IShIDning "kimyoviy qurollar" mutaxassisi qo‘lga olingan

Image copyright Reuters
Image caption IShIDning kimyoviy qurollar bo‘yicha mutaxassisi Iroqda AQSh maxsus kuchlari tomonidan qo‘lga olingan va so‘roq qilinmoqda

IShIDning kimyoviy qurollar bo‘yicha mutaxassisi Iroqda AQSh maxsus kuchlari tomonidan qo‘lga olingan va so‘roq qilinmoqda.

Qo‘lga olingan shaxs Saddam Husayn rejimida kimyoviy va biologik qurollar bo‘yicha mutaxassis bo‘lib ishlagan.

Bu haqda Iroq va Qo‘shma Shtatlardagi manbalar matbuotga ma‘lum qilishgan.

Sulaymon Daud al Afari xabarlarga ko‘ra, o‘tgan oy qo‘lga olingan.

BBCga yo‘llangan bayonotida Pentagon bu shaxsni qo‘lga olganini tasdiqlamagan.

Ammo Amerika Mudofaa vazirligi so‘zchisiga ko‘ra, AQSh maxsus kuchlari IShIDga qarshi tajovuzkor strategiya bilan amaliyotlarni boshlab yuborgan.

Sulaymon Daud al Afari New York Times ga ko‘ra, IShID qanday qilib xantal gazini snaryadlarga joylashtirgani haqida tergovchilarga aytib bergan.

O‘tgan oy Kimyoviy Qurollarni Taqiqlash tashkiloti Kurd jangarilarga qarshi IShID xantal gazidan foydalanganini da‘vo qilgandi.

Agar o‘tgan yil ro‘y bergani ishonilayotgan bu hujumlar tasdiqlansa, unda Saddam Husayn ag‘darilganidan bu birinchi bor kimyoviy qurol ishlatilishi bo‘ladi.

Afari Saddam Husaynning Harbiy sanoatlashuv idorasida ishlagani aytiladi.

Saddam Husayn 1980 yillarda Kurdlarga qarshi kimyoviy qurollarni ishga solgan edi.

Sobiq mutaxassis xabarlarga ko‘ra, IShID qanday qilib xantal gazini qurollarga omuxta qilgani haqida tafsilotlarni so‘zlab bergan.

Mudofaa vazirligining mulozimlaridan birining aytishicha, ular xantal gazi odamni o‘ldiradigan darajada kuchaytira olishmagan, ammo bu kabi hujum insonga jiddiy jarohat yetkazadi.

Xantal gazi insonning terisi, ko‘zlari, nafas yo‘llari va ichki a‘zolariga jiddiy zarar yetkazishi ma‘lum.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq