BMT suriyaliklarga ko‘maklarini ko‘paytirmoqchi

Image copyright AFP

Nisbatan tinchlik kuzatilayotgan bir paytda BMT janglar tufayli qamalda qolgan 150 ming suriyalikka keyingi 5 kun mobaynida yordam yetkazishni rejalayotgani haqida e‘lon qilgan.

26 fevraldan 27 fevralga o‘tar kechasi otashkesim kelishuvi muddati boshlangan, tomonlar raqiblarini o‘t ochishni to‘xtatish bitimini buzishda ayblayotganiga qaramasdan, jang jabhalarida ancha tinchlik kuzatilmoqda.

Shundan foydalanib Birlashgan Millatlar tashkiloti urush tufayli oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa zarur yordamlarni yetkaza olmay kelayotgan tinch fuqarolarga ko‘maklarni ko‘paytirishga qaror qilgan.

BMT agar shunday vaziyat kuzatib turilsa, mart oyi oxirigacha 1 million 700 ming kishiga yordam yetkazishga umid qilmoqda.

AQSh va Rossiya Prezident Bashar al-Assadning hukumat kuchlari va ularga qarshi qo‘llariga qurol olgan muxolifat isyonchilarini 27 fevral tungi soat 12 dan o‘t ochishni to‘xtatishga ko‘ndirdilar.

Biroq otashkesim "Al-Qoida"ga aloqador "Jabhatul Nusra" va o‘zini "Islomiy Davlat" deb ataydigan guruhga taalluqli emasligini e‘lon etildi.

G‘arb Rossiyani Prezident Assad rejimiga qarshi kurashayotgan mo‘‘tadil Suriya muxolifati isyonchilarini havo hujumlariga tutishda aybladi.

Kreml esa faqat BMTning terrorchilar ro‘yxatiga kiritilgan guruhlarni nishonga olganini aytadi.

Image copyright AFP

Otashkesim boshlanganidan keyin ko‘zlanganidek ikki hafta davom etish-etmasligi borasida shubhalar ham bildirildi.

Suriya muxolifati "u yerda ham, bu yerda ham" otashkesim buzilgani haqida shikoyat qilgan, ammo umuman olganda vaziyat ancha yaxshi ekanini tan olgan.

BMT qamaldagi Madayya shahriga oziq-ovqat, suv va dori-darmon yetkazishni rejalagan.

Madayyada odamlar ochlikdan o‘lganlari xabar qilindi, buning ortidan BMT Suriya hukumati va raqib tarafni o‘t ochishni to‘xtatishga ko‘ndirib, muhtoj odamlarga yordam yetkazishga ruxsat berishlariga ko‘ndirgan edi.

Birlashgan Milllatlar tashkiloti taxminlariga ko‘ra, butun Suriyada qamal ostida qolgan hududlarda 500 ming tinch aholi qiyin ahvolda qolgan.

2011 yilda Prezident Assad boshqaruviga qarshi boshlangan noroziliklar fuqarolar urushiga aylandi.

Besh yil davomida 250 suriyalik halok bo‘lgani xabar qilinadi.

11 million odam o‘zlarining yashab turgan joylarini tashlab ketishga majbur bo‘lganlar.

Suriyadagi urush Ovro‘podagi muhojirlar inqiroziga ham yetaklagan, 2015 yilning oxirgi oylaridan yuz minglab muhojirlar Ovro‘po mamlakatlariga yetib olish maqsadida piyoda va dengizlar orqali yo‘lga tushganlar.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq