Toshkent Tojikistonni chetga surdimi?

Image copyright none
Image caption Angren-Pop temir yo‘li Farg‘ona vodiysini Qamchiq dovoni osha mamlakatning boshqa hududlari bilan bog‘laydi. (Surat O‘zbekiston rasmiy saytlaridan olingan)

Toshkentni Farg‘ona vodiysi bilan bog‘lovchi qariyb 2 milliard dollarlik temir yo‘li - O‘zbekistonning ichki temir yo‘llari tizimi mustaqilligini to‘la ta‘minlash yo‘lidagi so‘nggi loyiha edi.

Endilikda Qamchiqdan o‘tadigan poyezd yo‘li bu maqsadni oxiriga yetkazdi.

Amir Temur tug‘ilgan kunida bu yo‘l rasman ishga tushadi.

Sovet davrida tiklangan naqliyot va yo‘llar mintaqa mamlakatlarini bir-birlariga bog‘lab turgan.

Xususan, Katta O‘zbek Trakti Toshkent va markaziy O‘zbekistonni Qozog‘iston orqali bog‘lardi, Termiz poyezdlari esa Turkmaniston hududidan yurardi.

Mamlakatning eng aholi zich Farg‘ona vodiysiga esa Tojikistonning So‘g‘d viloyati orqali o‘tilgan.

Hozir Termizga Qashqadaryo g‘arbidan poyezd yo‘li yotqizildi.

Katta O‘zbek Trakti esa biroz cho‘zilsa ham, Qozog‘istonga burilmasdan, Guliston yaqinidan o‘tayapti.

Shuningdek, Qamchiq dovoni orqali So‘g‘dga kirmaydigan avtomobil yo‘li tiklandi.

Image copyright none
Image caption Tog‘ ostidan o‘tgan 19 chaqirimlik tunnelni xitoyliklar qazishgan

Lekin tog‘li hududdan temir yo‘li yotqizish yangicha texnologiyalar va katta mablag‘ talab qilgani uchunmi, u transport mustaqilligi pillapoyasidagi so‘nggi bosqich bo‘ldi.

Zamonaviy yo‘lning 19 chaqirimli tunnel qismini xitoyliklar qurib bitkazishdi. Uning ochilish marosimi tantanasi ham butunlay xitoychasiga nishonlandi.

Yon qo‘shni-chi?

O‘zbeklar endi Tojikistonga poyezd yo‘llaridan foydalangani uchun har yili 25 million dollar to‘lashmaydi.

Bu Toshkentga foyda, Dushanbega zarardek ko‘rinadi. Biroq gap faqat pulda emas.

Ayni damda, Angrendan Popga qadar cho‘zilgan 123 chaqirimli yo‘l strategik jihatdan katta ahamiyatga ega.

Mintaqaga shiddat bilan kirib kelgan Xitoy hozir qadim Ipak Yo‘lini tiklash bahonasida o‘zi uchun yangi hamkorlar, bozorlar va energetika manbalari izlayapti va topayapti.

Ma‘lum bo‘lishicha, Xitoyni Ovro‘po bilan ulovchi temir yo‘li endi aynan ana shu Pop-Angren shoxobchasi orqali O‘zbekiston hududidan o‘tadi.

Bu esa shundoq ham baland tog‘lar va notinch Afg‘oniston bilan o‘ralgan Tojikistonni transport bobida yanada chetga chiqarib qo‘yishi mumkin.

Iqtisodi zaif va sobiq Sovet Ittifoqining ikki qashshoq davlatidan biri bo‘lgan Tojikistonning iqtisodiy rivojlanishi hamda savdo aloqalari esa bundan zarar ko‘rishi mumkin.

Dushanbe bir necha yil oldin Qamchiq dovonidan o‘tuvchi temir yo‘l qurilishidan xavotir izhor etgan bo‘lsa-da, uning bitkazilishi ortidan biron bayonot bilan chiqqani yo‘q.

Bir yaxshining bir yomoni

O‘zbekiston - nafaqat o‘zi, balki qo‘shnilari ham ochiq dengizlarga chiqmagan dunyodagi ikki davlatning biri.

Shunday holatda, O‘zbekiston madaniy va tarixiy jihatdan o‘ziga yaqin qo‘shnisi bo‘lgan Tojikiston bilan aloqalarini uzib borishdan manfaat ko‘rmasligi mumkin.

Image copyright AFP
Image caption Xitoy, Qozog‘iston, Turkmaniston va Eronni bog‘lovchi poyezd yo‘li allaqachon O‘zbekistonni aylanib o‘tmoqda

Deylik, O‘zbekiston tarafi kiritgan cheklovlar bois Tojikiston hozir notinch bo‘lsa-da, Afg‘oniston orqali o‘zini Eron va Turmaniston bilan bog‘laydigan temir yo‘l qurilishiga intilmoqda.

To‘g‘ri, Xitoy tiklagan va Tojikistonni baland tog‘lar osha Shinjon-Uyg‘uristoni bilan bog‘lovchi avtomobil yo‘li kutilganidek natija bermadi.

Ammo Tojikiston o‘z shimolini Qirg‘izistonning Batken viloyati orqali tashqi dunyoga olib chiquvchi avtomobil yo‘liga tiklanishiga katta ahamiyat qaratishi mumkin.

O‘zbekiston hududidagi ortiqcha cheklovlar, tekshiruvlar hamda kechikuvlardan bezgan Qozog‘iston va Turkmaniston, masalan, o‘z g‘arbiy hududlarini bog‘lovchi yangi poyezd yo‘lini qurib, O‘zbekistonni aylanib o‘ta boshlashdi.

O‘zbekiston mintaqa markazidagi geosiyosiy muhim davlat bo‘lsa-da, tashqi dunyoga bu qo‘shnilarisiz chiqa olmaydi. Agar hamma O‘zbekistonni aylanib o‘taversa, mamlakat geosiyosiy ahamiyati pasayishi mumkin.

Shu bois kuzatuvchilar Toshkent mintaqada o‘ta nozik va zukko diplomatiya olib borishi, umuman, Markaziy Osiyo davlatlari umumiy manfaatlarni ko‘zlab, birgalikda hamkorlik qilishlari muhimligini urg‘ulashadi.

Biroq mintaqada bugun nafaqat transport, balki suv, energetika, erkin savdo va bordi-keldi masalasida ham bir yoqadan bosh chiqarish kuzatilmaydi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:
  • +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq