Ingliz mehmonning "O‘zbekiston" kundaligi - Kun 1

Image copyright joeltennant

BBC angliyalik sayyoh, Haffington Post bloggeri Joul Tennantning O‘zbekiston bo‘ylab safari chog‘ida yozgan kundaligidan parchalarni sizga taqdim etmoqda.

O‘tgan noyabr oyida menga ish safari bilan O‘zbekistonga borish nasib etdi. Safarim haqida birovlarga gapirsam, munosabat ikki xil bo‘ldi: 1) "Unday mamlakat haqida hech eshitmagan ekanman", 2) "U terrorchilar bor joy emasmi?" Aytish joiz, ikkala munosabatning ham menga nafi tegmadi. Men o‘zi har doim uchishga qo‘rqqanman, bo‘lar-bo‘lmas narsaga xavotirlanaman. Peshonamga nima yozilgan bo‘lmasin, bilardimki, bu mening hayotimni o‘zgartiradigan safar bo‘ladi. Yaxshi tomonga o‘zgarsin, deb niyat qildim.

O‘zbekiston poytaxti bo‘lmish Toshkent, mashinalarning quloqni kar qiladigan shovqiniga qaramay, arvoh shaharga o‘xshardi. Yo‘l chetlarida va yo‘laklarda odamlar yurishibdi, lekin do‘konlarga hech kim kirmaydi. Idoralar ham ko‘rinmaydi. Sovuq urush davridan qolgan Rossiya mashinalari shaharni bir necha joyidan kesadigan sakkiz yo‘lakli katta yo‘llarda har tomonga shoshiladilar, lekin mutlaq zarurat tug‘ilmaguncha, hech kim tormoz bosmas ekan. Sovet tarixi bu shaharga quyuq soya solib turibdi. Maktabda o‘qigan tarix kitoblarim va ko‘rgan filmlarimdan Sovet shahrini mana shunday tasavvur qilardim. Toshkentga qo‘nayotganimda, sho‘rolarning baland, o‘tkir chiziqli, g‘ayritabiiy va hissiyotlarsiz binolari osmonga o‘qtalib turardi. Agar O‘zbekiston hali bu me‘morchilikdan qutulolmagan bo‘lsa, unda o‘z sovet o‘tmishidan qanday qutulgan ekan, deb o‘ylab qoldim.

Image copyright joeltennant

Ko‘chalar osoyishta, turli millat vakillari bir-biri bilan gaplashgan va jilmaygan, boshqalar esa telpaklar va sharflarga o‘ranib olgan, jiddiy, unsiz. Hamma joyda rang-barang forma kiyib olgan gala-gala odamlar ko‘chada qora ish bilan mashg‘ul. Aftidan yetmish yo saksonlarida bo‘lgan bog‘bonlar cho‘pdan yasalgan supurgilar bilan barglarni to‘playdi.

Qizil maydonga bordik. U yerda Leninning haykalini olib tashlab, ona va bola haykalini tiklashgan. U yerda boshqacha rangli formadagi horg‘in ikki kishi favvora atrofidagi beton plitalarni birma-bir ko‘tarib, tagini teshacha bilan tozalashar, keyin plitani qaytarib qo‘yishardi. Keyin, yonidagisini ko‘tarib, xuddi shu ishni takrorlashardi. Atrofimga qarab, bu maydonda nechta plita borligini xayolimga ham sig‘dirolmadim. Hammasini ko‘tarib chiqishmas, deb umid qildim.

O‘zbekistonda, guvoh bo‘lganim, hamma jamoatchilik ishlarini qahri qattiq xavfsizlik zobitlari nazorat qilib turadi. Militsionerlarni men qo‘riqchilardan ajrata olmadim.

Image copyright joeltennant

Hamma narsa yangi ko‘rinsa-da, misli ko‘rilmagan darajada horg‘in. Suyaginggacha yetib boradigan sovuq havo go‘yoki atrofga mo‘‘jizaviy noqulay kayfiyat bag‘ishlaydi. Parlament oldidagi maydon huvillab qolgan, Milliy xavfsizlik xizmati binosi esa bo‘m-bo‘shga o‘xshaydi. Bu yerda mashinalar va yo‘lovchilardan tashqari biron jon bormi?

Osoyishta ko‘chadagi bir restoran tashqarisida qahva ichib suhbat qurdik. Bizning gidimiz ajoyib yigit, jo‘shqin, turli g‘oyalarga to‘la. U men guruhimizdagi yagona tamaki chekmaydigan shaxs ekanimni aniqlagach, qo‘limni qisadi. U ham chekmas ekan. Yana bir qahvadan keyin gurung qizir ekan, undan ishqiy hayoti haqida so‘raymiz. U chuqur uh tortib, boshini silkitadi. "To‘rt yildan beri bir qizni telbadek sevaman", deydi u. Endi uylanishidan avval uy sotib olish uchun pul yig‘ishi kerak ekan. U juda romantik bola. Buni uning chehrasidan uqib olish mumkin. O‘z sevgilisi visoliga yetishish uchun u tinmay mehnat qilishga tayyor.

So‘ng Toshkent chekkasidagi eski madrasaga tashrif buyurdik. U yerda poyafzalimizni yechib, sokin va iliq xonadagi qadimiy Qur‘onni ko‘rishga kirdik. Uni o‘qiyotganida o‘ldirilgan odamning qon tomchilari bahaybat charm varaqli kitobning betlariga singib ketgandi. U yerdagi qo‘riqchi bizni xush ko‘rmaganini seza boshladik. Xonadan chiqib, yog‘ochdan yasalgan jihozlarni tomosha qildik. Hunarmandlar ingliz tilida tortinib-tortinib bizga o‘z mahsulotlarini sotib olishni taklif qilishdi.

Image copyright joeltennant

Kechqurun esa "Karavan" nomli restoranga ovqatlanishga bordik. Gidimiz taqvodor musulmon, lekin tatib ko‘rishimiz uchun bizga mahalliy qizil sharobni taklif qildi. Dasturxon esa hech birimiz yeb tugata olmaydigan oziq-ovqatga to‘ldi. Shu stol atrofida u bilan haqiqiy til topishdim - ikkimiz ham kino jinnisi ekanmiz! U ham, menga o‘xshab "Interstellar" filmini juda yaxshi ko‘rishini bilganimdan keyin, tarixdagi barcha fantastik filmlarni qizg‘in muhokama qilishga tushib ketdik. Xuddi ko‘p yillar avval yo‘qotib qo‘ygan do‘stimni qayta topgandek bo‘ldim. Bu yiroq yurtda men uchun hamma narsa "boshqacha" edi, lekin o‘sha paytda men o‘zimni uydagidek his qildim.

Shahar bo‘ylab mashinada ketar ekanmiz, suhbatni kimdir Islomiy Davlatga buradi, lekin ayni damda, hech kim bu so‘zlarni ishlatgisi kelmayotgandek. Gidimizning yuzidan tabassum aridi. Unda uyat, keyin esa g‘azabni ko‘rdim. "Qur‘onda ularning qilmishlarini oqlaydigan hech narsa yo‘q. Ular dindorlar emas, banditlar to‘dasi", deydi u. Bu dahshatli jinoyatlar uning e‘tiqodi nomidan qilinayotganidan uning juda dili og‘rigan.

Kamtargina mehmonxonamga qaytib kelganimda, o‘zimni yana xorijlikdek his etaman. Devorlar va pardalardan sigaret isi keladi, karavotim yonida esa kuldon. Ichishdan oldin suvni qaynatib oldim. Keyin uzoq vaqt issiq dush olib, uxlashga yotdim. Tanam charchasa-da, miyam uyg‘oq edi. Chunki atigi bir necha soatdan keyin, tonggi to‘rtda qadimiy Xivaga uchamiz.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio