"Oltin baliqcha" ertagi zamonaviy talqinda

Image caption "Yurgan edingiz beg‘am, eski bo‘lsa ham Matizni tirillatib. Quda-andani oldida yo‘g‘ingizga manmansirab… Aaa, o‘zbekchilik qursin-a!..."

Matizchani tirrillatib ko‘cha-ko‘yda kira qilib, bir amallab tirikchilik o‘tib turgandi. So‘nggi xabarlarni eshitgach, dilimga g‘ul-g‘ula tushdi. Litsenziyasiz taksichilar jarimaga tortilib, mashinasi musodara bo‘layotgan ekan. Kiraga qo‘l ham bormay qoldi. Bir haftacha uyda yotdim bekorchilik qilib. Uyda kelin oyingiz har kuni vaysaydi diydiyosini aytib: "Qachon odamlardek yashaymiz?! Qachon bir ishni boshini ushlaysiz…"

Bir vaqt eshik taqilladi. Qo‘shnimiz Hakim "Bonka" ekan. Laqabi "Bonka" ekanligi - dodasi sovet rublini bonkaga solib yerga ko‘mib "tuzlab" qo‘ygan ekan bir vaqtlar. Xullas kelib "aka, bolalarimni maktabga olib borib, olib kelib tursangiz degandim, mana bu avans" deb bir pachka mingtalikni qo‘limga tutqazdi. Uyga qaytib kirsam xotin hali ham diydiyosini to‘xtatmay javrab yotgan ekan. Qo‘lga pul tushib men ham o‘zgardim. "Eee, bo‘ldi qil-eee!", deb o‘shqirdim. "Men Xudo degan odamman! Uyda yotib ham pul topaman", deb pulni ko‘rsatib kerildim. "Ovozingiz chiqib qolibdi. Tinchlikmi?" deb so‘radi xotin. "Ishonmaysan laqqa baliq emas, oltin baliqni dumidan ildim", dedim unga.

5-6 kun maktabga borib-kelib yurdim. "Bonka" oldimga chiqib "aka, bu Matizingiz shaldiroq arava bo‘lib ketibdi-ku. Buni yangilash vaqti kelibdi-ku" - dedi. Men unga "o‘zi endi qiz chiqargan bo‘lsam qarz havola qilib", desam. "Aka, quda-andani oldida yangi Kobaltda tushib kelsangiz boshqachada", deydi. Shu kalit so‘zi miyamni raso fikrlashdan to‘xtatdi. Qanaqa qilib rozi bo‘lganimni bilmay qoldim. Xullas, Matizimni narxlab olib qolib, yoshiga to‘lgan yangi Kobaltni variantga oradagi farqni foizi bilan maydalab berishga mindirib yubordi.

"Bonka" dodasidan farqli o‘laroq, pulni konservalamay aylantiradi. Mashinani pulini uzoq muddatga ustama narxi bilan olish ribo xisoblanmas ekan. Bunga shar‘iy yo‘l ham bor ekan.

Oppoqqina Kobaltni minib uyga kelganimda, hammadan ham kenjatoy o‘g‘ilcha xursand bo‘ldi, tushmay o‘tirib oldi. Shu payt 3 nafar ulfatlar kelib qolishdi. "Bu mashina yuvmaysanmi?" - deb turib olishdi. Uyda osh qilib beray desam, buni oyog‘ini ko‘rmasak bo‘lmas deyishdi, xullas Chinozga Yallamaga baliqxo‘rlikka yo‘l oldik. Ippodrom tarafdan 7-8 tacha ko‘prik sanadik va shamoldek uchib manzilga yetib keldik.

Tirik baliqni hohlaganingizni tanlaysiz, joyida tilib jiz-biz qilib beradi. Biz ham bitta katta laqqa baliqni oldik. O‘zini yog‘ida qovurib dasturxonga tortdi. Mazza qilib paqqos tushirayotganimizda, oshnam o‘g‘ilchamdan:"katta bo‘lsang kim bo‘lmoqchisan?"- deb so‘radi. U ham xech ikkilanmay "Korzinka" supermarketida ishlamoqchiman", dedi. Boshqa do‘stim "Nega aynan u yerda?" deb so‘radi. O‘g‘ilcham esa "chunki u yerda Lego robotlarini mazza qilib o‘ynayman", dedi. Unga anchadan beri shu o‘yinni olib berishni va‘da qilib kelaman. Buni eshitgan uchinchi sherigim "biz bolalikda kosmonavt bo‘lishni orzu qilardik. Osmonni zabt etishni xayol qilardik. Hozirgi bolalarga hayronsan!" deb ajablandi. Shunda savolni birinchi bergan do‘stimiz "a bu sen orzuingga erishmading, xom hayol qilarding. Bu bola esa real narsalarni orzu qilmoqda" dedi. Uchinchi sherigimiz buni eshitgach "bola dunyoqarashining 80 foizi 5 yoshigacha shakllanar ekan. Shunga unga ko‘proq o‘yinchoq olib berish kerak ekan. Savollariga erinmay javob berish kerak ekan. Muzey, teatr, zoopark, tsirk-pirkka tez-tez olib borish kerak ekan, dedi.

Men bularni eshitgach bir oz sukut saqlab qoldim. Oshnalar "senga nima bo‘ldi?"- deb so‘rashdi. Bitta Lego robotni anchadan beri olib berolmayman-ku, bu narsalarni qanday eplayman dedim. Uni ustiga endi har oy "Bonka"ga 400 ko‘katni qurtdek sanamasam, shu "yuvilayotgan" Kobaltdan ham ayrilib qolaman, deb dardimni ularga dasturxon qildim.

Laqqada suyak bo‘lmasada, sheriklarni tomog‘iga qiltanoq tiqilgandek hammalari jim bo‘lib qolishdi. Birinchi do‘stimiz ikkinchisiga qarata "Bonka" ham bolaligida kosmonavt bo‘lib osmonga uchishni orzu qilgan bo‘lsa ajabmas. Faqat u sendan farqli o‘laroq, orzusini qisman ushlabdi. O‘zi uchmasa ham birodarimizni asfalasofinga "uchiribdi" mana, dedi jahl bilan.

"Ha, nimasini aytasan, do‘stimiz oltin baliqni dumidan ushladim deb xomxayolga borib yurgan ekan. Aslida "Bonka" qurg‘ur uni mana shu laqqa baliq kabi jabrasidan ushlabdi, dedi. Har holda "Oltin baliqcha" ertagida chol-kampir teshik tog‘ora oldida qolishadi, bu esa endi o‘zini "tog‘ora" bo‘lib ketgan shaldiroq aravasidan ham quruq qolishi hech gap emas, deya yaramga tuz sepdi.

Uyga xomush qaytdim.

Kunlar ham uchib o‘tmoqda. 1 Mart ham yaqinlashmoqda. 400$ qayerdan olsam ekan deb boshim qotgan. Bu yoqda xotinni jag‘i kuchayganda kuchaymoqda - "yurgan edingiz beg‘am, eski bo‘lsa ham Matizni tirillatib. Quda-andani oldida yo‘g‘ingizga manmansirab… Aaa, o‘zbekchilik qursin-a!..."

Toshkentlik muxlis.

Bu mavzuda batafsilroq