'Do‘konlarning buzilishi muhojirlarga ta‘sir qiladi'

Image caption Moskvada qator savdo do‘konlari noqonuniy qurilgan deb buzilmoqda.

Moskvada seshanbaga o‘tar kechasi savdo pavilьonlarini ko‘chirish bo‘yicha yirik kampaniya boshlangan. Moskva shahar hukumati ularning qurilishini noqonuniy deb topgan. Aytilishicha, hozircha 97 bino buzilishi tasdiqlangan.

Shunday binolar qatoriga kichik do‘konlar bilan birga "Pushkin" metrosi oldidagi "Piramida" savdo markazi, "Shchelkovskaya" metrosi yaqinidagi "Albatros" va "Chistыe prudы" savdo markazlari, "Kropotkinskaya", "Arbatskaya", "Ulitsa 1905 goda", Lyusinovskaya, Marksistskaya va boshqa ko‘chalardagi savdo qatorlari kiritilgan.

Xabarlarga ko‘ra, pavilьonlar buzilayotgan paytda ularning ichida odamlar ham bo‘lgan, ya‘ni ko‘p savdogarlar oldindan ogohlantirilmagan.

Ba‘zi savdo xodimlari o‘zlarining maxsus ruxsatnomalari borligini aytib bosh prokuror Yuriy Chayka va shahar hokimi Sergey Sobyaninga murojaat qilganlar.

Demontaj ishlariga bir vaqtning o‘zida 7000 dona texnika jalb qilindi, deb aytgan ko‘chmas mulk bo‘yicha Moskva davlat inspektsiyasi raisi Sergey Shogurov.

Unga ko‘ra, noqonuniy qurilgan binolarning ko‘pchiligi telefon, gazprovod, issiqlik va elektr liniyalari ustida joylashgani uchun ham xavfsizlik yuzasidan talabga javob bermaydi.

Moskva biznes-ombudsmeni esa do‘konlar egalarini shahar hukumati bilan sudlashishni maslahat bergan.

Kompensatsiya masalasi bilan sud shug‘ullanadi. Ko‘p tadbirkorlar o‘zlarining mulkini baholab, Konstitutsion sudga murojaat tayyorlay boshlaganlar. Tadbirkorlar hukumatdan do‘konlarini buzilishini izohlab berishni so‘rashgan.

Ma‘lumki Markaziy Osiyodan borgan ko‘plab mehnat muhojirlari asosan maishiy xizmat ko‘rsatish sohalarida, savdo shahobchalarida ishlab pul topishadi.

Bi-bi-si Moskvadagi inson haqlari faoli Bahrom Hamroyevdan bu o‘zgarishlarning mehnat muhojirlariga ham ta‘siri bo‘ladimi?-deb so‘radi.

Huquq faoliga ko‘ra, bu holat eng avvalo ishsizlikni oshiradi. Do‘konlarning buzilishi shaharning tashqi ko‘rinishi uchun emas, ko‘proq xavfsizlikni o‘ylab amalga oshirilyapti, deydi u.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter -BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon