois ham, Nangarxor Afg‘onistonning tijorat yaxshi rivojlangan iqtisodiy tayanch nuqtalaridan biri sifatida ko‘rib kelinadi.

Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi muhim To‘rxam chegara kesishuv nuqtasi ham Nangarxor viloyatiga to‘g‘ri keladi.

Bu yo‘l Afg‘onistonda kechgan va kechayotgan so‘nggi o‘ttiz yillik urushlarda barcha tomonlar uchun nihoyatda katta ahamiyat kasb etib kelgan.

Nangarxor yaqin-yaqingacha Afg‘onistonning afyun eng ko‘p ishlab chiqariluvchi viloyatlaridan ham biri sanalgan.

Image copyright AFP

Afg‘onistondagi Tolibon tuzumi ag‘darilgan 2001 yilgi xalqaro harbiy amaliyotlar ortidan, mamlakatni tark etgan 2014 yilga qadar Nangarxor xavfsizligiga AQSh harbiylari mas‘ul ko‘rilishgan.

Nangarxor Afg‘onistonning toliblardan tashqari, mintaqada o‘zining jangariligi bilan nom chiqargan "Haqqoniy" tarmog‘i ham faol bo‘lgan viloyatlardan biri sanaladi.

Xuddi shu o‘rinda shuni alohida ta‘kidlash kerakki, bu kabi vaziyat Afg‘onistonning aynan sharqiy Nangarxor viloyatida ISHID va Tolibon jangarilari o‘rtasidagi davomiy qaqshatqich janglar manzarasida vujudga kelgan.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, Janubiy Osiyodagi qator kichiklaridan farqli tarzda, har ikki Tolibon harakati va "al-Qoida" tarmog‘i doxil Afg‘oniston va Pokistondagi yirik va asosiy jangari tashkilotlar Yaqin Sharqdagi ISHID guruhiga rasman bay‘at keltirishmagan.

ISHID bundan bir necha yil burun Yaqin Sharqda asos solgan islomiy xalifat va uning lideri Abu Bakr al-Bag‘dodiyni ham rasman tan olishmagan.

Orada O‘zbekiston Islomiy Harakati Afg‘oniston Tolibon harakatini ISHIDga rasman bay‘at keltirishga oshkora da‘vat etib chiqqan.

Harakat rahbariyati esa, buning ortidan, guruh lideri Abu Bakr al-Bag‘dodiyga ochiq maktub bilan chiqib, ularni Afg‘onistondan uzoqroq turishga chaqirgan va aks-holda buning oqibatlari jiddiy bo‘lishi bilan ogohlantirgandi.

Afg‘onistonning aynan Pokiston bilan bevosita chegaradosh viloyatlarida esa, Tolibon liderlarining ularga qarshi faol targ‘ibot amaliyotlari olib borishayotganiga oid xabarlar ham olingandi.

Toliblarning Nangarxordan tashqari, sharqiy G‘azniy, janubiy Zobul va Helmand viloyatlarida ham ISHID jangarilari bilan jangga kirishganliklari kuzatilgandi.

Image copyright AP

Ammo, xuddi shu o‘rinda ta‘kidlash joiz, Afg‘oniston sharqi, janubi-sharqi va janubidan farqli tarzda, aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh shimoli va shimoli-sharqida ISHID jangarilarining toliblar bilan ittifoqchilikka kirishgani va ular bilan ayovsiz janglar olib borishga muvaffaq bo‘layotgani ham bor gap.

Mavjud vaziyat manzarasida aksariyat harbiy tahlilchilarning birdek e‘tirof etishlaricha, Afg‘onistonda aynan so‘nggi ikki yilning ichida shakllangan bu kabi vaziyat o‘zining qorishiq ekani bilan ham xatarlidir va afg‘on hukumatini juda mushkul ahvolda qoldiradi.

Mahalliy tahlilchilarga ko‘ra, bunga, bir tomondan, Pokiston Qurolli kuchlarining so‘nggi bir necha yil ichida Afg‘oniston bilan bevosita chegaradosh qavmlar yashovchi Vaziriston mintaqasida olib borayotgan keng ko‘lamli davomiy harbiy amaliyotlari sabab bo‘lgan.

Bu amaliyotlar natijasida doimiy qarorgohlaridan mosuvo bo‘lgan va bugun IShIDning mintaqadagi tarmog‘ining asosini tashkil etayotgan Pokiston Tolibon harakatining o‘zagi mamlakatning sharqiy Afg‘oniston bilan chegaradosh g‘arbiy mintaqalaridan boshpana topgan.

Ammo shu paytga qadar ISHID mintaqaviy tarmog‘i a‘zolarining aniq soniga oid rasmiy ma‘lumotlar imkonli emas.

Harbiy doiralarda ularning soni bir necha yuzdan bir necha mingtagacha ekani taxmin etiladi.

Mintaqaviy harbiy tahlilchilar va jangari o‘zlari qilayotgan videolavhalarga asoslanib xulosa chiqariladigan bo‘lsa, tarmoq a‘zolarining aksariyatini sobiq toliblar tashkil etishadi.

Ularning orasida, bundan tashqari, bundan ikki yil burun Yaqin Sharqdagi ISHID guruhiga to‘lig‘icha bay‘at keltirgan O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolari ham bor.

Agar, so‘nggi janglar misolida olinadigan bo‘lsa, ISHID jangarilarining aynan O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolari hisobiga Afg‘onistonning Pokiston bilan chegaradosh sharqi, janubi-sharqi va janubidan aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh shimoli va shimoli-sharqi qadar faollashishga muvaffaq bo‘lgani kuzatiladi.

"Yangi viloyat" da‘vosi nimani anglatadi?

Image copyright

Aynan Afg‘onistonning sharqiy Nangarxor viloyatidagi vaziyatdan kelib chiqib baho berarkan, ayrim mahalliy harbiy tahlilchilarga ko‘ra, ISHID Afg‘oniston va Pokiston doxil butun mintaqa uchun real tahdidga aylanish potentsialiga ega.

Jumladan, Pokistondagi yetakchi Bacha Xon jamg‘armasining tahlilchisi Xodim Husaynning BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, buning uchun ISHID mintaqada aniq, nazariy va g‘oyaviy mavqe‘ga ega.

Ustiga ustak, boyligi va moliyaviy qudratining o‘ziga yangi a‘zolar yollashda bergan ustunligi nazarda tutilsa, IShID butun mintaqa uchun jiddiy tahdidga aylanish potentsialiga ega.

"ISHID Pokiston va Afg‘oniston davlatining o‘rniga ko‘z tikkanini allaqachon rasman bayon qilgan. Mintaqadan o‘ziga yangi a‘zolar yollash uchun zaminga ega. O‘z faoliyatini moliyalash uchun salmoqli manbaga ega. Ustiga ustak, dunyoning bu qismida, yillarki, jangari guruhlar tarmog‘ining mavjudligi ham ularga ustunlik beradi. Bularning barchasiga qo‘shimcha, IShID ning global jihod va bashariy islomiy xalifat qurish g‘oyasiga ham odamlarni o‘ziga jalb etmay qolmaydi", - deydi Pokistondan yetakchi tahlilchi bo‘lgan suhbatdoshimiz.

Ayni o‘rinda shuni ham alohida ta‘kidlash kerakki, ISHIDning Afg‘oniston va Pokistonda bu qadar faollashuvi har ikki Tolibon harakati saflarida jiddiy bo‘linishlar yuz bergan va harakat asoschisi Mulla Muhammad Umarning bundan uch yil qazo qilgani rasman oshkor bo‘lgan bir vaziyatda kuzatilmoqda.

Mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, ustiga ustak, harakat yangi liderlari mutlaq barchasining Afg‘oniston janubidan ekani ham mamlakatning boshqa mintaqalaridan bo‘lgan Tolibon jangarilari orasida norozilikning kuchayishiga xizmat qilgan boshqa bir omilga aylangan.

Bunda Afg‘onistonda juda kuchli bo‘lgan qavmiy va mazhabiy bo‘linishlar muhim rol o‘ynagan.

Ularning aytishlaricha, o‘zi ega bo‘lgan ulkan moliyaviy resurslar manzarasida har ikki Tolibon harakati saflarida vujudga kelgan bu kabi vaziyat Yaqin Sharqdagi ISHID guruhi uchun nihoyatda qo‘l kelgan, ularning sobiq toliblar hisobidan mintaqada o‘zlariga yuzlab yangi jangarilar yollashlari uchun zamin yaratgan.

ISHID buning ortidan, o‘nlab pokistonlik tarafdorlari vositasida Afg‘onistonning, ayniqsa, Pokiston bilan chegaradosh olis sharqiy mintaqalaridan yuzlab sobiq toliblarni o‘z saflariga tortishga muvaffaq bo‘lgan.

Ularga katta miqdorda oylik maoshi, qurol-yarog‘ va o‘z ta‘birlarida, "global jihodda ishtirok etib, shahid bo‘lish" imkoniyatini taklif qilgan.

Mahalliy tahlilchilarga ko‘ra, ayniqsa, ISHIDning boyligi hanuz dunyoning eng qashshoq davlatlaridan biri sifatida qolayotgan Afg‘onistonda mahalliy aholini ham bee‘tibor qoldirmagan.

ISHID, ayniqsa, Afg‘onistonning sharqiy Nangarxor viloyatidan ko‘plab mahalliy yoshlarni ham o‘z saflariga jalb etishning uddasidan chiqqan.

Afg‘onistonning 34 ta viloyatidan bittasi bo‘lgan Nangarxor aholisining soni esa, qariyb bir yarim million kishi atrofida ekani taxmin etiladi.

Agar, mintaqaviy tahlilchi suhbatdoshimiz Xodim Husaynning so‘zlariga tayanilsa, ular Suriya va Iroqning o‘zida jang qilish uchun yollashga ulgurgan odamlarning soni ham ozmuncha emas.

Image copyright Getty

Uning aytishicha, ISHID shu paytgacha mintaqadagi jangari guruhlar sindikatiga boshchilik qilib kelgan "al-Qoida" tarmog‘ining o‘rnini egallash potentsialiga ham ega.

"ISHID g‘oyaviy jihatdan allaqachon mintaqada o‘z o‘rnini topgan. Bunda guruhning Suriya va Iroqda kattagina hududni bosib olib, o‘z islomiy xalifatiga asos solgani voqe‘ligi ham ozmuncha ta‘sirga ega bo‘lmagan. Buning ortidan, ISHID mintaqada o‘zining tarmog‘iga, so‘ngroq, hatto, FM radioasiga asos solgan. ISHIDning FM radiosi joriy paytda Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi qavmlar yashovchi ulkan hududlarni qamrab oladi. Ustiga ustak, guruh Afg‘oniston va Pokistonning chegara mintaqalarida o‘zining harbiy tayyorgarlik jamloqlariga ham asos solgan. Pokistonning Feysalobodi, Panjob, Kvetta, Karachi shaharlaridan tortib, Afg‘onistonning shimoli qadar o‘ziga yangi a‘zolar yollash darajasiga yetgan. Jang olib borish uslubi shafqatsiz ekani va mintaqada allaqachon ega bo‘lgan ustunliklari nazarda tutilsa, ISHID butun mintaqa uchun real tahdidga aylanish imkoniyatiga ega", - deydi Pokistondan tahlilchi Xodim Husayn.

Qorishiq baholar...

Image copyright

Xuddi shu manzarada afg‘on rahbariyatining ISHID xavfini pasaytirib ko‘rsatuvchi ustma-ust bayonotlari yangragan esa-da, Afg‘oniston ichkarisida guruh jangarilarining mahalliy toliblar bilan ittifoqchilikda shu yil bahorida qaqshatqich hujumlar uyushtirish, mamlakat shimoli-sharqida ham o‘z viloyatlariga asos solishi ehtimolidan xavotirlar jiddiy.

Jumladan, Afg‘oniston parlamenti quyi palatasi kuni-kecha mamlakat barcha kuch tizimlari rahbarlarini o‘z huzuriga chorlagan, ularning bu kabi ehtimolga qanchalik tayyor ekanliklari bilan qiziqqandi.

BBC O‘zbek Xizmati suhbatlashishga muvaffaq bo‘lgan ayrim parlament vakillariga ko‘ra, aynan xalqaro koalitsiya tomonidan Yaqin Sharqda olib borilayotgan harbiy amaliyotlar bosimi ostida IShID saflaridagi yuzlab Pokiston va afg‘onistonlik jangarilarning jang qilish uchun ortga qaytishlaridan ham tashvishdalar.

Afg‘oniston parlamentida bo‘lib o‘tgan xuddi shu majlis tafsilotlaridan ayon bo‘lishicha, jangarilar bahorgi hujumlariga tayyorgarlik mamlakat rahbariyati darajasida olib borilmoqda.

Xuddi shu manzarada rasmiy Pentagon Afg‘onistondagi harbiylariga o‘z xavfsizliklariga tahdid solgan taqdirida qolgan barcha jangari guruhlar qatorida ISHIDning mavqe‘lariga ham hujum qilish huquqini bergan, AQSh Mudofaa vazirligining bu qarori mintaqadagi aksariyat uchun kutilmagan bo‘lgandi.

O‘z Davlat departamentining terrorchi tashkilotlar "qora ro‘yxati"ga kiritilgan esa-da, AQSh harbiylari shu paytgacha Afg‘onistondagi ISHID xavfining minimal ekanini ta‘kidlab kelishayotgandi.

Yaqin Sharqdagi ISHID guruhining Afg‘oniston sharqida o‘zining "yangi viloyatiga asos solgani"ga oid bayonoti esa, xuddi ana shu xabarlar ortidan o‘rtaga chiqqan.

So‘nggi bayonoti manzarasida tahlilchilar yana bir muhim nuqtaga – boshqa ekstremist jangari tashkilotlardan farqli tarzda, ISHID o‘zi bosib olgan hududlarni osonlik bilan qo‘ldan boy bermasligi va ularni yanada kengaytirishga jon-jahdi bilan harakat qiluvchi guruh ekaniga e‘tibor qaratishgan.

Boshqa tomondan, ISHIDning so‘nggi da‘vosi Yaqin Sharqdagi islomiy xalifati har tomondan G‘arb va Saudiya Arabistoni boshchiligidagi harbiy ittifoqning havo hujumlari ostida qolgan bir vaziyatda yangragan.

Mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, Afg‘onistonda har tomondan o‘z ta‘sir doirasini kengaytirish Yaqin Sharqdagi ISHID guruhi uchun xuddi shu jihatdan ham muhim.

Ammo, ularning ta‘kidlashlaricha, ISHIDning mintaqaga oid rejalarining taqdirini Yaqin Sharqda guruh ishtirokida kechayotgan janglarning natijasi belgilaydi.

Agar, rasmiy Pentagonning da‘volariga tayanilsa, ISHID mintaqada butun dunyo bo‘ylab o‘z hujumlarini uyushtirishga asos beruvchi yangi istehkomiga asos solishni maqsad qilgan.

Afg‘oniston sharqidan olingan eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra esa, AQSh harbiylari 1 fevral kuni ISHIDning sharqiy Nangarxor viloyatidagi qator ob‘ektlariga havodan turib zarba berib ham ulgurishgan. Guruhning viloyatda asos solgan "Xalifat ovozi" radiosini ishdan chiqarishgan.

Ayrim xalqaro harbiy tahlilchilar esa, xuddi shu manzarada so‘nggi yillarga kelib global jihod g‘oyasining xalqarolashib ulgurganiga e‘tibor qaratishgan, buning xavfli tendentsiya ekanini ta‘kidlashga tushishgan.

Britaniyadan bo‘ladimi, Amerika, Turkiya, Indoneziya, Burkina Faso yoki Afg‘onistonning olis bir hududidan, barcha jangarilarning yagona bir oqlov asosida zo‘ravonliklarga qo‘l urishga o‘tishganini urg‘ulashgan.

Ularga ko‘ra, har qanday sharoit va ma‘noda ham, ISHIDning Afg‘onistonga oid rejalariga panja ortidan qarab bo‘lmaydi va joriy paytda guruh mintaqa uchun yangitdan bo‘y ko‘rsatayotgan xavfga aylanganini e‘tirof etmaslikning iloji yo‘qdir.

Ayrim mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, bunga, qisman Afg‘oniston va Pokiston hukumatlarining o‘zlari ham sababchi bo‘lishgan, o‘tgan ikki yarim yil ichida mintaqada ISHIDning hozirligini tan olmay kelishgan.

ISHID mintaqadan faollik bilan o‘ziga yangi a‘zolar yollayotganiga oid xabarlar va tahlilchilarning baholarini inobatga olmaslikni ma‘qul ko‘rishgan.

Ularning aytishlaricha, boshqa tomondan, o‘tgan bir necha o‘n yil davomida mintaqada ISHIDga o‘xshash guruhlarning faollashishi uchun zamin ham paydo bo‘lgan.

Yana bir tarafdan, urush iqtisodiyoti bu mintaqada ham allaqachon ildiz otib ulgurgani ISHIDning faollashuviga imkon hozirlagan salmoqli omillardan biriga aylangan va tahlilchilarga ko‘ra, hozir buning orqasidan kun ko‘rayotgan insonlarning soni bir necha mingga yetgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq