OI: "Kreml Ramzan Qodirovga chora ko‘rsin"

Image copyright AP
Image caption Ramzan Qodirovning videosi tahdid deya ko‘rilmoqda

Ovro‘po Ittifoqining Rossiyadagi elchisi Vigaudas Ushatskas Checheniston rahbarining muxolifatchi Mixail Kasyanovga qilgan tahdididan larzaga kelganini aytdi va Rossiya hukumati zudlik bilan chora ko‘rishga chaqirdi.

Yakshanba oqshomida Qodirov o‘zining Instagramdagi hisobida Kasyanov mergan miltig‘i nishoni ostida aks etgan videorolikni chop qilgan.

Bir kun o‘tgach u bu videoni olib tashladi.

"Ovro‘po Ittifoqining Rossiyadagi elchisi Qodirovning Rossiya siyosiy muxolifatiga qarshi qilgan bayonotini demokratik jamiyat uchun nomaqbul deb biladi", - deyiladi Moskvadagi OI elchixonasi bayonotida.

Ayni damda Qodirovning o‘zi Rossiya muxolifatiga murojaat qilib, agar uning harakatlari yoki so‘zlari ularga yoqmasa, sudga murojaat qilishlariga chaqirdi.

"Men - qonunga bo‘ysunuvchi fuqaroman, har bir so‘zimga javob beraman va o‘zimning fikrimda qat‘iy qolaman", - deb yozdi u Instagramda.

Kremlda chechen rahbarining so‘zlariga hali ham munosabat bildirishmadi.

Kecha Prezident Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml Qodirovning Instagramini kuzatib bormasligini aytdi, ammo "nima haqida gap ketayotganiga bir qarab" qo‘yishini va‘da qildi.

PARNAS partiyasining rahbarlari Mixail Kasyanov va Vladimir Kara-Murza-mladshiy o‘zlarining nishon ostida aks ettirishlarini qotillikka chaqiruv deya baholashgan va huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishlarini aytishgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio