"Uy Qirg‘izistonga, yashovchisi Tojikistonga qaraydi"

Ikki davlat chegaralari aniqlanmagan bahsli hududlarda tez-tez yuz beruvchi bu kabi nizolar, aholi orasida turli xil ziddiyatlarga sabab bo‘lmoqda.

6 fevralda Qirg‘iziston chegarachilari Botken viloyatining Laylak tumani Maqsat qishlog‘ini, Tojikistonning Ovchiqalacha qishlog‘i bilan kesishgan joyidagi ikki uy tomiga Qirg‘iziston bayrog‘ini o‘rnatganlar.

Tojik fuqarolari Abdug‘affor Jalolov, Muxammadali Abdulaliyev va qo‘shnilari qirg‘iz chegarachilarining bu harakati noqonuniy ekani, ushbu hudud hali beri aniqlanganicha yo‘qligini aytganlar. Qolaversa, Tojikistonning Ovchiqalacha jamoasining yetakchisi Ergash Jo‘rayev qirg‘izistonlik hamkasblari bilan bu masala bo‘yicha gaplashganini ham qo‘shimcha qiladi.

Tojikistonning So‘g‘d viloyati hududiy chegara xizmati boshlig‘i Muxamad Jafarov ham Qirg‘iziston chegara xizmatining bu harakatini provokatsiya deya atab, hali aniqlanmagan chegarada yashovchi insonning uyiga bayroqni o‘rnatilgani yuzasidan hamkasblaridan tushuntirish ma‘lumotini olmaganini aytadi.

Qirg‘iziston chegara xizmatining matbuot kotibasi Gulmira Bo‘ruboyeva qirg‘iz chegarachilarining hatti-harakatlari qonuniy ekanligini, bayroq ilingan uylar Qirg‘izistonga tegishli ekanini bildirgan.

"Maqsat qishlog‘ida bayroq o‘rnatilgan uy Qirg‘izistonlik odamga teshigli. Tojikiston fuqarolari u yerda vaqtinchalik yashab turishibdi" – degan Gulmira Bo‘ruboyeva

Hozirgi kunda Maqsat qishlog‘ida yuzdan ortiq oila yashaydi. Ushbu qishloq 1996 yili Tojikiston bilan chegarani mustahkamlash maqsadida davlat tarafidan suv tutuklari tortilib, barpo etilgan. Davlat aholiga maxsus uylarni qurib, boshqa yerdan odamlar ko‘chirib olib kelingan. Bunga Tojikiston fuqarolarining bo‘sh joylarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishlari sabab bo‘lgan.

Hozirda bayroq o‘rnatilgan uy ham Qirg‘iziston hisobida qayd etilgan bo‘lib, tojik fuqarolari ijaraga olgan. "Uyda yashayotganlarni chiqarish hukumatning qaroriga yarasha bo‘ladi" – deydi Maqsat qishloq hududidining boshchisi Qubatbek Sulaymanov.

"Haqiqatan u yerlar biznikidir, bizda qayddan o‘tgan. U uyda Tojikiston fuqarosi yashayotgan ekan. Biz uyning egasini topib, aniqlashtiryapmiz. U yer o‘zimizning hudud ekanligiga ishora qatori, o‘zaro ma‘qullashgan holda bayroqni ilib qo‘ydik. Endi, o‘shanga qo‘shnilar kuyikayapti. Hech qanday aniqlanmagan joy emas" – deb e‘tirof etadi qishloq boshchisi.

Qulundi qishloq hududi Tojikiston bilan chegaradosh bo‘lib, dala, yo‘l, suv va yer sabab aholi orasida tez-tezda nizolar chiqib turadi.

Qishloq boshchisi Qubatbek Sulaymanov ikki davlat chegaralarini aniqlashtirish ishlari tezroq yakunlasa, "o‘sha yerlar qayta Qirg‘iziston hisobiga o‘tib, muammo hal bo‘lsa, nizolar bartaraf etilar edi" deya fikr bildiradi.

"Tojikiston fuqarolari bizning qishloqdan umumiy 37 gektardan oshiqroq yerni noqonuniy egallab olishgan. Uylarni solgan. Shu kabi harakatlar kuch olgani uchun o‘sha paytda prezident Asqar Aqayev maxsus pul ajratib, uylarni soldirgan va chegarani mustahkamlashni boshlagan. Chegaralarni aniqlash ishlari tezroq yakunlansa, bu kabi baxslarga nuqta qo‘yilar edi" – deydi Qubatbek Sulaymanov.

Bu orada "Ozodlik" radiosining tojik xizmati jurnalisti Masum Imamov voqea bo‘lgan hududdan xabar tayyorlayotgan paytda, qirg‘iz chegarachilari tarafidan, davlat chegarasini "noqonuniy buzib kirganligi" deya qo‘lga olingan va qariyb 8 soat ushlab turilgan, so‘ngra qo‘yib yuborilgan. Jurnalist o‘ziga qo‘yilgan ayblarni rad etib, hududda ikki davlat chegaralarini ko‘rsatuvchi belgilar yo‘qligini aytgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq