Bishkek qamoqxonasida Rashod Kamolov soqoli olindi

Qorasuv shahridagi 'As-Saraxsiy' masjid imomi, ekstremizmda ayblanib, 10 yilga hukm etilgan Rashod Kamolovning soqoli, Bishkekdagi 1- vaqtinchalik saqlash mahkamasida majburiy olingan.

Bu haqda imomning adokati Husanboy Soliyev quyidagilarni aytib berdi Bi-bi-siga.

“Kecha, taxminan soat 14:00lar chamasida qamoqxonaning to‘rt nafar xodimlari Rashod Kamolovning soqollarini, uning ixtiyoriga qarshi, majburiy, qiynoqlar ostida olganlar” – deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘z himoyasidagi insonni qiynoqqa solinishi yuzasidan, Qirg‘iziston Qiynoqlarni oldini olish markaziga ariza bilan murojat qilgan.

“Bugun mazkur markaz hodimlari, Rashod Kamolov oldiga kirishlari rejalanmoqda. Kecha, Qirg‘iziston jazoni ijro etish idorasi qoshidagi jamoat kuzatuvi kengashidan ham odamlar imom oldiga kirganlar” – deb aytadi Husanboy Soliyev.

Shuningdek, imom Rashod Kamolov himoyachilari, ushbu xolat yuzasidan BMTning maxsus hisobotchisiga ham ariza bilan murojaat qilish rejasida ekanliklari ma‘lum bo‘ldi.

Qirg‘iziston jazoni ijro etish idorasi matbut kotibi Eleonora Sabatarovaga ko‘ra, qamoqxona ichki qoidalaridan kelib chiqqan holda, mahbuslarga nisbatan choralar ko‘rilmoqda.

“Biz bungacha, maxbuslarga maxsus kiyimlar kiygizib, boshqa shartlarni ham qo‘ya olmas edik. Hozir hukumatdan pul ajiratilib, ularning ichki kiyimlaridan to poyavzaligacha berish rejasidamiz va mahbuslarning soch – soqolini oldirib, yangi ochilgan binolarga yuborayapmiz. Bu degani ularning huquqlari paymol etilayapti degani emas. Biz faqat qonun doirasidagina talab qilamiz. Kimki unga quloq tutmasa, demak u ichki qamoqxonaning qonunlarnini buzayapti degani” – deydi idora mulozimasi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyi o‘rtalarida “Markaziy Osiyodagi Inson Huquqlari” halqaro tashkiloti, Qirg‘iziston qamoxonalarida mahbuslarning soch va soqollari majburan olinayotgani haqida bayonot yoyinlagan edi.

Tashkilot xabariga ko‘ra, bu kabi ma‘lumot O‘sh shahridagi 5-son tergov izolyatoridan ham olingan va asta-sekin respublikadagi qolgan jazoni o‘tash va saqlash mahakamalarida ham kuzatilgan.

“Kimki, qoidaga rioya qilmasa, kuch bilan soch va soqoli olinayapti. Ko‘plarini jarima izolyatoriga joylashtirib, ularni yaqinlari bilan uchrashuvdan va oziq-ovqatdan mahrum etayapti. Bu kabi qoidalar dinidan qat‘iy nazar, barcha mahkumlarga qo‘llanilmoqda. Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, xozirgi kunda Qirg‘iziston qamoqxonalarida 182 ming mahkum saqlanmoqda” – deyilgan“Markaziy Osiyodagi Inson Huquqlari” tashkiloti bayonotida.

Bi-bi-si ushbu ma‘lumotga aniqlik kiritish maqsadida O‘sh shahridagi tergov izolyatorlarining biridan saqlanayotgan mahbus bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi va u yerdagi holat haqida so‘radi.

“Haqiqatan bizda qamoqxona rahbariyati tarafidan soqollarni olish talab qilinayapti. Ko‘p bolalarning soqolini olib tashlashdi. Xossatan, bu narsa Bishkekdagi 1-raqamli qamoqxonada majbur qilinyapti ekan”, deydi mahbus.

Uning so‘zlariga ko‘ra, asosan diniy ayblovlar bilan qamalgan mahkumlarga nisbatan nazorat kuchaygan.

“Terrorist” bo‘lib tushganlarni, bir kunda 7-8 marta tekshirishga borishlik majbur qilinayapti”.

Bu kabi ko‘rinishlar, Markaziy osiyo davlatlari orasida, o‘zining demokratik yo‘nalishi bilan ajiralib turuvchi Qirg‘izistonning obro‘siga dog‘ tushirishidan qator huquq himoyachilari ogohlantirib keladilar.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq