"Gazprom" Turkman gazidan kechib, O‘zbekistondan oladi

Image copyright AFP

Rossiyaning Gazprom shirkati turkman gazini sotib olishni to‘xtatib, nisbatan arzon narxdagi gazga xaridor bo‘lish niyatida.

Gazprom "Turkmangaz"ni 2010-2015 yillar uchun kelishilgan gaz narxi bo‘yicha shartnomaga amal qilmaganlikda ayblagan.

Oldinroq Gazprom rahbari Aleksey Miller 2016 yilda shirkat O‘zbekistondan gaz sotib olishni oshirishni rejalashtirilayotganini ma‘lum qilgan. Bu "Turkmangaz" bilan gaz narxlari bo‘yicha mojaro manzarasida kuzatilmoqda.

2015 yil Gazprom O‘zbekistondan 3,6 mlrd kubometr gaz sotib olgan.

Joriy yilda Gazprom O‘zbekneftegaz shirkati bilan 4 mlrd kubometr gaz sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolagan.

Gaz narxlari bo‘yicha tortishuvlar deyarli har yili kuzatiladi. Shu bois, arzon narxni ko‘zlagan Gazpromning markaziy osiyolik hamkorlari bilan munosabatlari ham shunga ko‘ra o‘zgarib turadi.

2014 yil oktyabrida Gazprom Turkmaniston va O‘zbekistondan gaz sotib olishni to‘liq to‘xtatishni aytgan bo‘lsa, 2015 yil fevralida Ashxoboddan gaz miqdorini keskin kamaytirishni bildirdi.

"Turkmangaz"dan 10 mlrd kubometr o‘rniga 4 mlrdgacha qisqartirib, Toshkentdan esa aksincha 1 mlrddan 3,8 mlrd qilib ko‘paytirishini e‘lon qildi.

2015 yil o‘rtasida Rossiya shirkati "Turkmangaz"ni narxlarni ko‘rib chiqishni talab qilib Stokgolm mahkamasiga bergandi.

Aytilishicha, Ovro‘poga yetkaziladigan gaz narxining pasayishi bilan 2010 yilda belgilangan ming kubometriga 240 dollar to‘lash Rossiyani qoniqtirmay qolgan.

Bundan tashqari Turkmengaz jahondagi iqtisodiy bo‘hron va Rossiyaga kiritilgan iqtisodiy sanktsiyalar ta‘sirida Gazprom 2015 yilda gazdan qarzlarini to‘lamaganini bildirgan.

Biroq Gazpromga ko‘ra, O‘zbekiston ham shartnomaga amal qilishda eng beqaror hamkorlardan hisoblanadi.

Qish mavsumida O‘zbekistondan olinadigan gaz miqdori keskin kamayishi yoki uzib qo‘yish hollari uchraydi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Xitoy bilan yiliga 10 mlrd kubometr gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomasi bor.

Shunga qaramay, "O‘zbekneftegaz" bilan hamkorlik arzonroqqa aylanishi bois, Gazprom undan gaz sotib olishni afzalroq biladi.

Rossiya shu paytgacha Turkmaniston, O‘zbekiston va Qozog‘istondan gaz sotib olib, uni Ovro‘poga yetkazadi.

O‘zbekiston MDH davlatlari orasida tabiiy gaz qazib olish bo‘yicha uchinchi o‘rinda, dunyoda yirik 10 talikka kiradi.

Image copyright bbcuzbek

Mamlakatda har yili 60 mlrd kubometr gaz olinadi. Biroq qazib olinadigan gazning asosiy foizi Xitoy va Rossiyaga eksport qilinishi bois, mamlakat aholisi gaz taqchilligidan shikoyat qilib keladi.

Viloyatlarda necha yillardan buyon gaz ta‘minotida tinimsiz uzilishlar kuzatiladi. Bu ayniqsa qishli qirovli kunlarda xalqni mushkul ahvolga solib qo‘ygan.

Gaz ta‘minotidagi uzilishlarni tan olmay kelayotgan hukumat oxirgi uch yilda qish mavsumi oldi aholini ko‘mir sotib olishga chaqiradi.

Biroq butun qish mavsumini ko‘mir bilan o‘tkazishga qurbi yetmaydigan viloyatliklar qo‘lbola yoqilg‘i turlari-tappi va g‘o‘zapoyalarni g‘amlashni arzonroq va qulay biladi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq