BMT OI-Turkiya rejasidan xavotirda

Image copyright AFP

BMT Ovro‘po Ittifoqi bilan Turkiyaning muhojirlar inqirozini hal etish maqsadidagi rejasidan xavotirda, bu reja xalqaro qonunchilikka zid deb hisoblaydi.

7 mart kuni Ovro‘po Ittifoqi rahbarlari va Turkiya o‘rtasida Bryusselda sammit bo‘lib o‘tdi.

Bu sammitda bir qarorga kelingani yo‘q va muloqotlar 17-18 mart kunlariga mo‘ljallangan OI rahabarlari uchrashuvigacha davom etishi xabar qilinmoqda.

OI va Turkiya Bryusselda kelishgan kelishuvga ko‘ra, Turkiyadan Yunonistonga o‘tgan hamma muhojirlar ortga qaytariladi va ortga qaytarilgan har bir suriyalik evaziga Turkiyada bo‘lib turgan bir suriyalik Ovro‘po Ittifoqida joylashtiriladi.

BMT qochqinlar idorasiga ko‘ra, xorijlikni chiqarib yuborish "Ovro‘po qonunlariga mos kelmaydi".

Xalqaro Amnistiya rejani boshpana izlovchilar huquqlariga nisbatan "halokatli zarba" deb ta‘rif bergan.

Hozir Ovro‘po Ikkinchi Jahon urushidan keyingi eng yirik qochqinlar inqiroziga ro‘para kelgan.

Image copyright AFP

O‘tgan yili Ovro‘po Ittifoqi hududiga asosan Turkiyadan kemalarda Yunoniston orqali bir milliondan ortiq odam kirishga muvaffaq bo‘lgan.

Qochqinlarning aksari suriyaliklardir.

Hozirgi paytda 2,7 million suriyalik qochqin Turkiyadan boshpana topgan.

Turkiya va Ovro‘po rahbarlari o‘rtasidagi kelishuvga binoan, Yunoniston orollariga o‘tgan barcha noqonuniy muhojirlar OI mablag‘iga ortga qaytariladi.

Ortga qaytarilgan har bir suriyalik evaziga Turkiyadagi bir suriyalikka Ovro‘po Ittifoqidan boshpana beriladi.

Shuningdek, Turkiyaning Ovro‘po Ittifoqiga kirish jarayonini tezlashtirish, 2016 yil iyunidan turkiyaliklarning ittifoq mamlakatlariga vizasiz safar qilishlariga ruxsat berish masalasini ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.

Ovro‘po Ittifoqi qochqinlar oqimini to‘xtatishdagi ko‘magi uchun Turkiyaga o‘tgan yil oktyabrida va‘da qilgan 3 milliard Yevroni ajratish ham tezlashtirilishi, Turkiyaga yana qo‘shimcha yordamga rozilik berilgani xabar qilindi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq