So‘z Sizga: Yozuvchilari uyushmasi kerakmi?

Image copyright none

Sho‘rolar davrining merosi bo‘lgan Yozuvchilar uyushmasi mavzusini ko‘tarishimizga sabab, avvalroq O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi o‘z safidan 26 nafar shoir-yozuvchini badarg‘a qilgani haqida paydo bo‘lgan xabarlar bilan bog‘liq.

BBC bilan suhbatda Yozuvchilar uyushmasi manbasi ro‘yxatdan o‘chirilganlar bor, ammo ular shu kecha-kunduzda emas, balki "yillar davomida" uyushma safidan chiqarilganini aytgan. Unga ko‘ra, uyushma nizomiga ko‘rsatilgan talablarga javob bermagan, "ijodi to‘xtab qolgan" ijodkorlar ro‘yxatdan o‘chirilgan.

BBCga bildirilishicha, O‘zbekiston Xalq shoiri Xurshid Davron "Yozuvchilar uyushmasidan chiqarilgani yo‘q".

Muhojirotda bo‘lgan shoir va siyosatchi Muhammad Solih esa, bu uyushmadan o‘chirilishini o‘zi uchun sharaf deb bilishini aytgan.

A‘zolikdan chiqarilgani aytilayotgan shoir Norto‘xta Qilich aslida 2007 yil Yozuvchilar uyushmasidan "o‘z arizasiga binoan" ketgani bildirildi.

Yozuvchilar uyushmasi xizmatchisi so‘nggi xabarni "gij-gijlovchilar"ning ishi sifatida ta‘rifladi.

Ayni paytda bir paytlar O‘zbekistondagi yozuvchi-shoirlarga moddiy va ma‘naviy rag‘bat ko‘rsatib kelgan tashkilotdan bugun asosan faqat nomi qolgani haqida gapiriladi.

Ammo, ayrim adiblarga ko‘ra, Sho‘rolar davrida kommunizmga xizmat qilish uchun barpo etilgan yozuvchilar uyushmasi, bugungi kunda mohiyatan o‘zgargani yo‘q.

Bugun yozuvchi va shoirlar O‘zbekiston hukumati siyosatini madh etishga da‘vat qilinadilar.

O‘zbekistonda ijod muhiti Sho‘rolar davrinikidan farq qilmasligi, mustaqil va erkin ravishda turfa mavzularda qalam tebratish hamon orzu ekani aytiladi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi mushtariylarimiz: Sizningcha, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi kabi turfa tashkilotlarga bugun ham ehtiyoj bormi?

Ijod qilish uchun biror bir uyushmaga a‘zo bo‘lish shartmi? Umuman, Siz O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi haqida nimalarni bilasiz? kabi savollarga yuzasidan fikrlarini bildirishgan.

BBC UZBEK ning Facebook dagi o‘quvchilarining fikrlari: (Izohlar ayrimlari hech bir tahrirsiz berilmoqda)

Farkhod Abdurakhmonov: Hozirgi O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi 1934 yilda SSSRda Kommunistik Partiya Qarori bilan tashkil etilgan SSSR Yozuvchilar Soyuzining O‘zbekistondagi bo‘linmasi huquqiy vorisidir. Hammamizga ma‘lumki, u paytdagi Yozuvchilar Soyuzining asosiy faoliyati kommunistik g‘oyani targ‘ib etishga qaratilgan, doimo kommunistik partiyaga xizmat qilgan va uning to‘laqonli nazorati ostida bo‘lgan. Mustaqillikka erishganimizdan keyin Yozuvchilar Soyuzi Uyushmaga aylantirildi. Uyushma degani qisqacha aytganda, ma‘lum bir yo‘nalishda faoliyat olib boruchi mutaxassislar, ijodkorlar, ishlab chiqaruvchilar, xizmat ko‘rsatuvchilar va hokazolarning muayyan maqsadni ko‘zlab ixtiyoriy ravishda tashkil etgan birlashmasi hisoblanadi. Yozuvchilar Uyushmasi shu ma‘noda aytish mumkinki, yozuvchilarning do‘stona bir doirasi, ularning bir-birlari bilan fikr almashishlari, o‘zaro ijodlarini boyitishlari uchun yaratilgan bir maydon, bir minbar, bir maslahatlashish burchagidir. Uyushma o‘z maqsadlarini ro‘yobga chiqarish uchun uning a‘zolari tomonidan saylanadigan rahbariyatga ega bo‘lishi kerak. Rahbariyatning birinchi vazifasi esa uning a‘zolari manfaatlarini turli joylarda himoya etish bo‘lishi kerak. Uyushmaga a‘zolik va undan chiqish ixtiyoriylikni talab etadi. Shularni hisobga olgan holda, Yozuvchilar Uyushmasi o‘z faoliyatini olib borishi kerak, ammo amaliyotda ko‘ryapmizki, u eskicha Soyuzdan qolgan ishlarni davom ettiryapti. Aytish joizki, yozuvchi, ijodkor bu avvalo erkin shaxs bo‘lmog‘i kerak, yozuvchining eng asosiy vazifasi bu haqiqatni yozish, xalqning dardu-alamini, shodu-qayg‘usini bayon etish, xalqning ma‘rifatlilik darajasini oshirishga xizmat qilishdir. Basharti shunday ekan, yozuvchi uchun qandaydir uyushmaga a‘zo bo‘lish aslida shart emas va yozuvchining maqomi, obro‘-e‘tibori uning uyushmaga a‘zoligi bilan belgilanmaydi, yozuvchi avvalo xalqning haqiqiy iqtidorli yozuvchisi bo‘lishi kerak. Xalqning haqiqiy yozuvchisi sharafiga muyassar bo‘lish bu O‘zbekiston Xalq Yozuvchisi degan rasmiy unvonga egalikdan ham ustundir. Afsuski, hamma paytda ham bu ikkala mavqe‘ bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi. Yozuvchilar Uyushmasi bir tomondan milliy adabiyotimizning namoyandalarini o‘z atrofiga birlashtirgan ekan, ushbu holatda adabiyot erkinligi, uning siyosatdan va har qanday mafkuradan ustun turishi tamoyillari mazkur tashkilotga asosiy qoida bo‘lmog‘i zarurdir. Albatta yozuvchilarimiz mustaqilligimizni mustahkamlashga, mamlakatimizning ma‘naviy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilishlari lozim, ammo ushbu jarayonda ular yuzaga kelgan har qanday xato va kamchiliklarni tanqidiy ko‘z bilan qarab yoritishlari shart, shuningdek, siyosatimizdagi nuqsonlarni ob‘ektiv baholashlari ham o‘rinlidir. Asosiysi, ularning qo‘llaridagi qalam faqat ob‘ektiv haqiqatni yozishi darkor va yozuvchilarimiz haqiqatni bayon etganlari uchun jazolanishlari emas balki taqdirlanishlari lozim. Agar yozuvchi, shoir haqiqatni yozmasa, maddohlikka berilsa, iqtidorsiz yozuvchilar ko‘paysa bunday holatda mazkur davlat ma‘naviy bo‘hronga, ma‘naviy qashshoqlikka yuz tutganligini anglatadi.

Jamshid Nosirovich: Unda yozuvchilar pravsoyuzi desayam bo‘larkan...

Mirza Anvar Xamidov: Yozuvchilar (profsoyuzi) kasaba uyushmasi - to‘g‘ri ta‘rif!

Farkhod Abdurakhmonov: Mirza Anvar Xamidov Har holda oldingi Yozuvchilar Soyuzidan tubdan farq qiladigan, demokratik jamiyat tamoyillariga xos qonunchilik asosida faoliyat olib boruvchi mustaqil, ixtiyoriylik asosida millatning adiblarini o‘zida birlashtirgan uyushma bo‘lishi kerak deb o‘ylayman.

Omonxon Mamadaliev: Ular maosh ham olishsa kerak hali....

Farkhod Abdurakhmonov: Omonxon: Mamadaliev, uzr, tushunmadim, maosh haqida so‘ralmagan bu yerda.

Omonxon Mamadaliev: Agar maosh olishmasa demak erkinroq ijod qilishadimikin degan ma‘noda... chunki moddiy manfaatdorlik bor joyda fikr va ijod erkin bo‘lmaydi... bu gaplar uyushmaga taalluqli.

Gulshoda Kurbonova: Uyushma ham shaxsiy parnikga aylangan. Ammo, haqiqiy iste‘dodlar issiqxona tanlamaydi. Qorda ham gullaydi, cho‘lda ham gullaydi, kerak bo‘lsa, toshni nish yorib chiqib bo‘y ko‘rsatadi...

Shukurjon Islomov: Yozuvchilar uyushmasi qayta qurish yillarida haqiqiy minbarga aylangan. Hozir tarqatib yuborilsa, birov sezmasa ham kerak. Moliyalaydigan davlat bo‘lganidan keyin izmidan chiqolmaydi-da. Kutib tursak, qolgan-qutgan yozuvchilarni ham haydasa, Facebook dan har birlari profil ochib, romanni shu yerda yozishlari lozim.

Doston Musayev: Tarqatildi nima, tarqatilmadi nima? Informatsion asrda yashayapmiz, adib nafsi uchun ijod qilmasa, uni dunyoni narigi chekkasidan ham o‘qiyveramiz.

Rahimjon Turdiyev: Hech nima bilmayman, bilishni ham istamayman. Qanaqadir uyushmalarga a‘zo emasman, guruh tuzib qandaydir sektalarga aralashib yurishni ham istamayman. (kulgu beligisini qo‘ygan) Menga qolsa, tarqatib yuborishsin bu uyushmani...

Muxammad Mirzo: Yozuvchilar uyushmasi... boridan yo‘g‘i yaxshi.

Seyera Siyera: Haqiqatni yozadigan yozuvchining nima bo‘lishi har kimga ma‘lum...

"Odnoklassniki"dagi BBC UZBEK sahifasida qoldirilgan izohlar:

SHOIR ISMOIL QAMBARIY: Qiziq, men bu haqda o‘ylab ko‘rmabman!

K O N S T R U K T O R: Yozuvchisi maddohga aylantirilgan yurtning ma‘naviyati tanazzulga mahkumdir. Uyushma esa, maddohlar yetishtirib beradigan eski, keraksiz mashinaga aylanib qolganiga ancha bo‘ldi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq