"Rossiyalik sayyohlar Turkiyadan voz kechmaydilar"

Image copyright AFP

Turkiya Bosh vaziri Ahmad Dovudo‘g‘li fikricha, Rossiya bilan Turkiya o‘rtasida kuzatilayotgan taranglikka qaramasdan Turkiyada hordiq chiqarishni xohlaydigan rossiyalik sayyohlarning soni kamaymaydi.

Turkiya bosh vaziri bu haqda mamlakat sayyohlik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash rejasi e‘lon qilinishi ortidan gapirgan.

Hurriyet nashri xabar qilishicha, Turkiya hukumati turizm sohasiga 255 million lira yoki 87 million dollar miqdorida moliyaviy ko‘mak ko‘rsatishga qaror qilgan.

Matbuot anjumanida Bosh vazir Ahmad Dovudo‘g‘li aytishicha, Turkiya bilan Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashishi ortidan Turkiya sayyohligi muayyan qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Janob Dovudo‘g‘li aytishicha, Turkiyaga dam olish uchun kelgan rossiyalik sayyohlar u yerdagi sharoitni yoqtirib qolganlar va yana hordiq chiqarish uchun qaytganlar.

Dastlab bolaligi yillarida ilk bor Turkiyaga kelgan rossiyalik sayyoh oradan 10 yil o‘tganidan keyin voyaga yetgan yigit sifatida o‘zi mustaqil Turkiyaga hordiq chiqarish uchun kelgan, deb aytgan janob Dovudo‘g‘li.

Bunga har xil siyosiy qarorlar ta‘sir ko‘rsatolmaydi, deb aytgan Turkiya bosh vaziri.

Turkiya bilan Rossiya o‘rtasidagi aloqalar 2015 yil 24 noyabrida Rossiya harbiy uchog‘i urib tushirilganidan keyin yomonlashdi.

Suriyadagi bombardimonlarda ishtirok etayotgan Rossiya uchog‘ini Turkiya harbiylari o‘z havo hududini buzishda aybladilar va urib tushirishga majbur bo‘lganlarini aytdilar.

Turkiya harbiylariga ko‘ra, rossiyalik harbiy uchuvchilar bir necha bor ogohlantirishlarga javob qaytarmaganlar va Turkiya hududiga kirganlar.

Rossiya esa o‘z uchog‘i Turkiya havo hududini buzganini rad etadi.

Prezident Vladimir Putin Turkiya tomonidan o‘z uchog‘i urib tushirilishini "orqaga pichoq urish" deb ta‘rifladi va Turkiyaga nisbatan sanktsiyalar joriy etdi.

Turkiya shirkatlarining Rossiyadagi faoliyatiga cheklovlar kiritildi.

Turkiyadan meva-sabzavotlarni Rossiyaga olib kirish taqiqlandi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rossiyaliklarga Turkiyaga safarlardan tiyilishni tavsiya qildi.

Muxbirlarning yozishicha, Turkiyaga boradigan olmoniyalik sayyohlar soni ham kamaygan.

Bunga Istanbulda xudkush hujumchi sodir etgan portlash oqibatida o‘n Olmoniya fuqarosi halok bo‘lgani sabab bo‘lgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq