Milliy shirinlik va taomlardan O‘zbekiston xaritasi tayyorlandi

Toshkentda milliy qandolatchilik mahsulotlari va taomlardan foydalanib tayyorlangan O‘zbekistonning eng katta xaritasi namoyish etilgan.

Ushbu loyiha Chustiy's Cuisine va TEZ FOOD O‘zbek milliy taomlari brendi muallifi Bahriddiy Chustiy va uning hamkorlari tomonidan amalga oshirilgan.

Bahriddin Chustiyning o‘zi Facebook va Instagram kabi ijtimoiy tarmoqlarda xaritaning tayyorlanish jarayoni va har bir viloyatning o‘ziga xosliklari, taomlari haqida izoh bergan.

Image caption Suratlar Bahriddin Chustiyning Feysbukdagi sahifasidan olindi

Chustiyning Facebookda yozishicha, daryo va dengizni xaritada qanday milliy mahsulot bilan ko‘rsatib berish biroz muammo bo‘lgan.

"So‘nggi bir ikki haftada rang berishi mumkin bo‘lgan barcha narsani kokteyl uchun ishlatiladigan ko‘k sirop bilan bo‘yab chiqdik. Natija esa koniqarsiz edi. Hattoki ayolimdan yakin kunlarda kilingan tortida foydalangan ko‘k rangli kokos kukunini qayerdan olganini va ortiqchasi bormi deb ham so‘radim. Chunki ko‘k rangli milliy mahsulot topa olmasam chet eldan keltirilgan ko‘k rangli kokos kukunini ishlatishga majbur bo‘lar edim... Biroq parvarda ishlab chiqadigan kandolatchilarimiz bizni mulzam bulishdan kutqarishdi...", deydi u.

O‘zbekistonning tabiiy mahsulotlaridan yasalgan xarita g‘oyasi va ko‘rinishi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining olqishlariga sabab bo‘lgan, o‘nlab izohlar qoldirilgan.

Andijon hududi guruch orqali belgilangan.

"Kelib xaritani ko‘rganlar, nima Andijonda grechka ishlab chiqiladimi?- deb so‘rashmoqda... Yo‘q, bu grechka emas Andijonda yetishtirilgan va o‘sha yerdan olib kelingan devzira guruchini qora qiltiriq sorti...", deb aytgan muallif.

"Samarqand sayqali ruyi-zamin ast. Aning mayiziga patchi xam bas kelmas", deb izohlanadi Samarqand haqidagi surat.

Farg‘ona viloyati mashhur Ko‘qon holvasi orqali ko‘rsatilgan.

"Rejamiz bo‘yicha Toshkentda bir necha martalik urinishimizga qaramay teleminora risoladagidek chiqmadi va teleminorasiz chikishga to‘g‘ri keldi. Yer maydoniga esa boshqa viloyatlarga nisbatan eng ko‘p iste‘mol qilinadigan mosh va qazi ishlatilgan", deydi muallif.

Jizzax viloyati somsadan iborat, deya izohlangan suratga foydalanuvchilar ham, Jizzax va somsa ajralmas ekanini yozishgan. Sirdaryo uchun sariq no‘xat ishlatilgan.

Xorazm viloyatining tarixiy obidalari va manzarasini Xorazm guruchi orqali ko‘rsatilgan.

Muallifning ta‘kidlashicha, "hudud uchun har bir guruch sal kam bir soat mobaynida 3 kishi boshchiligida bittalab sanalgan". Jami 8954 dona guruch ishlatilgan. Bu raqam O‘zbekiston mustaqillikka erishgan 1991 yil 1-sentyabrdan boshlab to xarita tayyorlangan kungacha bo‘lgan kunlar hisobi bo‘lgan.

"Navoiy deganda kishi xayoliga ilk keladigan fikr bu Zarafshon oltin koni, tillalar makoni keladi, shu bois biz ham milliy oshxonamiz durdonasi bo‘lmish novvotdan foydalandik".

Surxondaryo viloyatida yetishtiriladigan xandon pista xaritadan ham o‘rin olgan.

Qashqadaryoda chorvachilik yaxshi rivojlangani va go‘sht ko‘p iste‘mol qilinishi inobatga olinib, xaritada go‘sht o‘rniga o‘rik qoqisidan foydalanilgan.

Oybek Yahshiev shunday yozadi: Xarita juda ajoyib chikibdi. Endi navbat birma- bir viloyatlar bo‘ylab sayohat kilishingiz kerak xar bir viloyat oshxonasi bilan yanada yakindan tanishish uchun". "O‘rik qoqi masalasiga kelsak, juda savob ish qildingiz. Qashqadaryo tandir kabobi bilan mashhur, olib kel, degan do‘stlarimizga, biz boshka ne‘mat bilan mashhurmiz deb o‘rik qoqi keltiraveramizda",-deb hazil izoh qoldirgan Facebookda.

Oziq- ovqatlardan qilingan O‘zbekiston xaritasi Interrecord agentligi tomonidan "milliy mahsulotlardan qilingan eng katta O‘zbekiston xaritasi" sifatida ro‘yxatga olingan.

Uzunligi 6 metr, eni 3 metr bo‘lgan xaritada 20 dan ziyod O‘zbekiston milliy mahsulotlaridan foydalanilgan.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga ko‘ra, xarita milliy mahsulotlarning ajoyib ko‘rgazmasi bo‘lgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon