"Payg‘ambarni ham qamashga tayyorman" degan vazir bo‘shatildi

Image copyright AFP

Agar qonunni buzadigan bo‘lsa, payg‘ambarni ham qamagan bo‘lardim, deb aytgani uchun Misr Adliya vaziri Ahmad al-Zind lavozimidan bo‘shatilgan.

Janob Zind bu gapini 11 mart kuni efirga uzatilgan teleintervyusi paytida aytgan va oxirida "Olloh kechirsin meni" deb qo‘shib qo‘ygan.

Adliya vaziri Zindni vazifasidan bo‘shatishga Misr Bosh vaziri Sharif Ismoil buyruq bergan.

Hukumat nomidan e‘lon qilingan bayonotda Ahmad al-Zind lavozimidan chetlatilgani xabar qilingan, ammo boshqa tafsiloti aytilmagan.

Bu qarordan hakamlar norozi bo‘lganlar va o‘z bayonotlarini e‘lon qilganlar.

Hakamlardan birining aytishicha, bunday hodisa har qanday inson bilan yuz berishi mumkin, og‘zidan o‘zi istamagan holda bir so‘z chiqib ketishi mumkin.

Ahmad al-Zind Adliya vaziri lavozimiga tayinlanishidan oldin appelyatsiya mahkamasi hakami bo‘lib ishlagan.

U 2013 yil yozida armiya tomonidan hokimiyatdan chetlatilgan "Musulmon Birodarlar" hukumatining tanqidchilaridan biri bo‘lgan.

Janob Zind prezident Husni Muborakning 30 yillik hukmronligiga chek qo‘ygan va "Musulmon Birodarlar"ni qudratga olib kelgan inqilobga ham qarshi chiqqan.

U, shuningdek, adliya tizimining qattiq himoyachisi va adliya tizimi qudratli bo‘lishi lozimligini aytib kelgan.

So‘nggi ikki yilda Misr adliya tizimi tobora ko‘p tanqidlarga uchramoqda.

Islomiy prezident Mursiy hokimiyatdan ag‘darilganidan keyin hakamlar "Musulmon Birodarlar" tarafdorlariga ko‘plab o‘lim jazolari, liberal qarashdagi insonlar uzoq yillik hukmlarni e‘lon qildi.

Mamlakatda Muborak zamonidagi amaldorlarning yana qudratga qaytishi kuzatiladi.

Janob Zinddan oldingi Adliya vaziri ham og‘zidan chiqib ketgan bir gapi uchun o‘tgan yili mayida lavozimidan bo‘shatilgan edi.

U axlat yig‘uvchining bolasi hakam bo‘lolmaydi, deb aytgan.

Adliya vazirining "chiqindi tashuvchilarning bolalari hakam bo‘la olmaydi" deb yuborishi o‘shanda ijtimoiy tarmoqlarni bir ma‘noda "portlatib yuborgandi".

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq