BBCda yangi mavsum: "Ichki dunyo"

Image copyright SPL

BBC Jahon Xizmati "Ichki dunyo" deb nomlangan mavsum boshladi. Ushbu mavsumda ruhiy kasalliklar bilan bog‘liq muammolar, sog‘liqni saqlash tizimi va jamiyatda ruhiy xastalarga munosabatga doir maxsus lavhalar berib boriladi. BBC O‘zbek Xizmati ayni mavzuni bir muddat oldin ham o‘rgangan va turkum lavhalar tayyorlagandi.

Vasvasalar zamoni: Men kasalmanmi?

Bugungi kunda dunyodagi har to‘rt kishidan bittasi umri davomida turli ruhiy muammolarni boshidan kechiradi.

Xalqaro tashkilotlar bir necha yildan keyin ruhiy kasalliklar sog‘liq tizimi uchun eng yirik mushkulotga aylanishini bashorat qilishgan.

Bunga sabab nima?

Insonlar tobora ko‘proq ruhiy kasalliklarga chalinayotganimi yo-da, tibbiyot ko‘proq tashxis qo‘yishni boshladimi?

Nyu Yorkdagi One World Counselling psixologik yordam markazi mutaxasisi Gulshoda Oster tez orada ruhiy xastaliklar hozirda eng ko‘p tarqalgan deya hisoblanadigan yurak kasalligidan so‘ng ikkinchi o‘ringa chiqishi haqidagi bashoratlarga qo‘shiladi.

Statistik ma‘lumotlarga ko‘ra, hozirda o‘rtacha har 4 insondan bittasi ruhiy muammoga yuz tutadi.

Bu holat keng tarqalganligiga qaramay, unga chalinganlarni kamsitish va yo ularga nisbatan yovqarash hanuz saqlanib qolgan. Tushkunlikka tushganlar "zaiflar" sifatida ko‘riladi.

Insonlar tobora ko‘p chalinayotgan ruhiy holatlar orasida esa, hozirda eng ko‘p tarqalayotgani - depressiya, ruhiy tushkunlik. Inson borki, hayotida kayfiyati tushib, qayg‘uga botgan vaqtlari bo‘ladi. Lekin, shifokorlar bong urayotgan depressiya bilan shunchaki qayg‘uga botish orasida farq nima va qanday aniqlanadi?

Ruhiy vaziyat qachon muammoga aylanadi?

O‘z hayoti mobaynida har qanday inson ba‘zi hodisalarga javoban qayg‘uga tushishi normal holat. Lekin, qayg‘uli ruhiyat salomatlik muammosiga aylangan vaqti ham bo‘ladi.

Klinik ruhiy tushkunlik - depressiya nima?

Inson normal holatda hayotning past-balandliklariga bardosh berib, o‘zi va yaqinlari g‘amini yeyishni davom ettiradigan, o‘z mavjud potentsiallaridan foydalanish va jamiyatga foyda keltira oladigan vaziyatda bo‘ladi.

Har qanday inson g‘amni yo-da, asabiylikni boshidan kechiradi. Ammo, bu alomatlar ruhiy kasallikka aylangani dastlabki belgisi - holatning uzoq, mutassil davom etishi va turtki bermaydigan sababsiz ham kuzatilishidir.

Bu alomatlar shaxsning kundalik hayotiga salbiy ta‘sir ko‘rsatadigan darajaga yetgan vaqti jiddiy psixologik yo-da, ruhiy muammoga aylangan hisoblanadi.

Masalan, klinik tushkunlikka duchor bo‘lgan odam qattiq va uzoq muddatli g‘am-tashvishdan chiqa olmaydi, odamovi bo‘lib qoladi. Jismoniy faolligi yo‘qoladi.

Odatda bu alomatlar asta-sekin, bir necha hafta va yo oylab rivojlanib boradi. Lekin, ba‘zan kutilmaganda paydo bo‘lishi ham mumkin.

Klinik ruhiy tushkunlik muammosi bilan samarali yo‘lda kurashish uchun ular klassifikatsiya qilinadi. Kasallik asosan ikki keng guruhga bo‘linadi - asabiy va psixologik.

Asabiy guruhga inson normal holatining anchayin sezilarli turlari kiradi, masalan, depressiya, kuchli mutassil xavotir yo-da, biron harakatni qayta-qayta qilaverish (masalan, qo‘lni qayta-qayta yuvaverish, hamma narsaning hamisha o‘z o‘rnida bo‘lishiga intilish kabi). Bunday alomatlar bugungi kunda har 10 kishidan birida kuzatilishi mumkin.

Psixologik turdagi tushkunlikni esa, taxminan har 100 kishidan biri boshidan kechiradi. Ular kishining voqelikni qabul qilishi va shu asosda fikrlashi, qarorlar qabul qilishiga ta‘sir ko‘rsatadi. Ularga shizofreniya va bipolyar kasalliklari kiradi.

Ruhiy kasalliklar keng tarqalgan bo‘lsa-da, ko‘plar undan xalos bo‘lishi mumkin yo-da, ayni muammo bilan qanday yashash yo‘llarini o‘rganadilar.

Ruhiy tushkunlikni nima keltirib chiqaradi?
Image copyright Getty

Ruhiy tushkunlik, depressiyani aynan nima keltirib chiqarishi noma‘lum. Ammo, jismoniy, psixologik va atrof-yaqindagi holatlar birgalikda omil bo‘lishi aytiladi.

Ko‘plab ruhiy kasalliklar avlodlar osha qaytalagani uchun irsiy bog‘liqlik bor degan taxminlar ham bor.

Mutaxassilarning ishonishlaricha, aksar ruhiy kasalliklar bir qator genlardagi o‘zgarishlarga bog‘liqdir va bu kabi genga ega bo‘lganlar ruhiy kasallikka chalinishga moyil bo‘ladilar.

Ammo, bu genning o‘zi kasallikni keltirib chiqarmaydi. Demak, inson bu kabi irsiy merosga ega bo‘lishi mumkin, lekin bu degani albatta kasallik rivojlanishini anglatmaydi.

Irsiyatida kasallik "urug‘i" bo‘lgan insonlar iztirob, yaqinini yo‘qotish, o‘zlariga nisbatan haqorat va tazyiqlarni ko‘tara olmasliklari mumkin. Ular boshqalarga qaraganda bunday omillar oldida kuchsiz bo‘ladilar.

Hayotdagi og‘riqli hodisalar bu kabi beriluvchan shaxslarda kasalikka turtki berishi mumkin. Bu omillarga kasallik, ajrashish, yaqinlardan ajrab qolish, ish joyini yo‘qotish va hokazolar kiradi.

Ruhiy kasallikni qon tekshiruvi yoki shunga o‘xshash tekshiruv bilan aniqlab bo‘lmaydi.

Faqatgina mutaxassis barcha alomatlarni o‘rganib chiqib, uzoq vaqt kuzatuvlardan keyingina tashxis qo‘yishi mumkin.

Ko‘plab ruhiy kasalliklarning alomatlari esa bir-biriga o‘xshash, shu sababli aniq tashxis qo‘yish mushkul ish.

Ba‘zi mutaxassilarga ko‘ra, ruhiy kasalliklarni aniqlashning joriy mavjud usullari o‘ta tibbiy yondoshuvga asoslangan.

Ya‘ni, ruhiy tushkunlikni inson tanasidagi bezlar tomonidan ishlab chiqariladigan serotonin moddasining miyadagi yetishmovchiligi keltirib chiqaradi, degan g‘oya bor.

Bu yondoshuv ruhiy kasalliklarni asosan miyadagi kimyoviy o‘zgarishlarga bog‘laydi.

Tanqidchilarga ko‘ra, bu yondoshuv ruhiy kasallikning hissiy omillarini nazardan qochiradi.

Bu yondoshuvdan kelib chiqib hozirda ruhiy tushunlikka uchraganlarga anti-depressant dori-darmonlarni belgilash keng tarqalgan. Bu dorilar esa, talaygina noxush oqibatlarni keltirib chiqarishi ma‘lum. Ijobiy natijasi esa ko‘pda savol ostida.

Quyida Gulshoda Oster va boshqa ruhshunos mutaxassislarning tushkunlik va unga qarshi kurashish xususidagi maslahatlarini tinglang.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon