Turkiya rossiyalik jurnalistlar uchun viza joriy qiladi

Image copyright AFP
Image caption Bundan oldin Rossiya Turkiya fuqarolariga viza tartibini joriy etgandi

Rossiyalik jurnalistlar Turkiyaga ish safari qiladigan bo‘lsalar, maxsus viza olishlari kerak bo‘ladi.

15 fevraldan boshlab Turkiyaning Rossiya jurnalistlari uchun viza tartibi kuchga kiradi.

Bu haqda Turkiyaning Moskvadagi elchixonasi bildirgan BBCga.

Rossiyaga ish yuzasidan borgan turkiyalik jurnalistlar uchun ham viza tartibi amalda ekani aytilgan.

Qisqa muddatli xizmat safarlari bilan Turkiyaga boradigan jurnalistlar kamida olti oylik viza olishlari lozim.

Image copyright AFP
Image caption Rossiya uchog‘i urib tushirilishi ortidan Moskva va Anqara munosabatlari sovuqlashgan

Bundan oldin Rossiya Turkiya fuqarolariga viza tartibini joriy etgandi.

Bu qaror 2015 yil 24 noyabrda Turkiya qiruvchi uchoqlari Rossiyaning Su-24 samolyotini urib tushirgandan keyin Moskva tomonidan kiritildi.

Turkiya tomoni o‘z amalini Rossiya uchog‘i mamlakat havo hududini buzib kirgani bilan izohlagan. Rossiya bu iddaoni rad qilib keladi.

"Agar Turkiyaning suveren huquqlarini buzishni davom ettiradigan bo‘lsa, Rossiya uchun oqibatlari yomon bo‘ladi. Bunday mas‘uliyatsiz qadamlar Rossiya Federatsiyasining foydasiga ham, Rossiyaning NATO bilan munosabatlariga ham, mintaqa va butun dunyodagi tinchlik foydasiga ham xizmat qilmaydi", deb aytgan oldinroq Prezident Erdo‘g‘on Istanbulda jurnalistlarga.

Bu voqea ortidan Rossiya Turkiyaga qarshi qator sanktsiyalar kiritgan. Jumladan, Turkiya oziq-ovqat mahsulotlarini mamlakatga olib kirish hamda Turkiyaga sayohat chiptalari sotish taqiqlandi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio