Toshkentda dollar narxi 6600 so‘mga chiqdi

Image copyright AFP

Xabarlarga ko‘ra, Toshkentda AQSh dollarining qora bozordagi narxi 26 fevralda 6660 ga chiqqan. Bu narx viloyatlarga ham taluqli.

Dollaruz.com. sayti xabariga ko‘ra, 25 fevralda dollar 6630-6640 atrofida bo‘lgan.

Shu hafta boshida bir dollar narxi 6480 so‘mga sotilgan, 6460 so‘mga olingan.

Dollarning rasmiy kursi 2851,65 so‘m qilib belgilangan.

Biroq bu narxda banklar dollar almashtirishi har doim muammo. O‘zbekistonda oddiy aholining bankdan rasmiy kursda muammosiz dollar sotib olishi noodatiy ko‘rinish sanaladi. Faqatgina istisno tarzida xorijga chiqadigan fuqarolarga bir kvartalda 2ming dollar almashtirish imkoni berilgan. Odamlarning aytishicha, unda ham tanish-bilish, pora berib ilojini qilish qilib olish mumkin xolos.

Ayni paytda O‘zbekistonda dollarning to‘rt kursi amal qiladi. Dollarning Milliy bank tomonidan belgilangan rasmiy narxi, Respublika valyuta birjalaridagi savdoda belgilanadigan narx, mahsulot-xomashyo birjasidagi kliring narx va qora bozordagi narx yoki oddiy qilib aytganda, haqiqiy narx - aholi va kichik tadbirkorlar uchun ishlaydigan dollar kursidir.

Dollar narxining ko‘tarilishidan zarar ko‘radigan qatlam ham oddiy aholi sanaladi.

Toshkentlik talbaning aytishicha, dollar narxi oshishi ijrara haqlariga ta‘sir qiladi. Aksariyat ijara haqini dollarda to‘lashni talab qilgani uchun, talaba pulini dollarga almashtirishga majbur. Hozir bir xonali uylarning ijarasi 120 dollar, ikki xonaliklar 200, uch xonaliklar 230-300 dollarda baholanadi. Albatta talabalar asosan bir xonali uylarni ijaraga olishadi. Ko‘pchiligi uyidan yordam olmaydi va ijaraga pulini o‘zi ishlab topishga majbur.

Bundan tashqari imtihonlarni yopishga ham domlalar dollarda narxini qo‘yadi, imtihonlarni yopishga 50 dollargacha berishga to‘g‘ri keladi va bu talabalar uchun ko‘p, ayniqsa dollarning hozirgi narxida deydi u.

Toshkentdagi do‘konlardan birida savdo qiluvchi tadbirkorning aytishicha, "maishiy texnika savdosi bilan shug‘ullanuvchilarga ham dollar narxi oshishining salbiy-ijobiy jihatlari bor. Xitoyda dollar oshmagan bo‘lsa, bizga foyda. Mahsulotlarni Xitoydan olib kelamiz. Aks holda iloji yo‘q narxni oshirishimizga to‘g‘ri keladi".

Dollar narxini tushirib yig‘ib olib, qimmat narxda sotilishidan manfaatdorlar bor. Bu ularning ishi, deb aytadi yana bir suhbatdosh.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati bundan bir necha yil oldin mamlakatda mavjud bo‘lgan valyutaning bir necha kurslarini bir xillashtirishni aytib, qora bozorni yo‘q qilmoqchi edi. Biroq vaziyat hamon o‘zgarmagan. Bugungi maqsad nima ekanini hech kim bilmaydi. Biroq yillarki, ahvol o‘zgarmas ekan, qora bozor borligidan manfaatdor guruh aynan eng yuqorida turgani haqida fikrlar ko‘proq haqiqatga yaqin, deydi ular.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter -BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq