Tojikistonda "IDga aloqador" 13 kishi qamaldi

Image copyright Reuters
Image caption Oxirgi paytda Markaziy Osiyo davlatlarida IDga aloqadorlikda o‘nlab kishilar qamalgan

Tojikistonning Hatlon viloyati mahkamasi Nurek shahrilik 13 kishini "Islomiy davlat"ga aloqador deb topib, uzoq yillarga ozodlikdan mahrum etgan.

Nureklik yigitlar shaharda ID bayrog‘ini osib ketganganlikda ayblanganlar.

Shuningdek, 13 sudlanuvchi mamlakat konstitutsion tuzumini kuch bilan o‘zgartirish, ekstremistik faoliyat olib borish va jinoiy tashkilot tuzish moddalari bo‘yicha aybdor topilganlar.

Sudlanganlarning eng yoshi 21da, ular orasida 74 yoshli keksa kishi ham bor.

13 fuqaro o‘tgan yil avgust oyida Tojikiston huquqni himoya qilish idoralari xodimlari tomonidan ushlangan.

IIVga ko‘ra, sudlanuvchilar internetda "Islomiy davlat"ning Yunus ismli jangarisi bilan tanishganlar.

"Yunus bizni ID bayrog‘ini o‘rnatganimizni suratga olish va unga yuborishimizni so‘radi", deb aytgan ular. Ayblanganlardan biri Davliyo Saidov dastlab hech narsadan shubhalanmaganlari, Yunus go‘yo ularni gipnoz qilib qo‘ygandek bo‘lganini aytgan mahkamada.

Bundan avval Hatlon viloyat mahkamasi Shahritusk tumanilik yetti kishini ID bayrog‘ini shaharda osib ketgani uchun 7 yildan 27 yilgacha ozodlikdan mahrum qilgan edi.

Suriya va Iroqdagi urushlarda qatnashish uchun o‘nlab markaziy osiyoliklar Rossiya va Turkiya orqali urush maydonlariga ketayotganligi bot-bot tilga olinadi.

Tojikiston Ichki Ishlar vaziri Ramazon Rahimzodaga ko‘ra, Suriya va Iroqda mingga yaqin tojikistonlik bor. Ulardan 156 tasi ushlangan, 61 nafari o‘z ixtiyori bilan ortga qaytgan. Yana 147 kishi janglarda halok bo‘lgan.

Image copyright
Image caption Tojikistonlik sobiq zobit Gulmurod Halimov IShID saflariga kirgan

2015 yil iyunda Tojik hukumati ID safiga kirish uchun ketganlar mamlakat fuqaroligidan chiqarilishini e‘lon qilgandi.

"Islomiy davlat" va "Nusra fronti" jangari guruhlarida ko‘plab markaziy osiyoliklar borligi aytiladi.

Biroq Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlari "Islomiy davlat"ga aloqadorlikda ko‘plab tinch dindor fuqarolarni ham qamoqqa tashlanayotgani haqida xavotirlar yangraydi.

Huquq tashkilotlari va faollarning aytishicha, hukumatlar shu tariqa muxoliflaridan qutulishning yangi chorasini topgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq