'Islomiy davlat' bolalarni yovuzlikka o‘rgatmoqda'

Image copyright BBC World Service

IShID jangari guruhi terroristlarning yangi avlodini paydo qilish uchun ularni shafqatsizlik va yovuzlikka o‘rgatmoqda, deyiladi xalqaro hisobotda.

BMT ishtirokidagi ekspertlar guruhining tadqiqotiga ko‘ra, "Islomiy davlat" jangarilari bolalarni qotilliklar amalga oshirilayotganda qarab turish va kesilgan boshlarni koptok qilib tepishga majburlashadi.

Britaniyaning Quilliam fondi va Kanadaning Romeo Daller huquqni himoya qilish markazi faollari keltirishicha, jangari guruhda yoshligidan zo‘ravonlikni ko‘rib o‘sgan bolalar va o‘smirlardan yaxshi jangchi chiqadi degan fikrga amal qilinadi.

Jangari guruh tomonidan bolalarning jamloqlardagi mashqlari aks ettirilgan targ‘ibot videoroliklar tez-tez namoyish etiladi.

U lavhalarning ba‘zilarida 8-12 yoshli bolalar va o‘smirlar rahbar jangarilar buyrug‘i bilan odamlarni o‘ldirayotganini ko‘rish mumkin. Hisobotda aytilishicha, bolalarning aksariyati qotillikka majburlanadi.

BMTning Iroqdagi vakolatxonasi ma‘lumotlariga qaraganda, IShID jangarilari 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarni o‘g‘irlab, ularni "muqaddas urush" ga tayyorlash uchun o‘z maktablariga yuborganlar.

Jangarilarga xizmat qilishni xohlamagan bolalar qiynoqlar va jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lishgan.

IShID safida bolalarni jinsiy zo‘rlash keng tarqalgani keltiriladi hisobotda.

Islomiy davlat jangari guruhi asosan Suriya va Iroq hududida faoliyat olib boradi. Dunyoning ko‘p mamlakatlarida, jumladan Britaniya, Rossiya, Markaziy Osiyo respublikalarida IShID terroristik guruh deb tan olingan va taqiqlangan.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbekInstagram - BBC UZBEKTwitter - BBC UZBEKOdnoklassniki - BBCUZBEKFacebook - BBC UZBEKGoogle+BBC UZBEKYouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq