Markaziy Osiyo jihodchilari soni ortmoqda

Image copyright
Image caption Tojikistonlik sobiq zobit, IShID jangarisi Gulmurod Halimov

Tojikiston maxsus xizmatlari tarqatgan xabarga ko‘ra, 1500 tojikistonlik xorijdagi qurolli mojarolarda ishtirok etmoqda.

Ular orasida 250 halok bo‘lgan insonlar ham bor.

Shu kunlarda O‘zbekiston davlat televideniyesi Suriyadagi urushda qatnashib kelgani da‘vo qilingan jangari va jihod g‘oyalarining mahalliy targ‘ibotchisi haqida ko‘rsatuv namoyish qilgan.

Moskva o‘zining Suriyadagi hujumlarini Rossiya va sobiq Sho‘ro respublikalaridan borib urush qilayotgan jangarilarning ortga qaytishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadi bilan ham tushuntirib kelmoqda.

Iroq va Suriyada Markaziy Osiyo mintaqasidan kelgan jangarilar soni ortmoqdami?

BBCUZBEK shu mavzuda Britaniyadagi Ekzeter universitetida asli kelib chiqishi Markaziy Osiyodan bo‘lgan va jihodiy g‘oyalarga ergashganlar bilan bog‘liq vaziyatni o‘rgangan tadqiqotchi Edvard Lemonga bilan suhbatlashgan.

Edvard Lemon: Mening o‘ylashimcha, ularning soni ko‘payyapti. Agar biz Tojikiston jangarilari soniga qaraydigan bo‘lsak, o‘tgan yil iyulida mamlakat Ichki ishlar vazirligi Suriya va Iroqdagi tojikistonlik jangarilarning soni 500 dan ko‘proq degan taxminiy raqamni bergan edi. Yaqinda Tojik rasmiylari jangarilar soni 1000 dan oshgani haqida xabar tarqatishdi. IShID safidagi Tojik jangarilari haqida ilk ma‘lumot 2013 yil oktyabrida e‘lon qilingan edi va ularning soni 500 deb aytilgan edi. Agar bu raqam 2013 yil oxiridan 2015 yil yozigacha 500 atrofida bo‘lgan bo‘lsa, oxirgi 6 oyda ularning soni yanada ko‘paygani aniq.

BBCUZBEK: Hozir Suriyadagi O‘zbek va Tojik jangarilarining umumiy va taxminiy soni qancha deb ko‘riladi?

Edvard Lemon: Markaziy Osiyo mamlakatlari taqdim etayotgan rasmiy statistik ma‘lumotlarni ishonchli deyish qiyin.U yerga borgan odamlarning aniq sonini hisoblab chiqish ham mushkul bir ish. Chunki ularning aksari Rossiyadan Turkiya orqali borganlar. Suriyaga kirishda har xil chegara nuqtalaridan o‘tishgan. Xavfsizlik xizmatlari har bir odamning qayerdan qayoqqa o‘tayotganini qayd qilib borishlari imkonsizdir. Tojikiston rasmiylarining mingdan ortiq deb berayotgan raqamini men nisbatan aniqroq bo‘lgan raqam, deb bilaman. U yerdagi O‘zbek jangarilarining sonini biz 2000 bilan 3000 ning o‘rtasida deb bilamiz. Lekin aniq sonini aytishga hamma qiynaladi.

BBCUZBEK: Demak, siz ham O‘zbekiston hukumati va davlat nazoratidagi matbuotda, ko‘p yosh o‘zbeklar IShIDga qo‘shilib ketayaptilar, degan da‘volarida jon bor deb o‘ylaysiz, shundaymi?

Edvard Lemon: Ha, bir qancha odamlar u yerga borayotganlari rost. Shuningdek, avvaldan u yerda bo‘lgan O‘zbek jangarilari ham bor. Agar aholi soniga solishtiradigan bo‘lsak, har 10 ming tojikistonlikdan bittasi Iroq va Suriyadagi jangarilar safiga qo‘shilgan, deb aytsak bo‘ladi. Agar biz Britaniya yoki Belgiyadagi musulmon aholi nisbatiga solishtirganimizda, har 5000 musulmondan bittasi qo‘liga qurol olganini ko‘ramiz. Ovro‘po mamlakatlariga solishtirganda Markaziy Osiyodan IShID safiga qo‘shilganlar nisbatan kamroqni tashkil etadi, ammo bu davlatlar uchun ayni ko‘rsatkich ham ko‘p…

BBCUZBEK: Hukumatlar o‘z fuqarolarini o‘zini "Islomiy Davlat" deb atagan guruh safiga qo‘shilishdan tiyishga harakat qilayotgan bir paytda ayrim jangarilar IShIDga qarshi jang qilmoqdalar. O‘zbek va Tojik jangarilari orasidagi bo‘linishlar qanchalar kuchli Suriyada?

Edvard Lemon: Ha, bu O‘zbekistonga xos narsa. Siz aytganingizdek, hamma odamlar ham IShIDga qo‘shilish uchun bormagan. Ayrimlar "Jabhatul Nusra"ga qo‘shilgan, boshqalar esa "Jannat oshiqlari" degan, Imom Buxoriy degan guruhlar saflariga borib qo‘shilganlar. Bu guruhlar Suriya ichkarisida bir-biriga qarshi jang qilmoqdalar. Tojikistonliklarning anchasi IShID safida, kamroq sondagi tojiklar "Nusra fronti" tarafida. 2014 yildan tojikistonliklarning ko‘pchiligi IShIDga borib qo‘shilayapti. O‘zbeklar esa rahbarlari orasida o‘zbeklar bo‘lgan har xil guruhlarga, xususan, Imom Buxoriy guruhiga borib qo‘shilayapti.

BBCUZBEK: O‘zbek jangari guruhlari o‘z targ‘ibotida norasida bolalardan qanchalar ko‘p foydalanayaptilar?

Edvard Lemon: Ha, ayniqsa, "Islomiy Davlat" o‘z targ‘ibotida bolalardan kuchli foydalanayapti. Ular bolalar ham kelib o‘z saflariga qo‘shilayotganini ko‘rsatmoqchi bo‘ladilar. Bolalar harbiy tayyorgarlikdan o‘tayotganlari, qurol ko‘tarib yurganlari, maktabga borayotganlari videolarini tarqatishgan. O‘tgan yili bir qozoq go‘dak "Isroil josusi" deb da‘vo qilishgan insonni o‘ldirgani videosini ham tarqatishdi. Qo‘lida quroli bor bolaning suratini ko‘rgan odam dahshatga tushadi. Bu bilan "Islomiy Davlat" jihodchilarning yangi avlodini tarbiyalab voyaga yetkazayotgani haqidagi mujdani yetkazmoqchi bo‘ladi. Ular "biz bu yerda doimiy qolamiz, bizning o‘rnimizga hali yoshlar keladi", demoqchi bo‘ladilar. Bularning tagida boshqa odamlarni kelib IShID safiga qo‘shilishlari rag‘batlantirish g‘oyasi yotadi.

BBCUZBEK: Yaqinda Imom Buxoriy guruhi o‘g‘il bolalarning qo‘liga qurol bergani videosi tarqaldi. Bunday videolarning haqiqiyligini qanday qilib tekshirish mumkin?

Edvard Lemon: Mening o‘ylashimcha, ular haqiqiy. Biz bundan oldin ham Markazi Osiyo jihodchilarining ham rasman e‘lon qilgan va ham norasmiy videolarida ko‘plab bolalar tasvirga tushirilganini ham ko‘rganmiz. O‘tmishda ham ular oilalari bilan borib bu guruhga qo‘shilganlarini aytganlar. Biz butun boshli oilalar Suriya yoki Iroqqa borganlari hujjatlashtirilganini yaxshi bilamiz. Shuning uchun, men o‘ylaymanki, o‘zbek tilidagi yoki boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlari tilidagi videolarga ishonchli, deb qarasak bo‘ladi. Bu videolarda bolalardan foydalanilayotgani tomosha qilgan odamni larzaga soladi hamda bu videolarga e‘tiborni tortishga xizmat qiladi.

BBCUZBEK: "Imom Buxoriy" guruhining boshqa bir videosida esa guruh Rossiya havo hujumlarining nishoniga aylangani aytilgan. Buni tekshirishning imkoni bormi?

Edvard Lemon: Ha, bu video oxirgi haftalarda tarqatildi. Unda bir ayol va bolalarining jasadi ko‘rsatiladi va ular Rossiya havo hujumlari oqibatida halok bo‘lganlari aytiladi. Bu Markaziy osiyolik jangari guruhlar uchun yangi jangarilarni jalb qilish yoki yollash maqsadini ko‘zlagan. Yuqorida aytganimdek, Markaziy osiyolik jangarilarning ko‘pchiligi Rossiyadan Iroq yoki Suriyaga o‘tishgan. Rossiya ularni bombardimon qilayotganini aytish bilan ular boshqa muhojirlarga "Rossiyaga borib ishlamang", "Rus kofirlarining qo‘lida qul bo‘lmang!", "Yaxshisi, kelib bizning safimizga qo‘shiling!", demoqchi bo‘ladilar.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq