Bangkokdagi ehromni kim portlatgan?

Image copyright EPA
Image caption Ikki uyg‘ur o‘zlariga qo‘yilgan ayblarni rad etishgan

Bangkokdagi ehromni portlatish ishi bo‘yicha ikki xitoylik uyg‘ur o‘zlariga qo‘yilgan ayblarni rad etishgan.

Bu ikkovlonning mahkamada ilk bor ko‘rinish berishidir.

O‘tgan yil avgustda Eravan ehromidagi portlash 20 kishining yostig‘ini quritgandi.

Yusuf Mirali va Adam Karadag (Bilol Muhammad nomi bilan ham tanilgan) qotillikda va portlovchi moddalarni saqlashda ayblanmoqda.

Ayni portlashga doir mas‘uliyatni biror bir guruh o‘z zimmasiga olgani yo‘q.

Politsiyaga ko‘ra, Xitoyning Uyg‘uristonidan bo‘lgan bu ikki shaxs avvaliga ehromga hujum uyushtirishganini tan olishgan.

Karadag portlovchi uskunani sumkaga solib, Hindular ehromiga joylashtirganlikda ayblangan.

Image copyright AP
Image caption O‘tgan yil avgustda Eravan ehromidagi portlash 20 kishining yostig‘ini quritgandi

Ammo uning himoyachisiga ko‘ra, Adam Karadag qiynoqlar ostida o‘ziga qo‘yilayotgan ayblarga iqror bo‘lgan.

Uning yagona aybi mamlakatga noqonuniy kirganidir.

Yusuf Mirali ham mahkama binosiga kirib kelar ekan, o‘zining olti oydan beri qamoqda qolayotgan "begunoh musulmon" ekanini aytgan.

Ikkovlon mahkamaga zanjirband va oyoqyalang holatda olib kelingan.

AFP xabar agentligiga ko‘ra, politsiya mulozimi ayblanuvchilar o‘z iqrornomalarini qaytarib olishlari mumkinligini aytgan, "ammo bizda ularni mahkamaga tortish uchun guvohlar va aniq dalillar bor".

Tailand harbiy hukumati esa odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhlar o‘zlariga qarshi amaliyotlar uchun g‘azablanib, portlashni uyushtirishgan deb hisoblaydi.

Ammo aksariyat kuzatuvchilarga ko‘ra, bu hujumlar ortida Tayland hukumati tomonidan yuzdan ortiq uyg‘urlarni Xitoyga topshirilganidan norozi kuchlar turgan bo‘lishi mumkin.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq