“Prezidentning tarixdan xabari bormi?”

Image copyright httpwww.president.tj
Image caption Prezident Rahmon

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon yana mamlakat qishlog‘u shaharlarining tarixiy nomlarini qayta nomlashga tushgan.

Jurnalistlarga ko‘ra, Imomali Rahmonning talab va takliflari bilan asosan kelib chiqishi turkiy bo‘lgan joy nomlari o‘zgartirilmoqda.

Mamlakat shimolidagi Qayroqqum shahri Gulistonga, Sho‘rolar davrida qad rostlagan Chkalovsk esa Bo‘ston deb ataladigan bo‘ladi.

G‘onchi rayoni Devashtich, Qayroqqum suv ombori esa “Bahri Tojik” yoki Tojik dengiziga aylanadi.

Qumsangir – Jayhun: Tavildara- Sangvor;Jiliko‘l – Do‘sty; Sho‘robod –Shamsiddin Shohin.

Prezident matbuot xizmatidagilar ayni amallar “vatanparvarlik va milliy qadriyatlar”ni tiklash yo‘lida qilayotganini aytishgan.

Muqaddam Tojikistonda boshqa kelib chiqishi turkiy bo‘lgan qator joy nomlari almashtirilgandi.

Ular qatorida Istarafshanga aylangan O‘ratepa shahri va Spitanmenga evriltirilgan Nov ham bor.

Qatag‘an qishlog‘i Zarzamin, O‘tkansoy - Chashmasor, Qamishqo‘rg‘on - Mehrobod, Oqtepa - Istiqlol, Yangihayot - Hayoti nav, Qayrag‘och - Obodon, Yangiko‘chkak - Somoniyon, Tag‘oyqo‘ychi - Istiqloliyat,

Kattaqishloq - Xurramobod, Kenagas - Mehrobod, O‘rtaqo‘rg‘on - Hazorchashma, Qorabo‘yin - Gulobod, Qizili - Lolazor, Qiyg‘ir - Shohin Qulanbosh - Guliston, Qaznoq - Zarkor, Qo‘shqo‘rg‘on - Sug‘diyon,

Yangiqo‘rg‘on - Navkent, Tovoqbuloq - Chashma, Jarbuloq - Oriyon, Quruqsoy - Obshoron, O‘roqli - Temurmalik deb o‘zgartirilgan.

Hamma ham mamnun emas
Image caption "Avval iqtisodni tiklang!"

“Prezidentning tarixdan xabari bormi? Bu yuz yillik, ehtimolki ming yil tarixni buzishdan boshqa hech narsa emas. Tarixni tiklaydigan bo‘lsa, mayli, Sho‘rolaru kommunistlar davrini o‘zgartirsin, avvalgi nomlariga qaytarsin, ammo kelib chiqishi turkiycha bo‘lgan joy nomlarini o‘zgartirish tom ma‘noda johillikdir”, deydi tojikistonlik ziyolilardan biri.

Bundan bir yarim yilcha avval Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon kuni-kecha Gulistonga aylantirilgan Qayroqqumni Oriyonkant deb nomlashni taklif qilgan edi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Tojikistonda joy nomlari o‘zgartirilgani bahsu munozalarga sabab bo‘lgan.

Ayrimlar Tojikistonning Guliston shahri qo‘shni O‘zbekistonning ayni shu nomdagi shahridan bor- yo‘g‘i bir soatlik yo‘l ekaniga e‘tibor qaratishgan.

Chkalovsk Bo‘stonga aylantirilgan ekan, bu bir viloyatda paydo bo‘lgan ikkinchi Bo‘ston nomli joy bo‘lib qolgan.

Ba‘zilar esa vatanparvarlik va milliy qadriyat tuyg‘ulari joy nomlari tojiklashtirish orqali emas, mamlakat iqtisodini qo‘shnilar havas qilgulik darajada tiklash, bag‘rikenglik va teng huquqlilikni ta‘minlash bilan uyg‘otilishi kerak deb yozishgan.

“Hammaga toj kiydirganing bilan shohlar millati paydo bo‘lmaydi”, deb kinoya qiladi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbekInstagram - BBC UZBEKTwitter -BBC UZBEKOdnoklassniki - BBCUZBEKFacebook - BBC UZBEKGoogle+ BBC UZBEKYouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq