Toshkent daraxtlari kesilishiga "rasmiy" aralashdi

O‘zbekiston poytaxtida chinorlar kesilishi atrofida yuzaga kelgan noroziliklarga Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori Sayyora Xo‘jayeva aralashdi.

Mazkur idora nohukumat tashkilot hisoblansa-da, o‘tmishda Toshkent viloyati hokimining muovini va Markaziy saylov qo‘mitasining raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Sayyora Xo‘jayevani ko‘plar hali ham davlat rasmiysi deya qabul qilishadi.

Toshkent shahri hokimi Rahmonbek Usmonovga daraxtlarning yoppasiga kesilishiga izoh so‘rab yo‘llagan maktubini Xo‘jayeva xonim o‘zining Facebookdagi sahifasida chop qildi.

Xo‘jayeva xonim o‘z maktubida poytaxt aholisining shikoyatlari, xususan daraxtlar kesilishi bilan shahardagi ekologik tizimning buzilishi, xususan, mayda qushlar yo‘qolishidan xavotirlarni tilga oladi.

U O‘zbekiston Respublikasining "Davlat boshqaruv organlari faoliyatining shaffofligi" qonuniga tayanib, Toshkent hokimidan chinorlar kesilishi bo‘yicha bir necha savollarga javob berishga undagan:

  • Daraxtlar kesilishi qanday normativ-huquqiy akt asosida amalga oshirilmoqda?
  • Kasallangan daraxtlar aniqlangani haqida ekspertlar xulosasi bormi, agar bor bo‘lsa, bu xulosa bilan qanday tanishish mumkin?
  • Daraxtlarni kesish masalasi Xalq depatutlari Toshkent shahar kengashi deputatlari o‘rtasida muhokama qilinganmi va bu muhokamalarda jamoatchilik vakillari qatnashganmi?
  • Toshkent shahrida daraxtlarni ommaviy kesish bo‘yicha Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi xulosasi bormi?
  • Toshkent shahrida daraxtlarning hasharotlar tomonidan zararlanishi yuzasidan tadqiqotlar olib borilganmi? Bu tadqiqotlar kim tomonidan va qachon olib borilgan? Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi daraxtlarga zarar yetkazuvchi hasharotlarga qarshi kurash bo‘yicha qanday choralar taklif qilgan? Shahar aholisini boxabar qilish maqsadida mazkur tadqiqotlar ma‘lumotlari matbuotda e‘lon qilib boriladimi?

Sayyora Xo‘jayeva o‘z Facebook sahifasida mazkur maktub nusxasini chop qilar ekan, "Toshkent shahri hokimiga yo‘llangan rasmiy murojaatnomaga javob kutib qolamiz. Javob chop etiladi!" deb yozdi.

Hozircha Toshkent shahar hokimiyati mazkur masala borasida biron bayonot bilan chiqmagan. Hokimiyatning saytida bu borada xabar yo‘q.

Ayni damda minglab toshkentliklar imzo chekkan petitsiya ham javobsiz qolmoqda.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon