Ovro‘po bo‘ylab: "Men qochqin emasman", ammo

Ha, bu - jon ilinjida o‘z yo‘llarini avval Yunoniston, so‘ngra Olmoniyaga qarab solgan qochqinlarning bor kechmishlarini birga o‘z boshidan kechirgan 23 yoshli Modi Freyzerning hikoyasi: Modi Freyzer yaqinda universitet diplomini qo‘lga olgan britaniyalik yosh faollardan. Bu kabi imkoniyat Modi Freyzerda o‘tgan yil kuz oylarida paydo bo‘ladi. Ijodini asosan urush mavzusiga bag‘ishlagan ijodkor Arabella Dormanga uning ko‘magi lozim bo‘lib qoladi. Arabella Dormanning so‘nggi ijod namunalari esa, aynan o‘z vatanlaridagi davomiy qurolli nizolardan qochib, muhojirlikka yuz tutgan insonlarning taqdirlariga bag‘ishlangan. Deylik, uning London cherkovlaridan birida namoyishga qo‘yilgan va "Parvoz" deb nomlangan asarida qochqinlarning dengizga ag‘darilib ketgan rezina qayig‘i va unga osilib qolgan qutqaruv nimchalari ifodalangan. Modi Freyzer va Arabella Dormanni ana shu asardagi manzara aks etgan Yunonistonning Lesbos oroli uchrashtiradi. Oradan hafta o‘tib, Modi orolda tashkil qilingan qochqinlar jamloqlaridan birida ko‘ngilli sifatida o‘z faoliyatini boshlab yuboradi. Lesbos oroliga qochib kelayotgan qochqinlarni qayddan o‘tkazish ishlarida ko‘mak beradi. O‘z yo‘llarini Yunonistonning Lesbos orolidan shimoliy Ovro‘poga qarab solayotgan qochqinlarga qo‘shilib, ularning kechmishlarini qog‘ozga tushirish g‘oyasi unda shu yerda paydo bo‘ladi. Modi Freyzer aslida o‘zining vaqti va shaxsiy huzur-halovatidan voz kechib, o‘z hayotini taqdirning hukmiga havola etgan qochqinlarga ko‘mak berishni maqsad qilgan minglab ko‘ngillilardan biri. Modi o‘z fotokamerasiga muhrlashga muvaffaq bo‘lgan suratlar va qaydlari, ma‘lum ma‘noda, ularning bu kabi qarorlari sababini tushunishga ham yordam beradi:
Image caption Qurolli nizolardan qochib, Yunonistonning Lesbos oroli shimoliga rezina qayiqlarda yetib olgan qochqinlar

"Tan olishim kerak, Lesbos orolida ekanman, Arabella Dormanga durust-quruq yordamchilik ham qila olmadim. Arabella surat chizish yoki aksga tushirish bilan mashg‘ul bo‘lgan paytlarida uni yolg‘iz tashlab ketgan paytlarim ko‘p bo‘ldi. Orolga navbatdagi qayiq yetib kelganini eshitsam bo‘ldi, qochqinlarga ko‘mak berish uchun o‘sha yerga chopib ketardim. Arabella menga u yoki buni uzatib yubor, degan paytda, qo‘lim bolalar bilan band bo‘lardi", - deydi Modi.

Modi, alal-oqibat, Lesbos orolining yuz minglab qochqinlarga oraliq yo‘l vazifasini o‘tayotgan bandargoh Molivos shahrida faoliyat yurituvchi "Starfish" nodavlat tashkiloti safiga qo‘shiladi.

Image caption Bular Yunonistonning shimoliy qirg‘oqlarida katta sondagi qochqinlardan qolgan rezina g‘ildiraklaru, qutqaruv nimchalari...

"Men "Starfish"ning qochqinlar uchun mo‘ljallangan tranzit jamlog‘ida ishladim. Meni jamloqda oziq-ovqat ishlariga mas‘ul qilib qo‘yishdi. Zaxiramiz qanchaga yetadi, yana qancha buyurish kerak, deb doim band bo‘lar va hatto, shunchaki qochqinlarga sendvich, banan va suv tarqatardim. G‘arq bo‘layotgan qochqinlarni qutqarishadi, hayotlarini asrab qolishadi, deb, odamlar, odatda, ko‘ngilli bo‘lishni qahramonlik, deb ham bilishadi. Ammo men qochqinlarga oziq-ovqat tarqatayotgan xonada o‘tirib olib, minglab sendvich qilayotgan ko‘ngillilar ham bor ediki, ular qilayotgan ana shu oddiygina ishning ahamiyati ham, aslida, beqiyos", - deydi Modi.

Image caption Lesbosda Modiga o‘xshab qochqinlarga ko‘mak berayotgan ko‘ngillilarning soni oz emas

Suhbatdoshimizning aytishicha, Lesbosda o‘zlarinikidan tashqari, yana o‘nlab nodavlat tashkilotlari va minglab ko‘ngillilar faoliyat olib borishadi.

"U yerda Gollandiya, Skandinaviya davlatlaridan kelgan ko‘ngillilarning soni juda ko‘p. Keyin Angliyadan borganlari bor. Turli yoshdagi odamlar. Ulardan tashqari, aslida, hordiqqa borganu, vaziyatni ko‘rib, orolda qolib, qochqinlarga yordam berishga ahd qilgan otaxon va onaxonlargacha bor. Ammo aksariyatimiz universitetdagi tahsilimiz ortidan, biroz tanaffus qilishga ahd qilgan 20-23 yoshlar atrofidagi yigit-qizlar edi. To‘g‘ri, ulardan ayrimlari sargo‘zasht ilinjida bunga qaror qilgan bo‘lishlari ham mumkin. Ammo ko‘ngillilarning aksariyati qochqinlarga chin dildan ko‘mak berish ilinjida u yerga borishgan", - deya so‘zlarida davom etadi suhbatdoshimiz.

Shimoliy Ovro‘po ilinjida bo‘lgan qochqinlarning keyingi taqdirlarini bilish uchun Modi, alal-oqibat, Yunonistondan vaqtinchalik boshpana topgan bir muhojir oilaga qo‘shilib oladi. Ular bilan birga o‘z boshidan kechirgan kechmishlarini qog‘ozga tushirish va shu yo‘l bilan qochqinlar ham o‘zga odamlar emasliklarini butun dunyoga ko‘rsatishga urinmoqchi bo‘ladi.

"Matbuotda qochqinlar muammosiga "ular va biz", degandek yondashuv ustun. Buni men, muayyan bir ma‘noda, yovqarashlik, deb ham baholagan bo‘lardim. Ayniqsa, bu xususdagi televizion chiqishlar, "qochqinlar, go‘yoki, o‘zgalaru, ular haqida bosh qotirib yotishga arzimaydi", degan ma‘nini beradi", - deydi Modi.

Image caption Bu - Yunoniston va Makedoniya chegarasida qochqinlar uchun maxsusan barpo etilgan jamloq bo‘ladi
Image caption Bular Yunonistondan Avstriyagacha Modi bilan birga sayohat qilgan "eronlik oilasi" a‘zolari bo‘lishadi

Shunday qilib, qahramonimiz serfarzandgina eronlik bir oilaga qo‘shilib, o‘z safarini boshlaydi.

Yunonistondan Makedoniya, so‘ngra Serbiya, Xorvatiya qilib, Bolqon yo‘nalishini tanlashadi.

"Men avvalboshdan o‘zim sayohat qilayotgan insonlar bilan imkon qadar samimiy munosabatda bo‘lishga harakat qildim. Bu – men uchun juda muhim edi. Bir-birimizni tilimizni tushunishimiz oson bo‘lmagan esa-da, ulardan hech narsani yashirmaslikka qattiq harakat qildim. Angliyadan ekanim, sayohatlarining bosh mashaqqatidan yurtimdagilarni ogoh etish istagim borligi va xuddi shu bois ham, ularga qo‘shilishga ahd qilganimni tushuntirishga urindim", - deydi Modi.

Uning aytishicha, Makedoniya chegarasida qochqinlarning hujjatlarini pala-partish tekshirishga tushisharkan, shartta odamlarning orasiga kirib olganu, osongina qutilgan. Uyog‘iga esa, safarlarini poyezdda davom ettirishgan.

"Yomg‘ir chelaklab quyardi. Shu boismi, hech bo‘lmasa, tunni poyezdda uxlab o‘tkazarmiz, degan xayolga bordim. Ammo vagon bo‘lmalari qochqinlarga tiqilib ketdi. Bo‘lmalarning har biri olti kishiga mo‘ljallangan bo‘lsa, ularga ikki barobar ko‘p odam kirib olgandi. Lekin, shunga qaramay, bor-yo‘g‘i bir necha soatning ichida deyarli Serbiya chegarasiga yetib qolgandik. Poyezddan tushgan mahalimizda ham hali tong yorishmagan edi", - deydi Modi.

Image caption Temir yo‘lni piyoda bosib, Makedoniyadan Serbiyaga qarab...

-Guruhimiz bilan chegaradagi qochqinlar jamlog‘iga yo‘l soldik. Ammo jamloq qochqinlarga to‘lib ketganini ko‘rdik. Buni ko‘rib, mening "oilam" u yerda qolmaslikka qaror qildi. 45 daqiqa yo‘l bosib, Serbiyaning ichkarisiga kirib bordik, deya so‘zlarida davom etadi u.

"Ko‘p kishi bo‘lganimiz uchun u yerda uchta taksi oldik. Hammamiz horg‘in, ust-boshlarimiz ivib ketgan va sovuqdan dig‘-dig‘ qaltirib yotgan bir ahvolda edik. Ammo taksi haydovchilari hayron ham qolib o‘tirishmadi. Bizdek odamlarga ko‘nikib ketishgani shundoqqina yuz-ko‘zlaridan ko‘rinib turardi. Shundoq qilib, Belgradga ham yetib oldik. Bu yerdan Xorvatiyaning chegaradosh Shid shahriga boruvchi so‘nggi poyezdga ilinib olish imkoniyatimiz bor edi. Ammo mening "oilam"dagilar yana bir bor barmoq izlarini olishlaridan qo‘rqishdi. Shuning uchun ham, jamloqlarni umuman chetlab o‘tishga harakat qilishdi. Chunki Dublin tartib-qoidalariga muvofiq, sizni barmoq izlaringiz olingan mamlakatga qaytarib yuborishlari ehtimoli nihoyatda katta edi. Shuning uchun ham, ular Shidgacha taksida borishga qaror qilishdi".

Image caption Yomg‘ir chelaklab quyardi...

Ammo, shuni ham ta‘kidlashim kerakki, Xorvatiya chegarasiga yetib borguncha, ancha "tajribamiz oshib qolgandi".

"Biz holatimiz ham qayg‘uli va ham kulguli edi: Biz tushgan taksi haydovchilari Xorvatiya bilan chegaraga ikki chaqirimcha qolgan paytda to‘xtab, supermarketdan turli pishiriq va meva sharbatlari sotib olib chiqishdi. Keyin har bir taksi boshiga qo‘shimcha 20 yevrodan berishimiz lozimligini aytishdi. Biz allaqachon yo‘l haqini to‘laganimiz, ortiqcha bir tiyin ham bermasligimizni aytdik. Shunda haydovchilar, "bu – politsiya xodimlari uchun", deyishdi. Alal-oqibat biz haydovchilarning so‘zlariga ishonib, ularga 20 yevrodan berdik. Rostdan ham, markaziy yo‘lda bizni politsiya xodimlari to‘xtatishdi. Haydovchilar taksidan tushib, ichiga pishiriq, meva sharbati va pul solingan yelim to‘rvalarni ularga tutqazishdi. Shu bilan mushkulimiz ham hal bo‘ldi. Bizni qo‘yib yuborishdi".

Image caption Bu - Venadan Lintsga yetib olish ilinjida bo‘lgan qochqinlar uchun xosan yo‘lga qo‘yilgan poyezd bo‘ladi

O‘sha tunda Xorvatiyadan Vengriya chegarasiga yetib olisharkan, Modi o‘zining "eronlik oilasi" bilan xayr-xushlashishga qaror qiladi va Afg‘onistonning Mozori-sharifilik qochqinlar oilasiga qo‘shilib oladi. Ular bilan birga poyezdda Vengriyadan Avstriyaga qarab yo‘lga tushadi.

"Ular oh, oilaga nima yetsin. Bo‘ldi, ortiq tashvish chekma, o‘zimiz sen haqingda qayg‘uramiz, deyishdi va mening yangi "oilam"ga aylanishdi. O‘g‘il-qiz, hammamiz poyezd bo‘lmasining polida o‘tirib olgandik. Keyin bilsak, boshqa bo‘lmalarda bo‘lgan qolgan yangi oila a‘zolarimning ahvollari ham biznikidan farq qilmas ekan".

Image caption Modi Freyzer o‘zining "afg‘on oilasi" bilan Avstriya-Olmoniya chegarasiga qarab yo‘lga tushmoqda

Bir amallab Avstriyaga ham yetib oldik. Ammo "kunlik me‘yor bajarib bo‘lingan"i bois, o‘zaro chegarada allaqachon avtobus qatnovi to‘xtab bo‘lgan ekan. Shu bois ham "afg‘on oilam" bilan birga Venagacha taksida borishga qaror qildik. Bundan keyingi maqsadimiz Olmoniyaga yetib olish edi. Ammo faqat ikki kun degandagina poyezdga chiqishning ilojini qiloldik, deydi Modi.

Image caption Kelayotgan qochqinlarni tekshiruvdan o‘tkazish uchun Avstriya-Olmoniya chegarasida tashkil etilgan maxsus jamloq

"Lekin, shunga qaramay, bu – hammamiz uchun mashaqqatli safarimizning eng quvonchli qismi edi. Chunki Olmoniyaga yetib olish – har bir qochqinning orzusi edi. Xuddi xayoliy bir olamga qadam qo‘yayotgandek tasavvurda edik. Yon-atrof ham nihoyatda go‘zal edi. Shuning uchunmi, kayfiyatimiz ham yaxshi edi. Ustiga ustak, so‘nggi sayohatimiz kunduz kuniga to‘g‘ri kelgan. Quyosh shundoqqina nur sochib turardi. Va nihoyat Olmoniyaga ham yetib oldik. Ammo qochqinlar uchun mo‘ljallangan jamloqlarda turnaqator navbat tizilib ketganiga guvoh bo‘ldik. Soatlab navbatda turishimizga to‘g‘ri keldi. Ustiga ustak, chanqoq azobini aytmaysizmi, boshqa tomondan, qandaydir qo‘rquv tuyg‘usi sizga azob berardi".

Bizni alohida-alohida, ya‘ni, erkak, ayol va bola qilib, rasman qayddan o‘tkazadigan bo‘lishdi. Bu holat ham odamlarni asabiylashtirmay qo‘ymadi. Ular, xuddi o‘z oila a‘zolarini yo‘qotib qo‘yayotgandek bir ahvolga tushib qolishdi. O‘zimiz va yuklarimizni tekshiruvdan o‘tkazib bo‘lgach, alal-oqibat, Olmoniyaga o‘tishimizga izn berishdi, deydi u.

Image caption Bu - qochqinlarning Olmoniyadagi ilk vaqtinchalik boshpanalari, ularga shundoqqina supermarketning ichkarisida joy qilib berishgan

Modi o‘zining "afg‘on oila"si bilan Olmoniyaning shimoliy-g‘arbiy Dyusseldorf shahriga yetib oladi va ularning nima uchun Afg‘onistonni tark etishga qaror qilishgani borasida ham ko‘p narsalarni bilib oladi.

"Ular IShID guruhi Afg‘oniston shimolida yanada faollashishi mumkin, degan xavotirda bu kabi qarorga kelishibdi. Bundan tashqari, otalari ham ikki yil toliblar qo‘lida qolgan va faqat 2004 yilda Nato kuchlarining ko‘magi bilan ozodlikka chiqqan ekan. Ammo nima uchun aynan Olmoniyani tanlashgani sababi haqida aniq bir javoblari yo‘q. Chunki Olmoniya haqida deyarli ma‘lumotlari yo‘q. Aksariyat qochqinlar borasida ham xuddi shunday degan bo‘lardim. Menimcha, ko‘pchilik xavfsiz, degan o‘yda o‘z yo‘llarini Olmoniyaga solishmoqda", deydi Modi.

"Ammo, eng so‘nggida shuni ham tan olishim kerakki, baribir, yo‘l mashaqqatini haqiqiy qochqinlardek his qila olganim yo‘q. Ular bilan safarim jarayonida shu kun mening hamboshimga tushishi mumkin edi, degan nuqtai nazardan, "Men qochqinman" nomi ostida blog yuritdim. Chunki, agar, Suriya va Afg‘onistonda tug‘ilganimda, xuddi shu kabi taqdir meni ham kutishi tayin edi. Ortga qaytganimdan so‘ng yozgan ilk maqolamni ham, "Nega men qochqin emasman", deb nomladim. Unda jumladan shunday deb yoziladi: Ha, men qochqin bo‘lib sayohat qildim. Ularning ovqatlaridan yedim. Qochqinlar jamloqlarida uxladim. Qochqinlar tushgan poyezdlarda yurdim. Menga qochqin deb qarashdi. Ammo men bularning barchasi vaqtinchalik ekanini ichdan his etib turar, istagan paytda, aeroportga borib, o‘z yurtimga uchib ketishim mumkinligini bilardim. Cho‘ntagimdagi Ovro‘po pasporti va bir shoda kalit menga buni doimo eslatib turardi. Ya‘ni bu mashaqqatlarimning bor-yo‘g‘i bir necha hafta davom etishi, yana odatiy hayotim quchog‘iga qayta olishim menga kundek ravshan ekani bois, men hech qachon bu qochqinlardan biri bo‘la olmasdim.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbekInstagram
  • BBC UZBEKTwitter
  • BBC UZBEKOdnoklassniki
  • BBCUZBEKFacebook
  • BBC UZBEKGoogle+
  • BBC UZBEKYouTube
  • BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq