Ruslan Chagayev: ‘Ringga g‘alaba uchun chiqaman’

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Professional boksning WBA tasnifida eng og‘ir vazn toifasida amaldagi jahon chempioni, o‘zbekistonlik dongdor bokschining bayon qilishicha, avstraliyalik raqibi Lukas Braunga qarshi shanba kungi jangiga tayyor.

Bu – Ruslan Chagayevning o‘z professional karьerasidagi ikkinchi jahon chempionligi kamarini ikkinchi bor himoya etishi bo‘ladi.

Suhbatdoshimizning jang arafasida Checheniston poytaxti Grozniydan Bi-bi-si O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, ringga O‘zbekiston bayrog‘i va davlat madhiyasi ostida chiqadi.

Xuddi shu o‘rinda eslatib o‘tish joiz, 2012 yildan buyon o‘z janglarini erkin agent maqomida o‘tkazib kelayotgan Ruslan Chagayev qariyb uch yildirki, Chechenistondagi Ahmat Hoji Qodirov boks klubini namoyon etadi.

Muntazam jahon chempionligi kamari uchun jang ham 5 mart kuni Checheniston poytaxti Grozniydagi besh ming kishilik “Kolizey” sport arenasida bo‘lib o‘tadi.

Chempionlik kamari
Image copyright AP

Ruslan Chagayev o‘z jahon chempionligi kamarini ilk bor o‘tgan yilning iyul oyida muvaffaqiyatli himoya qilgandi.

O‘zbekistonlik taniqli bokschi Olmoniyada bo‘lib o‘tgan jangida italiyalik raqibi Franchesko Pьyanetani birinchi raunddayoq mag‘lubiyatga uchratgandi.

Shundan so‘ng Ruslan Chagayevning o‘sha yilning 17 oktyabr kuni revansh jangida asli puerto-rikalik raqibi Fres Okendo bilan ringga tushishi ham rejalangandi.

Biroq raqibining yelkasidan olgan jarohati sabab, Olmoniyaning Kilь shahrida bo‘lib o‘tishi kutilgan jang bekor bo‘lgandi.

Eslatib o‘tish joiz, o‘zbekistonlik taniqli bokschi o‘zining professional karьerasidagi ikkinchi jahon chempionligi kamarini 2014 yilning iyul oyida Grozniyda bo‘lib o‘tgan jangida aynan Fres Okendoni mag‘lub etib, qo‘lga kiritgandi.

Xabarlarga ko‘ra, Checheniston poytaxti Grozniyning “Kolizey” sport arenasida shanba kuni bo‘lib o‘tajak va ja‘mi 13 jangni o‘z ichiga oluvchi boks kechasi dunyoning 100 dan ortiq davlatiga olib uzatiladi.

Ruslan Chagayevning aytishicha, Lukas Braunga qarshi jangiga Chechenistonning o‘zida ham qiziqish juda kuchli, chiptalar allaqachon qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgan va uni tomosha qilish uchun O‘zbekistonning o‘zidan ham boks muxlislarining kelishlari kutilmoqda.

Jang
Image copyright AP

Lukas Braun esa, professional boksning WBA tasnifida eng og‘ir vazn toifasida jahon chempionligi kamariga rasmiy da‘vogar sanaladi va xuddi shu bois ham, Jahon Boks Uyushmasining tartib-qoidalariga muvofiq, Ruslan Chagayevning u bilan jang o‘tkazishi shart, deb ko‘riladi.

Chechenistondan olingan eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra, bo‘lajak raqiblar allaqachon Grozniyda va jangoldi rasmiy matbuot anjumani berishga ham ulgurishgan.

Lukas Braunning 2 mart kuni Checheniston poytaxtida bo‘lib o‘tgan ushbu matbuot anjumani chog‘ida bayon qilishicha, “bu yerga faqat g‘alaba qozonish uchun kelgan va boshqa narsa haqida o‘ylayotgani ham yo‘q”.

Avstraliyalik bokschi bungacha turli turli ommaviy-axborot vositalariga bergan suhbatlarida professional boksning eng og‘ir vazn toifasida o‘z mamlakati tarixidagi birinchi jahon chempioniga aylanish istagida ekanini ham takror va takror izhor etib kelgan.

Grozniydagi rasmiy qo‘shma matbuot anjumani chog‘ida jurnalistlarning savollariga javob berarkan, Lukas Braun Grozniyda ekanidan baxtiyor ekanini bayon qilgan.

“Bu – boks hayotining bir qismi ekani, buning hech bir g‘ayriodatiy yeri yo‘q”ligini aytgan.

Chechenistonning o‘zidan turib bo‘lmasa ham, shanba kuni “internet orqali jangni jonli tomosha qilajak 25 million avstraliyalik o‘ziga dalda berajagi”ni ta‘kidlagan.

Lukas Braunga ko‘ra, yo‘l charchog‘ini chiqarib yuborish, o‘zini har tomondan tiklab olish, vaqti, iqlimiga moslashish uchun Grozniyga jangdan 10 kun avval kelishgan va hozir o‘zini yaxshi his etmoqda.

O‘z navbatida, Ruslan Chagayevning ham Bi-bi-si O‘zbek Xizmati bilan so‘nggi suhbatida aytishicha, Ahmat Hoji Qodirov klubini namoyon etayotgani bois, Chechenistonda muxlislari va o‘zini qo‘llab-quvvatlayotganlar ozmuncha emas.

“Ko‘p do‘stlarim bor, ko‘p tanishlarim bor. Meni yaxshi ko‘radigan bolalar bor. Bilmayman, men bu yerda o‘zimni xuddi O‘zbekistondagidek his qilayapman”, - deydi Ruslan.

Lukas Braunga qarshi jangiga o‘tgan yilning o‘zidayoq Amerikaning Florida shtatida tayyorgarlik mashg‘ulotlarini boshlab yuborgan Ruslan Chagayevning Grozniydan turib aytishicha, shanba kuni ringga faqat g‘alaba uchun tushadi va navbatdagi raqibini ham mag‘lub etishiga ishonchi komil.

“Har bir bokschi ringga faqat yutaman, deb chiqadi. Shu jumladan, men ham. Inshoolloh, bu jangda ham g‘alaba qozonamiz”, - deydi Ruslan.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, Grozniydagi shanba kungi jangiga ham qo‘sh murabbiysi - o‘z davrining eng nomdor bokschilaridan biri bo‘lgan asli o‘zbekistonlik Artur Grigoryan va yaqinda ishga yollangan kubalik boshqa bir taniqli mutaxassis Pedro Diaslar qo‘l ostida tushadi.

O‘zbekistonlik taniqli bokschining Grozniydagi matbuot anjumani chog‘ida bayon qilishicha, shanba kungi jangida qo‘li baland kelsa, “o‘z g‘alabasini Yer yuzidagi barcha odamlarga bag‘ishlaydi”.

Bo‘lajak raqiblar

Eng so‘nggida eslatib o‘tish joiz, 37 yoshli Ruslan Chagayev professional boksda shu paytgacha 37 ta jang o‘tkazgan bo‘lsa, shundan 34 tasida g‘alaba qozongan.

Ikkita jangini boy bergan va bittasida durang natija qayd etgan.

Ruslandan bir yosh kichik bo‘lgan avstraliyalik raqibi Lukas Braun esa, professional boksdagi karьerasini 2009 yilda boshlagan.

Orada 23 ta jang o‘tkazgan va shuning hammasida g‘alaba qozongan.

So‘nggi bor ringga shu yilning avgust oyida tushgan va amerikalik raqibi Julius Longni yengib, professional boksning eng og‘ir vazn toifasida o‘zining EPBC va WBA Intercontinental kamarini muvaffaqiyatli himoya qilgan.

Tarixcha o‘rnida

Ruslan Chagayev 2007 yilda rossiyalik bokschi Nikolay Valuyevni yengib, professional karьerasida ilk bor o‘z tasnifi va vazn toifasida jahon chempionligi kamarini qo‘lga kiritgan.

2012 yildan buyon o‘z janglarini erkin agent maqomida o‘tkazib kelayotgan Ruslan qariyb uch yildan buyon Chechenistondagi Ahmat Hoji Qodirov nomli boks klubini namoyon etib keladi.

Bu klub amaldagi chechen rahbarining tashabbusi va qarori bilan 2013 yil oxirlarida jahon, Ovro‘po va Rossiya chempionlari doxil jahon miqyosidagi sportchilarni tayyorlab kelgan “Ramzan” klubi o‘rniga tashkil etilgan va marhum otasining nomi bilan atalgan.

Chechenistondan olingan xabarlarga ko‘ra, Ruslan Chagayev-Lukas Braun o‘rtasida Grozniyda bo‘lib o‘tajak shanba kungi jangni uyushtirishda prezident Ramzan Qodirovning o‘zi ham ko‘mak bermoqda.

2001 yilda to‘liq professional boksga o‘tgan o‘zbekistonlik nomdor bokschi undan oldin o‘n yilcha Olmoniyaning Universum Box-Promotion klubi promouterligi ostida ringga tushib kelgan.

Ta‘kidlash joiz, Ruslan Chagayev hozir ham o‘z oilasi bilan Olmoniyada yashab, asosan o‘sha yerda boks bilan shug‘ullanib keladi.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq