Erdo‘g‘on: terrorizmni tiz cho‘ktiramiz

Image copyright EPA

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on kamida 34 inson halok bo‘lgan Anqara portlashlaridan so‘ng "terrorizmni tiz cho‘ktirish"ga va‘da bergan.

Janob Erdo‘g‘on, xudkushlik hujumi Turkiya xavfsizlik kuchlari qat‘iyligini faqatgina oshiradi, degan.

Qizilay tumanidagi Juvenparkidagi portlashda 125 dan ortiq inson yaralangan.

Tekshiruv ishlari dushanba kuni yakunlanadi va aybdorlar aniq bo‘ladi, deb aytgan Ichki Ishlar vaziri Efkan Ala.

Hozircha hech bir guruh hujumga mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olmagan, biroq hukumatning asosiy shubhasi Kurdiston Ishchilar partiyasiga tushmoqda.

Kurd isyonchilari oxirgi oylarda Turkiyada qator hujumlarni amalga oshirganlar. "Islomiy davlat" ham Anqarada portlash uyushtirgan.

Prezident Erdo‘g‘on Turkiya xavfsizlik kuchlariga kuchi yetmagan terroristik guruhlar tinch fuqarolarni mo‘ljalga olayapti, deb aytgan.

Turkiya Prezidenti xalqni milliy birdamlikka chaqirgan.

"Bizning xalqimiz xavotir olmasligi kerak, terrorizmga qarshi kurashda muvaffaqiyatga erishamiz va uni tiz cho‘ktiramiz", degan u.

Turkiya Bosh vaziri Ahmad Dovuto‘g‘li portlashlardan keyin Iordaniyaga rejalashtirilgan tashrifini bekor qilgan.

AQSh va Rossiya doxil qator davlatlar, shu bilan birga, Turkiyadagi kurdparast siyosiy partiya ham hujumni qoralaganlar.

Turkiya Xalq Demokratik partiyasi Kurd partiyasini kurdlarning zo‘ravonliklarini qoralamayotganlikda tanqid qiladi.

Portlash yakshanba kuni 18.40 da sodir bo‘lgan, maydondagilar evakuatsiya qilingan.

Turkiya Sog‘likni saqlash vaziri Mehmet Muizzino‘g‘li 30 inson hodisa joyida halok bo‘lgani, to‘rt nafari kasalxonada vafot etganini aytgan. Taxminlarga ko‘ra, o‘lganlarning ikkitasi hujumchilardir.

Janob Muizzino‘g‘llining bildirishicha, yaralangan 125 kishi Anqaradagi turli kasalxonalarga yetkazilgan, ulardan 19 tasining ahvoli og‘ir.

O‘tgan oyda Anqarada harbiy karvonga hujum oqibatida 28 inson halok bo‘lgan, o‘nlab kishi yaralangandi.

Portlashga mas‘uliyatni Kurd Ozodligi jangchilarining harbiy qanoti o‘z zimmasiga olib, bu Prezident Erdo‘g‘onning siyosatiga javob bo‘lganini aytgan.

Turkiya hukumati esa Suriyadagi kurd isyonchilarini ayblagandi.

O‘tgan yil oktyabr oyida Anqaradagi tinch namoyishni nishonga olgan ikki xudkush hujumchi portlashidan 100 dan ortiq inson halok bo‘lgan edi.

Istanbuldagi BBC muxbiri Mark Loenga ko‘ra, olti oyning ichida Anqarada amalga oshirilgan uch hujum Turkiya xavfsizligiga tahdid yuqoriligini ko‘rsatadi.

Yaqin Sharqning barqaror bo‘lagi va beqaror mintaqada NATOning muhim a‘zosi bo‘lgan Turkiya uchun hozir vaziyat xatarli.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon