Rossiyaning buguni: "Dohiy" Stalin barhayotmi?

Image copyright RIA Novosti
Image caption Rossiyaning Stalin shaxsi va uning qatag‘on siyosatiga nisbatan munosabati o‘zgarmoqdami?

Rossiya prezidenti Vladimir Putin siyosiy qatag‘on qurbonlarining xotirasini abadiylashtirishga doir qonunni imzolashidan sal avvalroq, LDPRning Dumadagi deputatlaridan biri Dmitriy Nosov Iosif Stalinni “katta davlat rahbari” bo‘lganini aytgan.

Nosov shuningdek, Stalin qatag‘onlarining ko‘lami borasida ham o‘z shubhalarini izhor qilgan.

Fevral oxirida esa Pskov viloyatida Stalin byusti tantanali ochilgan, Moskvada esa Stalin davrining rasmiy rassomi sanalgan Aleksandr Gerasimovning ko‘rgazmasi boshlangan.

Oxirgi bir yil ichida Rossiyaning bir necha shaharlarida “xalqlar dohiysi”ga haykallar o‘rtanildi.

Muzeylar ochildi.

Vladimir Putin ham o‘z nuqtida Stalinning maqolasini eslab qoldi.

Davlat mukofotlarini topshirar ekan Putin “yutuqlardan boshlar aylanmasligi” kerakligini aytgan.

Ayni paytda Rossiya bo‘ylab faollar Stalinning “tozalash amaliyotlarida” qurbon bo‘lganlarning xotirasini abadiylashtirish uchun harakatga tushishgan.

Rossiyaning Stalin shaxsi va uning qatag‘on siyosatiga nisbatan munosabati o‘zgarmoqdami?

Jamiyatda Stalin davrini sog‘inish kuchaymoqdami?

Bi-bi-si bu haqda Rossiya tarixchilari fikrlarini o‘rgangan.

Yan Rachinskiy, "Moskovskiy Memorial"jamiyatining raisdoshi:

Bir tomondan Stalin qatag‘oni qurbonlarining xotirasini abadiylashtirish uchun qonun qabul qilishmoqda, ikkinchi tomondan esa Rossiya harbiy-tarixiy jamiyati Stalinga haykallar qo‘ymoqda. Garchand Rossiyaning hozirgi hukumati Stalinning jinoyatlarini qoralasa ham, davlat manfaatlarini xalq manfaatlaridan ustun qo‘yishi va “buyuk davlat” g‘oyasi bilan Stalin siyosatini jonlantirmoqda.

Kommunistik o‘tmish yodga tushadi shunda…Sho‘rolar ittifoqining qanchalar buyukligi va buyuk sarkardasi borligi haqida ertaklar yodingizdami? Bu muammo toki jinoyatchini jinoyatchi deb atamaganimizcha, Stalin qilmishlariga qonunchilik nuqtai nazaridan baho bermaganimizcha hal bo‘lmaydi.

Men odamlar Stalin davrini sog‘inayapti deb o‘ylamayman. Chunki o‘sha davrda biror bir a‘zosi hibsga olinmagan, qamoqqa tashlanmagan va yo otilmagan oilani topish mushkul. Ular aslida Stalin zamonini emas, bu zamon haqida yaratilgan ertakni sog‘inishadi. Afsuski, bizning jamiyatimiz axborotlarni tahlil qilishga o‘rganmagan. Bunga davlat ham rag‘batlantirmaydi. Chunki axborotlarni tahlil qilish boshqacha fikrlashni yaratishi mumkin...

Bugun viloyatlardagi kutubxonalarda Stalin qatag‘oni haqida ko‘plab hujjatli to‘plamlarni topish mumkin. Ammo maktab darsliklarida juda oz ma‘lumot beriladi, masalan, 1930 yillarning ocharchiligidan qancha odamlar qirilib ketgani haqida hech narsa deyilmaydi. Shuning uchun ham odamlar hali ham ertaklarga ishonishadi.

Yuriy Jukov, Rossiya Fanlar akademiyasi katta ilmiy xodimi:

Menimcha, bunaqa tarixga doir bahslar bilan odamlarni mushkul iqtisodiy vaziyatdan chalg‘itishmoqda. Bundan tashqari zimdan Stalinni tartib va normal iqtisod ramziga aylantirish to‘lqini kechmoqda.

1956 yilda Xrushev Stalinni barcha partiya rahbarlari qilgan jinoyatlar uchun balogardon etishga harakat qilgandi. Ular hammasi o‘tib ketgan va hech qanday himoyaga muhtoj emas.

Endilikda Stalin shaxsiga xolisroq nazar tashlash imkoni paydo bo‘ldi.

1937-38 yillardagi ommaviy qatag‘onlarni Stalin uyushtirmagan, ularni Birinchi kotiblar tashkillashtirgan…maqsad Stalin erkin va muqobil saylovlar bilan ularni almashtirmasligi, qudratni qo‘ldan boy bermaslik bo‘lgan. 30 yillarning oxirida xalq bu qatag‘onlarni “ejevchina” deb nomlagan edi. O‘sha davrda NKVDning rahbari Nikolay Yejov bo‘lgan.

Haykallar va byustlar tiklanishiga kelsak, buning hech bir ajablanarli tomoni yo‘q. Stalin uzoq muddat davlat rahbari bo‘ldi. Sanoatlashtirish davri, mamlakat tarixidagi eng yovuz urushda g‘alaba...Urushdan keyin xalq xo‘jaligi tiklandi, yadro quroli yaratildi. Nima uchun Stalinning bu xizmatlariga ko‘z yumish kerak?

Qolaversa, Londondagi parlament binosi qarshisida Kromvelga haykal turibdi. U ham Qirolni qatl qilgan va qatag‘onlar siyosatini yurgizgan edi. Nima uchun o‘z o‘tmishimizni hurmat qilmasligimiz kerak?

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq