O‘zbekistondagi qamoqxonadan yana bir mahkumning o‘ligi chiqdi

Image copyright Reuters

O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi Navoiy viloyati Zarafshon shahridagi 64/48 sonli qamoqxonada yana bir mahbus olamdan o‘tgani haqida xabar tarqatgan.

44 yashar Doston Abdurahmonovning vafoti haqida yaqinlariga 11 fevral kuni ma‘lum qilingan.

"Kecha kunning o‘rtalarida shu xabarni oldim. Keyin o‘zim yetib bordim, qarindoshlari bilan gaplashdim. Ammo, hali jasadi yetib kelmagandi. Yaqinlari jasadni olib kelishga ketishganini aytishdi", deydi Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi Sur‘at Ikromov.

Toshkent viloyati Chinoz tumanidan bo‘lgan Doston Abdurahmonov 1999 yil O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 159, 244 - moddalariga asosan 9 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Ammo, 2008, 2011 va 2015 yillar O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 221 - moddasi - "Jazoni ijro etish muassasi ma‘muriyatining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik" ayblovlari bilan unga berilgan jazo muddatlarni uzaytirib kelingan.

Doston Abdurahmonovning qamoqxonada qiynoqlardan o‘lgan bo‘lishi mumkinligi da‘vo qilinmoqda.

Ammo, Doston Abdurahmonovning jasadi hali Chinozga yetib kelmagan va bu da‘volarni mustaqil manbalardan tasdiqlash imkonsizdir.

Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi Sur‘at Ikromov Doston Abdurahmonovning ukasi ham hozir qamoqda ekanini aytadi.

"Doston haqda yana shuni aytish kerakki, uning 1985 yilda tug‘ilgan Otabek ismli ukasi ham hozir 5 yilcha bo‘ldi, O‘zbekistondagi qamoqxonalardan birida qolmoqda".

O‘zbekiston tergov hibsxonalari va qamoqxonalarida mahbuslarning qiynoqlar natijasida vafot etish hollari bot-bot uchraydi.

O‘zbekiston MXX va militsiyasi qo‘lga olingan odamlarni aql bovar qilmas qiynoqlarga tutishi xalqaro tashkilotlar hisobotlariga bot-bot takrorlanadi.

Ayrim holatlar esa, BMT tarafidan ham tan olingan. Lekin, O‘zbekiston qiynoq iddaolarini rad etib keladi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq