Qirg‘iziston: Mahbuslarning soqollarini majburan olishmoqda

Image copyright f
Image caption Dindor mahbuslar ustidan nazorat kuchaytirilgan

Markaziy Osiyo davlatlari orasida nisbatan diniy erkinliklar kafolatlangan Qirg‘iziston uchun mahbuslarning soqollarini olishga majburlash avvallari misli ko‘rilmagan holatdir.

Frantsiyada joylashgan "Markaziy Osiyodagi Inson Huquqlari" tashkilotining yoyinlagan bayonotiga ko‘ra, Qirg‘izistonning Chuy viloyati Novo-Pokrovka qishlog‘ida joylashgan 3-son jazoni o‘tash mahkamasida, mahbuslardan soqollarini olish talab etilmoqda.

Tashkilot xabariga ko‘ra, bu kabi ma‘lumot O‘sh shahridagi 5-son tergov izolyatoridan ham olingan va asta-sekin respublikadagi qolgan jazoni o‘tash va saqlash mahakamalarida ham kuzatilmoqda.

"Kimki, qoidaga rioya qilmasa, kuch bilan soch va soqoli olinayapti. Ko‘plarini jarima izolyatoriga joylashtirib, ularni yaqinlari bilan uchrashuvdan va oziq-ovqatdan mahrum etayapti. Bu kabi qoidalar dinidan qat‘iy nazar, barcha mahkumlarga qo‘llanilmoqda. Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, xozirgi kunda Qirg‘iziston qamoqxonalarida 182 ming mahkum saqlanmoqda" – deyiladi "Markaziy Osiyodagi Inson Huquqlari" tashkiloti bayonotida.

Qamoqxonalarda dindorlar qattiq nazorat ostida

BBC ushbu ma‘lumotga aniqlik kiritish maqsadida O‘sh shahridagi tergov izolyatorlarining biridan saqlanayotgan mahbus bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi va u yerdagi holat haqida so‘radi.

"Haqiqatan bizda qamoqxona rahbariyati tarafidan soqollarni olish talab qilinayapti. Ko‘p bolalarning soqolini olib tashlashdi. Xossatan, bu narsa Bishkekdagi 1-raqamli qamoqxonada majbur qilinyapti ekan", deb aytdi mahbus.

Uning so‘zlariga ko‘ra, asosan diniy ayblovlar bilan qamalgan mahkumlarga nisbatan nazorat kuchaygan.

"Terrorist" bo‘lib tushganlarni, bir kunda 7-8 marta tekshirishga borishlik majbur qilinayapti", deydi u.

Haqiqatan ham qamoqxonalarda mahkumlar soqollarini olishlikka majburlanayaptimi yoki yo‘q, bu haqda Qirg‘iziston Jazoni o‘tash davlat idorasi ma‘lumot berganicha yo‘q.

Shuningdek, Qirg‘iziston Din ishlari bo‘yicha Davlat Qo‘mitasi ham qamoqhonalarda soqol qo‘yishni ta‘qiqlashni izohlamagan.

Bu kabi kuchli nazorat holati o‘tgan yilning oktyabr oyida Chuy viloyatining "Quyi Navro‘z" qishlog‘ida joylashgan 50-son qamoqxonasidan 9 nafar mahkumning qochishidan keyin boshlangan. Ulardan 7 nafari bir umrlik qamoq jazosiga hukm etilganlar bo‘lgan. Qamoqdan qochish davomida mahkumlar tergov izolyatorining uch xodimini o‘ldirganlar.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, mahkumlar qamoqxona xodimlari e‘tiborini tortmaslik maqsadida, avval soqollarini olib, tayyorgarlik ko‘rganlar. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, maxsus kuchlar o‘tkazgan amaliyot paytida uch nafar mahkum otib o‘ldirilib, qolganlari esa qo‘lga olingan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq