"Qarzdor bo‘lishni istamayman, lekin ilojim yo‘q"

"Mening nomim hammaga e‘lon qilinishini albatta xohlamayman. Lekin bunga qarshi biror idoraga shikoyat qilib, meni sharmanda qildi deb aytishimdan foyda bormi? Hech kim meni eshitmaydi", - deydi kommunal to‘lovdan qarzdor qilinib, ismi matbuotda oshkor berilgan ayol bu safar o‘zining ismini aytmaslik sharti bilan Bi-bi-siga gapirarkan.

Yunusobod tumanidagi mavzelaridan birida yashovchi bu xonadon bekasi sovuq suvdan 500 ming so‘mdan ortiq, issiqlik va issiq suvdan qariyb 2 millionga yaqin qarz bo‘lgan.

Bir necha kun oldin "Toshkent oqshomi" gazeti suv, issiqlik ta‘minoti, elektr va gazdan qarzdor o‘nlab fuqarolarning ismi-familiyasi va qarzlari miqdorini e‘lon qilgan. Toshkent shahar hokimiyati veb sayti ham ushbu maqolani chop etgan.

Maqolaga ko‘ra, fuqarolar kommunal va boshqa xizmat ko‘rsatish tashkilotlaridan 200 ming so‘mdan olti million so‘mgacha qarz bo‘lganlar. Ba‘zi fuqarolar yillarki, ishlatilgan gaz, suv, issiqlik haqini to‘lamay kelganlari ta‘kidlanib, nomma-nom misollar keltirilgan.

"Men bundan oldin har yili oyma-oy to‘lab kelganman. Uch xonali uyda yashayman. Uyda yettita bola bor. Turmush o‘rtog‘im vafot etgan. O‘g‘lim kelinim bilan Rossiyada. Ularning ikkita bolasini olib qolganman. O‘zimning beshta bolam bor. Faqat bittasini chiqarganman. Qolgani uyda. O‘g‘lim katta bo‘lib qolgan, uylantirishim kerak. Lekin qo‘lim kaltalik qilib uylay olmayapman. Ikki qizim ham bo‘yi yetib qolgan. Men ham oyma-oy to‘lashni xohlayman. Lekin hozir hech ilojini qilolmayapman. Ishlamayman. Faqat nafaqa olaman. Nafaqa puli yeb-ichishdan ortmayapti. Qarzim ko‘payib ketyapti. O‘g‘lim ham uncha pul yubora olmayapti. Pul yig‘ilsa, shu yozda yonimdagi o‘g‘limni uylantirmoqchiman. Imkon bo‘ldi deguncha, qarzlarimni ham to‘lamoqchiman. Lekin ko‘payib ketyapti, endi oshgan narxda to‘lasam u ham qo‘shimcha 100-200ming degani", deydi Bi-bi-si gaplashishga muvaffaq bo‘lgan qarzdor ayol.

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ko‘p qavatli uylardan birida domkom bo‘lgan Umar akaning aytishicha, "JEK domkomlarga qarzdorlar ro‘yxatini beradi. Domkom bir-ikki faol bilan qarzdorlarga eslatadi. Ro‘yxati chiqqanlar ishi sudga oshirilganlar bo‘lsa kerak, chunki biz aytgandan keyin ko‘plar to‘lashga harakat qiladi, deydi u. Hozir uzoqqa borib yurish kerak emas. Har oy gaz, suv idorasidan xodimlar mashinada uyning oldigacha keladi. Bir xil fuqarolar imkoni bo‘lganda ham to‘lamay yuradi. Lekin haqiqatdan qurbi yetmaydiganlar ham ko‘p", deydi u.

"Hozir odamlar xohlamasa ham to‘lashga majbur qilinyapti. Uch oygacha to‘lamasa, jarima ham qo‘shib yozilgan qog‘oz yuboriladi. Ko‘rsatilgan sanagacha to‘lamasangiz, sudga oshiradi. To‘lolmagan fuqarolarning uydagi qimmatli narsalari olib ketiladi. Jarima to‘lansa, narsasi qaytib beriladi",- deb aytadi domkom.

Bundan bir necha yil oldin Rossiyada ishlab qaytgan poytaxtlik fuqaroning fikricha, gaz idorasi xodimlarining yozadigan raqamlariga ishonish qiyin. "Chunki mening o‘zimning boshimdan o‘tgani uchun aytayapman. Uyimda hech kim turmagani uchun ishlatilgan gaz miqdori juda kamni ko‘rsatgan. Lekin raygazga borsam, 600 ming qarz yozib qo‘ygan. Hech kim turmasa, qanday qilib bunday ishlaydi, desam, kompьyuterga tushgan, hozir to‘lang, keyin to‘g‘rilaymiz deb aytadi. Kompьyuterga tushgan bo‘lsa, to‘g‘irlab bo‘lmasligi juda g‘alati. Ha bo‘pti deb qarzni to‘lab, keyingi yil kelsam, yana shu ahvol. Axir bu yolg‘ondan xalqning pulini shilishku. Odamlarga million so‘mgacha qarz yozib tashlashgan. Bu aholidan pul yig‘ib olishning yo‘li deb bilaman. Bu usul aynan gaz idorasida necha yillardan beri davom etmoqda. Qarzdorlarning ismini yozib chiqqanlar, masalaning bu tomoniga ham e‘tibor berishadimikan?"

"Shaxsning ismi familiyasini uni uyaltirish maqsadida ommaga e‘lon qilish boshqa masala. Lekin bizning fuqarolarimiz bunga qarshi tegishli idoralarga arz qilib chiqishdan foyda yo‘qligini yaxshi bilishadi".

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon