Olmotidagi kafeda ruhiy xastalar ishlamoqda

Image copyright joannalillis

BBC Jahon Xizmati "Ichki dunyo" deb nomlangan mavsum boshladi. Ushbu mavsumda ruhiy kasalliklar bilan bog‘liq muammolar, sog‘liqni saqlash tizimi va jamiyatda ruhiy xastalarga munosabatga doir maxsus lavhalar berib boriladi. Bugun ushbu mavsum doirasida biz Olmoti shahrida ochilgan unikal "Treyning kafesi" haqida Qozog‘istonda yashovchi jurnalist Joanna Lillis bilan suhbatlashdik.

Lillis: "Treyning kafe" deya nom berilgan bu kafe ruhiy kasalliklarga chalingan odamlarni ishga jalb qilish loyihasi doirasida ochilgan. Bu kafening barcha xodimlari ruhiy shifoxonada yashab va davolanib kelayotgan odamlardir. Ularning ko‘pchiligi 20-30 yoshlar o‘rtasidalar. Bu yoshlar kafedagi barcha ishlarni yuritishadi, ovqatlarni tayyorlaydilar, ovqatingizni sizga olib kelib beradilar, keyin stollarni tozalaydilar va hokazo. Ularning faoliyatini mazkur loyihani boshlagan mutaxassislar tekshirib turishadi. Bu kafening qiziq tarafi shundaki, u ruhiy xasta odamlarni jamiyatga jalb qilishga urinmoqda. Bu sobiq Sovet respublikalari uchun odatiy hol emas. Chunki bu davlatlarda ruhiy qiyinchiliklarga duch kelgan odamlar jamiyatdan ajratib qo‘yiladi va izolyatsiyada ushlanadi. Ruhiy kasallarni mahalla yoki jamoatchilik ishlarida ko‘rmaysiz. Shu jihatdan bu loyiha menga juda foydali va yangi narsadek ko‘rindi.

BBC: Siz kafega borganingizda, u yerdagi ishchilar bilan o‘zingiz muloqot qildingizmi? O‘zingizni qanday his etdingiz?

Lillis: Albatta, gaplashdim. Kafeda juda xushchaqchaq kayfiyat hukm surardi. Ishchilar ish davomida bir-birlari bilan hazillashib, kulishardi. Ikki xodim menga bu ishga jalb qilinganlaridan behad xursand ekanlarini aytib berishdi. Yoshlari 20-21larda bo‘lgan bu xodimlar avval qayerdadir ishlash imkoniga ega bo‘lmagan ekanlar. Ular bolalar uyidan internatga, keyin ruhiy xastalar uyiga joylashtirilganlar. Jamoatchilikka umuman aralashmagan ekanlar. Ularga aniq qanday tashxis qo‘yilganini bilmayman. Ruhiy xastaligi darajasi bir-biridan farq qiladi, va ba‘zilari begona odamlar bilan maroqlashib suhbatlashishadi. Ba‘zilari esa jamoatchilik bilan muloqot qilmasdan, oshxonada ishlashni afzal ko‘radilar. Boshqalari esa o‘zlariga ishongan, dadil yoshlar. Bu tajriba shuni ko‘rsatdiki, ba‘zi ruhiy holatlar tufayli odamlarni chetlab qo‘yish noto‘g‘ri. Bu ruhiy holatlarning ayrimlari, masalan, G‘arbda jiddiy kasallik hisoblanmaydi. Ularni jamiyatdan ixotalab qo‘yishga hech hojat yo‘q aslida.

BBC: Ruhiy xasta hisoblangan odamlar jamoatchilik bilan muloqot qilishdan nima foyda ko‘radi?

Lillis: Ularning o‘zlari menga aytishlaricha, juda ko‘p foyda ko‘radilar. Chunki ular ruhiy xastalar uyidan tashqarida hech kim bilan gaplashmagan ekanlar. Bunday imkoniyat hech qachon ularga taqdim etilmagan. Eskicha sovet ruhshunoslik tajribasiga binoan, ruhiy holati buzilgan odamlar ixotalanib qo‘yiladi. Ammo, vaziyat o‘zgarayapti. Bu yoshlar menga endi kelajakdan umidbaxsh ekanlari, balki endi haqiqiy ishga joylashib, hamma qatori umr kechirishlariga yo‘l ochilishiga umid qilayotganlarini aytishdi.

BBC: Siz ular bolalaligida mehribonlik uyida katta bo‘lganlarini aytdingiz. Qozog‘istonda ruhiy xastalarning ko‘pchiligi shunday o‘tmishga egami? Ya‘ni ular bolaligidanoq ixotalangan holda katta bo‘lishganmi?

Lillis: Ularning deyarli barchasi tug‘ilganlaridayoq qandaydir ruhiy xastalikka ega bo‘lganlari aniqlangach, ota-onalari tomonidan tashlab ketilgan ekanlar. Bu loyihani boshqarayotgan bir mutaxassisning aytishicha, Qozog‘istonda ruhiy holati buzilgan insonlarga bo‘lgan yovqarash haliyam kuchli. Ota-onalar bu kabi farzandni katta qilishda ko‘p qiyinchiliklarga duch kelamiz deb o‘ylashadi, chunki jamiyat ularni qabul qilmaydi. Shuning uchun bu bolalarni hamma tashlab ketadi va ular butun umrni boshqalardan ajratilgan holda o‘tkazadilar. Bu bolalar o‘z ota-onalarining kimligini bilishmaydi, shunday ekan, ular qashshoq oilami, yoki o‘rtahol yo badavlat oiladan chiqqanlarini aytish qiyin.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon