Ingliz mehmonning "O‘zbekiston" kundaligi - Kun 2

Image copyright Joel Tennant
Image caption Хива

BBC angliyalik sayyoh, Haffington Post bloggeri Joul Tennantning O‘zbekiston bo‘ylab safari chog‘ida yozgan kundaligidan parchalarni sizga taqdim etmoqda.

O‘tgan noyabr oyida menga ish safari bilan O‘zbekistonga borish nasib etdi. Safarim haqida birovlarga gapirsam, munosabat ikki xil bo‘ldi: 1) "Unday mamlakat haqida hech eshitmagan ekanman", 2) "U terrorchilar bor joy emasmi?" Aytish joiz, ikkala munosabatning ham menga nafi tegmadi. Men o‘zi har doim uchishga qo‘rqqanman, bo‘lar-bo‘lmas narsaga xavotirlanaman. Peshonamga nima yozilgan bo‘lmasin, bilardimki, bu mening hayotimni o‘zgartiradigan safar bo‘ladi. Yaxshi tomonga o‘zgarsin, deb niyat qildim.

Toshkentdan Xivaga

Hammamiz sahar soat 4 da turib oldik. Avtobusga chiqish uchun kutmoqdamiz, ammo bir kishi baribir kechikib paydo bo‘ldi. Uxlab qolgani uchun uzr so‘radi.

Mening ko‘zlarim ochiq bo‘lsa ham, bu qadar erta tongda o‘zimni hamon uyquda his qilardim.

Kichikroq aeroportda bizning yuklarimiz va anjomlarimizni tekshirib ko‘rishdi.

Bu yerda bir necha britaniyalik sa yyohlarga ko‘zimiz tushdi.

Biz ularga qarab qo‘l siltab qo‘ydik.

Bu sayyohlar biz aslida ularning sayohatlarini tashkillashtirgan shirkatga ishlashimizni hali bilishmas edi.

Ozgina kutgach, biz Airbus 320 uchog‘iga chiqish uchun navbatga tizilamiz.

Ular qahqaha otishar, hazillashishar va umuman, biz inglizlar italiyaliklar haqida qanday tasavvurlarni shakllantirib olgan bo‘lsak, ana shu qarashlarimizga mos tutishardi o‘zlarini...

Bizni yana bir bor tekshirishdi, anjomlarimiz va yuklarimizni maxsus uskunalarda ko‘rib chiqishdi.

Nihoyat bizni avtobusda uchoq tomon olib borishadi.

Biz Angliyadan uchganimiz uchoq juda ham yomon edi, eski va xizmatchilar ham do‘stona munosabatda bo‘lishmagandi.

Bu uchoqning o‘rindiqlari keng, ozoda edi. Ekipaj a‘zolari jilmayishgan...ajoyib, biz bir-birimizga mamnun qarab oldik.

Tashqarida esa yomg‘ir shivalardi.

Shamol kuchaymoqda edi.

Bizning hamrohimiz avvalroq O‘zbekistonning ayrim mintaqalarida qor yoqqanini aytib qoldi.

Men mamlakat shimoli tomon yo‘lga chiqar ekanmiz, qor ko‘rish umidida edim.

Yonimdagi hamrohim nonushta payti uyg‘otib qo‘yishimni iltimos qilib, sekin uyquga ketadi.

Men qo‘limga kitob olaman.

Kitob bilan hozirga kelib hayojon va entikishdan ancha uyg‘oq asablarimni tinchlantirish niyatida bo‘laman.

Nonushta ham keldi...non va pishloq, xolos. Shukr. Ammo yonimdagi hamrohim bir qarab qo‘yib, yana uyquga ketadi.

Uchoq esa yomon havo sharoitlarida silkinib uchar, bu ham hamrohimning uyqusiga xalaqit bermas edi.

Qiziq, umuman kim sizga uchoqda yaxshi ovqat beradi deb aytgan?

Ana shunday savol beraman o‘zimga o‘zim.

Urganchga qo‘namiz.

Hammayoq bir tekis ko‘rinadi ko‘zimga...

Sho‘rocha qurilishlar... Zotan, biz hozir Rossiyaga yaqinroqmiz jug‘rofiy ma‘noda.

Bizni avval Mersedes rusumidagi yo‘lovchi tashiydigan mashinaga chiqarishadi, keyin undan yana tushirishadi.

Kutish zalida yuklarimizga intizor o‘tiramiz.

Bizning kimligimizni nihoyat sayyohlar bilib qolishadi.

Atrofimizni o‘rab, shirkat qarorgohiga borgach, ularga o‘z tanqidu takliflarimizni yetkazishimiz haqida so‘ray boshlashadi.

Yuklarni olgach minibasga chiqamiz.

Haydovchimiz xuddi boshqa haydovchilar kabi mutlaqo yo‘l qoidalariga rioya qilmaydi.

Ammo men tashvishga tushmayman, chunki atrofdagi barcha haydovchilar qonun-qoidaga qaramasdan gaz bosishadi.

Ko‘chalarda odamlar bilan ro‘para kelamiz, hamma shoshgan...Urganchda hali do‘konlar ochilgani yo‘q. Birdaniga kecha shu paytlar Toshkentga kelib tushganimiz va ehtimol shuning uchun ham hamma narsa syurreal bo‘lib ko‘ringandir degan o‘y kechadi miyamdan.

Xivagacha 45 daqiqalik yo‘l.

Xivaga ham yetib keldik.

Image copyright Joel Tennant
Image caption Xivada nonushta

Mehmonxonamizdagi men turgan xona anchayin eski, bo‘g‘iq rangdagi jihozlar...sariq rangli lattalar.

Tualet o‘tirg‘ichi quvuri esa nimagadir ichkarida emas, tashqarida edi, buni men hech qachon unutmasam kerak.

Yuklarni qo‘yib, ko‘chaga, shahar tomoshasiga otlanamiz.

Ayozli shamol esar edi.

Yaqindagina kuchli yomg‘ir yoqqan va yo‘laklarda ham ko‘lmaklar paydo bo‘lgandi.

Ehtiyotkorlik bilan sayr qilar edik.

Men nimaga bu joy haqida shuncha shov-shuv qilishadi deb o‘ylayman.

Hayratga solarli devorlarni aytmasangiz, boshqa hech narsa yo‘qday tuyuladi.

Ammo har bir zo‘r gid sizni qanday qilib, tangko‘chalardan bir ajoyib manzara tomon olib chiqishni yaxshi biladi.

Biz yurayotgan yo‘limizdan qayrilamiz, boshimiz uzra hozirga qadar "yashirinib" turgan minora paydo bo‘ladi.

Katta bozor, odamlar, tuyada sayr qilish, ajoyib bosh kiyimlari...yurganingiz sari yo‘lingizda qadimiy masjid, madrasa va ustaxonalar...nihoyat bir qahvaxonada choy, qahva ichamiz, pahlava yeymiz – nonushta qilamiz. Chordona qurib o‘tiramiz. Men Xivani sevib qolayotganimni tushunib yetaman. Hali kun yarmiga yetmasdan sevib qolmoqdaman bu shaharni...

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq