Rossiya va Ukrainaning transport urushi nimaga olib keladi?

Image copyright AFP

Rossiya Ukraina yuk mashinalarining o‘z hududidan o‘tishini man qildi. Bunga avvalroq ukrainalik faollarning Rossiya yuk mashinalari yo‘lini to‘sib qo‘yishlari sabab bo‘lgan.

Mutaxassislarga ko‘ra, transport inqirozini yaqin kunlarda yechish amri mahol bo‘ladi.

11 fevralda Ukrainaning Zakarpate viloyati faollari ukrain hududlari orqali Ovro‘po Ittifoqiga o‘tadigan Rossiya yuk mashinalari yo‘lini to‘sish bo‘yicha aktsiya e‘lon qilishdi.

Ko‘p o‘tmay ularga "Avtomaydan" faollari qo‘shilib, rus nomeriga ega bo‘lgan gruzoviklarni Ukraina-Belarus chegarasida to‘sib qo‘yishdi.

Bunga javoban, 14 fevral kuni Rossiya vazirligi ukrain yuk mashinalarining Rossiya bo‘ylab harakatini to‘xtatayotganini bayon qildi.

Ukrainadagi aktsiya hukumatning rasmiy qaroriga asoslanmagan edi.

Ertasiga Ukraina ham o‘xshash qaror qabul qilganini bildirdi.

Avvalroq Polsha hukumati ham 1 fevralda ikki mamlakat o‘rtasidagi yuk tashish kelishuvi muddati tugaganini aytib, Rossiya gruzoviklariga yo‘lni yopib qo‘ygandi.

BBC Rossiya va ukrainalik ekspertlardan mazkur naqliyot inqirozining oqibatlari qanday bo‘lishi mumkinligi haqida so‘radi.

Sergey Mixeyev, rossiyalik siyosatshunos

Ukraina turli bahonalarni ro‘kach qilib Rossiya bilan barcha iqtisodiy aloqalarini uzishga urinmoqda. Gruzoviklarga bog‘liq vaziyat avvalroq ishlab chiqilgan rejaning bir qismi, xolos: avvaliga millatparvar faollar noqonuniy aktsiya o‘tkazadilar, keyin esa hukumat buni qonuniylashtiradi.

Ukraina tomoni bu borada uzoq muddatli rejaga ega ko‘rinadi.

Rossiya tomoni javob qaytarmay tura olmaydi, ammo javob qaytarishi bilan butun masala boshi berk ko‘chaga kirib qoladi. Hozircha bu inqirozning yechimi haqida gapirish qiyin.

Ayni damda, bu cheklovning Rossiya iqtisodiga jiddiy ta‘siri bo‘lmaydi, chunki rus yuk mashinalari Rossiya mahsulotlarini Ovro‘poga deyarli olib borishmaydi, balki, aksincha, Ovro‘po mahsulotlarini Rossiyaga olib kelishadi. Shunday ekan, birinchi o‘rinda bu cheklov g‘arblik ishlab chiqaruvchilarga shikast yetkazadi.

Vadim Karasev, Ukraina global strategiyalar instituti direktori

Katta yuklarga bog‘liq vaziyat Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi gibrid urushning bir qismi, xolos. Bu urush nafaqat harbiy, balki tijoriy, iqtisodiy, naqliyot to‘siqlari va ziddiyatlardan tashkil topgan.

Ammo, naqliyot to‘siqlari bugun boshlangani yo‘q. 2013 yilda Rossiya Ukraina mahsulotlariga bojxona to‘siqlarini kiritgan.

O‘ylashimcha, boshqa ziddiyatlar, xususan Donbass va Qrim masalalarini hal qilmay turib, bu inqirozga yechim topish qiyin bo‘ladi.

Transport blokadasini rasman Rossiya boshladi, Ukraina hukumati esa unga javoban cheklov kiritdi. Balki Rossiya hukumati shoshmasdan ish ko‘rishi va keskin yo‘l tutmasligi lozim edi.

Birinchi o‘rinda bu Rossiyada kam e‘tibor qaratilayotgan o‘rta va kichik biznesga zarba bo‘ladi. Albattaki, Ukraina iqtisodi, ovro‘polik iste‘molchilar va MDH davlatlari ham zarar ko‘radilar.

Urush mantiqi shundayki, asosan geosiyosatga e‘tibor qaratiladi, iqtisodiy yo‘qotishlarni esa hech kim hisobga olmaydi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon