O‘shda 16 ayol hizbchilikda gumonlanmoqda

Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida “Hizb ut-Tahrir” a‘zoligida gumonlanib 16 ayol qo‘lga olingan.

Qirg‘iziston Ichki Ishlar Vazirligining O‘sh viloyat bo‘limi matbuot kotibi Jenish Ashirbayevning ma‘lum qilishicha, Qorasuvda "Hizb ut- Tahrir" diniy-ekremistik tashkilotining ayollar qanoti faoliyati fosh etilgan.

Prokuratura ruxsati asosida Qorasuv shahri uylarining birida o‘tkazilgan tintuv natijasida o‘ndan ortiq ayol hibsga olingan. Ulardan ektremistik mazmundagi materiallar topilgan.

Ayollardan uch nafariga jinoiy ish qo‘zg‘atildi – deydi Jenish Ashirbayev.

“Ayollar uyda islom haqidagi kitoblarni o‘qib, o‘rganishlik uchun yig‘ilganliklarini aytmoqda".

"Ularning ekstremistik guruhga aloqasi bor yoki yo‘qligi, tergov ishlari yakunlanganidan keyin aniqlanadi. Shuningdek, diniy ekspertiza ham o‘tkaziladi” – deya qo‘shimcha qildi O‘sh viloyati Ichki ishlar bo‘limi matbuot kotibi Jenish Ashirbayev.

Joriy yilning 19 fevral kuni O‘sh viloyatiga qarashli Qorasuv shahrida tuman militsiyasi oldida “Hizb ut- Tahrir“ a‘zolari to‘planganlar.

Norozilik namoyishi haqida guruh a‘zosi Bi-bi-siga quyidagilarni aytib berdi:“Biz norozilik aktsiyamizda, militsiya tarafidan musulmonlarga o‘tkazilayotgan taziyqlarni to‘xtatilishini talab qilib chiqdik. So‘nggi paytda Qorasuvda ayollarni uylarda yig‘ilishlarini taqiqlashlar bo‘lyapti. Ularni turli xil bahonalar bilan qo‘lga olib, “Hizb ut- Tahrir“ a‘zoligida ayblamoqdalar. Shuning uchun biz erkaklar, bugun qo‘llarimizni bog‘lagan holda militsiyaga o‘zimiz bordik. Mana bizlarni qamanglar deb”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, militsiya hodimlari avvaliga tadbir qatnashuvchilariga do‘q-po‘pisa qilganlar va olomonni tarqatishga harakat qilganlar.

Keyinchalik shahar hokimi va mahalliy faollar kelib, ularni majlislar xonasiga olib kirib, suhbatlashganlar.

“Shahar hokimi bizni bu harakatimiz noqonuniy ekanini, avval rasmiylardan ruxsat olish kerakligini aytdi. Bizga tushuntirishga harakat qildi. Lekin, agar shahar hokimi o‘z hududida nima bo‘layotganini bilmasa, demak u aholidan yiroqda ekanligi ko‘rinib turibdi” – deydi “Hizb ut- Tahrir“ a‘zosi.

Bir soatlik suhbatdan so‘ng, namoyish qatnashuvchilari tarqab ketgan.

“So‘nggi yillarda shaharda militsiya hodimlari yigitlarni noqonuniy qo‘lga olib, qo‘l telefonlarini tortib olish bilan, ularning ota-onalarini shantaj qilayapti va minglab dollar pul undiryapti. Ko‘plab insonlar qamoqqa tushishdan qo‘rqib, so‘ralgan pulni qarz havola qilib bo‘lsa ham olib keladi va bu haqda hech qayerga shikoyat qila olmaydi. Jabrlangan ota-onalar o‘z farzandlarini chet elga chiqarib yuborishyapti. Bu tadbir bir kunda tashkillashtirilib, o‘tkazilayotgani yo‘q. Hattoki “Hizb ut- Tahrir“ a‘zolarini qo‘lga olganlarida ham chiqmaganmiz. Bu muammo yillardan beri hukm surib kelmoqda. Bu tadbir huquq tartibot organlarining aynan shu kabi noqonuniy ishlarini to‘xtatishliklariga qaratilgan.” – deb izohlaydi u.

“Hizb ut- Tahrir“ tashkiloti Qirg‘izistonda rasman taqiqlangan bo‘lib, radikal-ekstremistik tashkilot sifatida ko‘riladi.

Rasman faoliyati ta‘qiqlangan ushbu guruh a‘zolari, vaqti-vaqti bilan davlat siyosatining noqonuniy ko‘rinishlariga qarshi norozilik tadbirlarini o‘tkazib keladilar.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter -BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon