Tojik polkovnigining xotini Suriyaga ketgan

Image caption Xumayro Mirova ungacha Bojxona xizmati matbuot markazi raisi bo‘lgan

Tojikiston Prokuraturasi o‘tgan yil ID safiga borib qo‘shilgan sobiq zobit Gulmurod Xalimovning oilasi ham uning orqasidan Suriyaga ketganini BBCga tasdiqlagan.

Gulmurod Halimovning ikkinchi xotini voyaga yetmagan to‘rt bolasini olib Suriyaga chiqib ketishga muvaffaq bo‘lgan.

Tojikistonda 43 yoshli Humayro Mirova ustidan "qurolli mojaroda ishtirok etish va odam yollash" moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

"Humayro Mirova Suriyada ekanligi haqida ma‘lumotlarni to‘pladik. Hozir surishtiruv ishlari ketayotgani bois, hamma tafsilotlarini oshkor etolmaymiz. Mirova Interpol orqali xalqaro qidiruvga berildi", deb aytgan Tojikiston Prokuraturasi vakili.

Ma‘lum bo‘lishicha, yosh ayol va uning to‘rt bolasi shu yilning fevral oyida mamlakatni tark etganlar.

Xumayro Mirova ungacha Bojxona xizmati matbuot markazi raisi bo‘lgan. Uning kapitan unvoni ham bo‘lgani xabar qilinadi. O‘tgan yil boshida o‘g‘li tug‘ilgani sababli dekret ta‘tiliga chiqqan.

Image caption Gulmurod Halimov Tojik hukumatini musulmonlarni ta‘qib qilishda ayblagan

Bojxona xizmatiga o‘tguncha Humayro Mirova Tojikiston IIV matbuot xizmatida ishlagan va o‘sha yerda eri Gulmurod Halimov bilan tanishgan.

Suriyaga qochgan polkovnikning birinchi oilasi va sakkiz farzandi uning ota-onasi bilan Varzob tumanidagi qishloqda yashaydi.

Tojikistonda ko‘pxotinlik taqiqlangan. Biroq Tojikiston IIV da yuqori mulozimli zobitning ko‘p xotin olishiga ko‘z yumilganini izohlamaganlar.

Qanday qilib ko‘p bolali ayol, shu bilan birga ekstremizm va vatanga xiyonatda ayblangan shaxsning Tojik maxsus xizmat xodimlarining qattiq nazoratida bo‘lgan xotini mamlakatdan chiqib keta olishi mumkin, degan savol prokuratura tomonidan javobsiz qoldirilgan.

O‘tgan yil aprel oyida g‘oyib bo‘lgan Gulmurod Halimov ijtimoiy tarmoqlar orqali videomurojaat bilan chiqib, Rossiya va boshqa davlatlarda taqiqlangan "Islomiy davlat" safiga kirganini bildirgan.

U Tojik hukumatini musulmonlarni yomonotliq qilish va ta‘qibda ayblab, huquqni himoya qilish idoralari va mehnat muhojirlarini o‘zidan o‘rnak olishga chaqirgan.

Tojikiston Prokuraturasining ma‘lumotlariga ko‘ra, "Islomiy davlat" kabi jangari guruhlar safida mingdan ortiq Tojikiston fuqarolari bor.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • kype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq