‘Hamma FIFA yangi prezidenti kim bo‘larkin, degan o‘yda’

FIFA uchun tarixiysi bo‘lishi aytilayotgan va shu soatlarda boshlanishi kutilayotgan prezidentlik saylovlari O‘zbekistonda xuddi ana shunday qiziqishga sabab bo‘lmoqda.

Biroz avval Toshkentdan olingan xabarlarga ko‘ra, FIFA prezidentligi saylovlari, necha haftadirki, O‘zbekiston futbol ahli va barcha futbolga ixtisoslashgan nashrlarning diqqat-markazida.

Xalqaro Futbol Uyushmalari Federatsiyasiga a‘zo davlatlardan kelgan 207 vakil qisqa fursatlardan so‘ng Shveytsariyaning Tsyurix shahrida Zepp Blatterning o‘rniga-o‘rin yangi prezident uchun ovoz berishadi.

Quvayt va Indoneziyaning esa, joriy saylovlarda ishtirok etishlari ma‘n etilgan.

Hozir 79 yoshda bo‘lgan janob Blatter FIFAni qariyb chorak asrdan buyon boshqarib kelayotgandi.

Ammo xalqaro federatsiya tarixida kuzatilmagan korruptsiya bilan bog‘liq yirik mojaro manzarasida u o‘tgan yil oxirida futbol bilan aloqador barcha faoliyatlardan sakkiz yilga chetlashtirilgandi.

Orada janob Blatter mavjud vaziyatga qaramay, saylovlarda ishtirok etish niyatida ekanini bir emas, bir necha bor bayon ham qilgandi.

Ammo, alal-oqibat, FIFA prezidentligi uchun bellashayotgan ja‘mi 5 nafar yakuniy nomzod orasidan joy ololmagandi.

Image copyright AP

Bugungi saylovlarda Zepp Blatterning prezidentlik kursisi uchun Osiyo Futbol Konfederatsiyasi Prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa, FIFA sobiq vitse-prezidenti, Iordaniya shahzodasi Ali, sobiq FIFA rasmiysi Jerom Shampeyn, UYEFA sobiq Bosh kotibi Jianni Infantino va FIFA maslahatchisi, janubiy afrikalik biznesmen Tokio Sexvalilar bellashishadi.

Ammo, hozirgina olingan xabarlarga ko‘ra, Tokio Sexvali o‘z ixtiyori bilan nomzodni ortga qaytarib olgan.

Ovoz berishlarning Grinvich vaqti bilan tushki 12:00 da boshlanishi kutilmoqda.

Ammo, Shveytsariyadan olingan xabarlarga ko‘ra, yakuniy g‘olibni aniqlash uchun vakillarning bir emas, bir necha bor ovoz berishlariga to‘g‘ri kelishi mumkin.

O‘zbekiston ham Xalqaro Futbol Uyushmalari Federatsiyasiga a‘zo davlatlardan biri sanaladi.

Toshkentdan olingan xabarlarga ko‘ra, Tsyurixdagi FIFA kongressi va ovoz berish jarayonida O‘zbekistonni futbol federatsiyasi vitse-prezidenti Sardor Rahmatullayev namoyon etadi.

O‘zbekiston futbol ahli orasida esa, besh nomzoddan eng ko‘p qiziqishga sabab bo‘layotgani Osiyo Futbol Konfederatsiyasi Prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa janoblari ekan.

Image copyright Getty

FIFA prezidentligiga saylovlarning mavjud tartib-qoidalariga muvofiq, birinchi bosqichdayoq g‘alaba qozonishni istagan nomzod ovozlarning uchdan ikki qismini qo‘lga kiritishi shart bo‘ladi.

Aks-holda, navbatdagi bosqich saylovlariga o‘tiladi va unda nomzodlarning g‘olib chiqish uchun eng ko‘p ovoz to‘plashlari taqozo etiladi.

Shunda ham yangi FIFA prezidentining kim bo‘lishi noaniq qolsa, yakuniy – uchinchi bosqich ovoz berishlari yo‘lga qo‘yiladi.

Unda ikkinchi bosqich saylovlarida eng kam ovoz olgan nomzod ishtirok eta olmaydi.

FIFAning aytishicha esa, yagona g‘olib shu juma kunining o‘zida e‘lon qilinishi shartdir.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, bugun yarim tunda “Hallenstadion” muz katogiga aylantirilishi bois, bundan boshqa choralari yo‘qdir.

Xabarlarga ko‘ra, FIFA prezidentlik saylovlarini ortga surmaslik va har qanday ehtimolga qarshi tayyor turish maqsadida o‘z qarorgohiniham ovoz berishlarga moslashtirgan.

Bu ishlarga, hatto, yarim milliard dollardan ortiq pul sarflagan.

Korruptsiya bilan bog‘liq yirik mashmashalar atrofida bugungi prezidentlik saylovlari FIFA uchun nihoyatda muhim voqe‘lik sifatida baholanmoqda.

Chunki xalqaro tashkilot shaffof emaslik va korruptsiyaga qarshi samarali kurasha olmaslikka oid keskin tanqidlar ostida qolib ketgan.

Image copyright AFP

FIFA ijroiy rahbari, Afrika Futbol Federatsiyasi Prezidenti Issa Xayatuning aytishicha, bugun – juma kuni xalqaro uyushma uchun “yangi tong” bo‘ladi.

  • “Bu – biz uchun FIFAning qudratini oshirish yo‘lida barchamizning bahamjihat ekanimizni ko‘rsatishning eng yaxshi imkoniyatidir”, - deb aytgan Xayatu janoblari.
  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter -BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq