Yozuvchilar uyushmasi: "qora ro‘yxat" yo‘q

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasidan BBCga aytishlaricha, 26 ijodkor uyushma a‘zoligidan birdan chiqarilmagan.

Bundan oldin Yozuvchilar uyushmasining Ekspert kengashi qator yozuvchi-shoirlarni uyushma a‘zolari ro‘yxatidan o‘chirish haqida qaror qabul qilgani xabari tarqalgan edi.

Bu O‘zbekiston yozuvchilarining tashkiloti tarkibini sifat jihatdan yaxshilash maqsadi bilan tushuntirilgani aytilgan.

Uyushmadagi BBC manbasi so‘zlariga ko‘ra, uyushma a‘zoligidan o‘chirilganlar bor, ammo ular shu kecha-kunduzda emas, balki "yillar davomida" uyushma safidan chiqarilgan.

Unga ko‘ra, uyushma nizomida ko‘rsatilgan talablarga javob bermagan, "uyushma bilan aloqasini uzgan", "ijodi to‘xtab qolgan" ijodkorlar ro‘yxatdan o‘chirilgan.

Ayrim shoir-yozuvchilar 2014 yili, ayrimlari esa 10-15 yil oldin uyushmadan chiqarilgan, dedi tashkilot markaziy apparatida ishlaydigan xodim.

Ba‘zi yozuvchi-shoirlarning o‘zlari uyushma a‘zoligidan chiqish haqida ariza yozganlar, ana shu arizalari qondirilgan.

Misol uchun, bundan 7-8 yil oldin uyushma a‘zoligi soliqchilar tomonidan xato qilinib qo‘shimcha pensiya manbasi sifatida ko‘rilgan va pensioner yozuvchi-shoirlar o‘z pensiyasini 50 foizgacha kam olganlar.

Pensiyasi kamayishini istamagan ayrim ijodkorlarning o‘zlari uyushmadan chiqishga qaror qilganlar.

Uyushma xodimi so‘zlariga ko‘ra, Sobit Madaliyev, Norto‘xta Qilich va Sulaymon Rahmon uyushma a‘zoligini staj deb qabul qilgan amaldorlarning noto‘g‘ri siyosati qurbonlariga aylanganlar va uyushma a‘zoligidan chiqish haqidagi arizalarini yozganlar.

Ba‘zi ijodkorlar esa "men ijoddan to‘xtaganman,meni a‘zolikdan chiqaring" deb o‘zlari murojaat qilganlar.

Salomat Vafoni uyushma safidan chiqarish talabi bilan "yuqoridan" buyruq kelgan.

Bunga yozuvchining o‘zbek odob-axloqiga to‘g‘ri kelmaydigan asar yozgani sabab bo‘lgan.

"Bunday buyruq qayerdan kelishini o‘zingiz yaxshi bilasiz", deydi uyushma xodimi.

O‘zbekistondagi ziyolilar bu joy prezident ma‘muriyati ekanini yaxshi biladilar.

O‘zlarining ishlayotgan joyini "Devon" deb alohida urg‘ulab aytishni yaxshi ko‘radigan ma‘muriyat xodimlari tsenzorlik yoki milliy mafkura tozalovchilari mas‘uliyatlarini o‘z zimmalariga oladilar.

"Xurshid Davron O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasidan chiqarilgani yolg‘on. Axir Xurshid aka xalq shoiri-ku", deydi uyushma xodimi.

Ma‘lum bo‘lishicha, sudlangan inson O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a‘zoligidan chiqarilishi shart.

Shunday deb uyushma nizomida yozib qo‘yilgan.

Taniqli yozuvchi Mamadali Mahmud(Evril Turon)ning bu uyushma a‘zoligiga loyiq ko‘rilmayotgani shu sabab bilan izohlanadi.

Muhojirotda bo‘lgan shoir va siyosatchi Muhammad Solih uyushma a‘zoligidan chiqarilganini o‘zi uchun sharaf deb bilishini aytgan.

- Bu Ëzuvchilar uyushmasini maddohlar uyushmasi, laganbardorlar uyushmasi deyish to‘g‘riroq bo‘ladi. Bizning na maddohlikka, na laganbardorlikka aloqamiz yo‘q va shu bois¸ bizni bunday uyushmadan chiqarishgani biz uchun sharafdir, deb aytgan Muhammad Solih.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq