Shifoxonalarga hujum "urush jinoyatidir"

Image copyright AFP
Image caption Chegara Bilmas Shifokorlarning (MSF) prezidenti Mego Terzianga ko‘ra, "Suriya yoki Rossiya hukumatlari ayni hujumlar uchun mas‘uldir"

Frantsiya va Turkiyaga ko‘ra, Suriya shimolidagi shifoxonalarga havo hujumlari urush jinoyatlariga teng amaldir.

BMT ma‘lumotlariga qaraganda mintaqadagi maktablar va shifoxonalarga havo hujumlari oqibatida 50 ga yaqin suriyalik qurbon bo‘lgan.

Kiyevga safari chog‘ida Turkiya Bosh vaziri Rossiyani Suriyada "o‘zini terrorchi tashkilotdek tutmoqda", deb aytdi.

"Biz Ukraina Bosh vaziri bilan muzokaralar olib borayotgan paytimiz Rossiyaning Kaspiy dengizidan otilgan raketalari shifoxona va maktabni vayron qildi va tinch fuqarolar orasida talofatlarga sabab bo‘ldi", - deb aytgan Turkiya Bosh vaziri ukrainalik hamkasbi Arseniy Yatsenyuk bilan qo‘shma matbuot anjumanida.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri ham hujumlar uchun Moskvani aybladi.

Rossiya bu ayblovlarni rad etmoqda.

Ayni paytda, Suriya prezidenti Bashar al Assad mamlakatda janglarni to‘xtatishga doir rejaning ish berishiga shubhalarini izhor qilgan.

O‘tgan hafta jahon liderlari Olmoniyaning Myunxen shahrida Suriya inqirozi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishgan va otashkesim kelishuviga rozi bo‘lishgandi.

Otashkesim hafta davomida kuchga kirishiga ahdlashilgan edi.

BMTning Suriya bo‘yicha vakili Staffan de Mistura ayni otashkesim masalasini muhokama etish uchun Damashqqa kelgan.

Kelishuv hayotga tatbiq etiladigan bo‘lsa qamal ichidagi mintaqalarda zudlik bilan yordam yetkazish ham mumkin bo‘ladi.

Image copyright AFP
Image caption Vayronaga aylangan shifoxona

Endi esa BMTga ko‘ra, shimoliy Suriyaga hujumlar otashkesim kelishuviga soya soladi.

Azazdagi ikki shifoxona va ikki maktab havo hujumlariga tutilar ekan, kamida 12 kishi qurbon bo‘lgan.

Idlib viloyatidagi Maarat al Numanda esa Chegara Bilmas Shifokorlarning shifoxonasi nishonga olingan.

Tashkilotga ko‘ra, bu shifoxonadan faqat vayronalar qolgan.

Yetti kishi qurbon bo‘lgan va yana sakkiz kishi bedarak ketgan.

Tashkilotga ko‘ra, shifoxona ataydan nishonga olingan.

Chegara Bilmas Shifokorlarning (MSF) prezidenti Mego Terzianga ko‘ra, "Suriya yoki Rossiya hukumatlari ayni hujumlar uchun mas‘uldir".

Ammo Suriyaning Moskvadagi elchisi bu hujumlarda AQShni ayblagan.

Pentagon bu da‘voni "yolg‘on" deya rad etgan.

"Bizda Idlibni hujumga tutish uchun asos yo‘q. Bu yerda IShID faol emas", deb aytgan Pentagon voizi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Chegara Bilmas Tashkilotlar tomonidan ham yangragan bu ayblovlarni rad etgan.

"Biz bu kabi ayblovlarni qat‘iyan rad etamiz. Har gal bu kabi ayblovlarni aytganlar, o‘z so‘zlariga isbot keltirishga qodir bo‘lishmaydi", deb aytgan Peskov.

Faollarga ko‘ra, Maarat al Numandagi yana bir shifoxonaga hujum oqibatida esa uch kishi qurbon bo‘lgan.

AQSh va BMT so‘nggi hujumlarga kim mas‘ulligi borasida hech narsa degani yo‘q, ammo havo zarbalarini keskin qoralashdi.

Suriyada besh yildan beri davom etayotgan urush oqibatida qurbonlar soni 250 mingdan ortgani aytiladi.

11 million suriyalik boshpanasidan ayrilgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq