Rossiya ilk uchoqlari Suriyani tark etganini xabar qildi

Image copyright Getty

Rossiya Mudofaa vazirligi xabar tarqatishicha, Suriyadagi Hmeymim havo bazasidan ilk uchoqlar Rossiyaga parvoz qilgan.

Uchoqlardan birining Tu-154 yo‘lovchi tashiydigan uchoq ekani, qolganlari Su-34 bombardimonchi uchoqlari ekani xabar qilinmoqda.

14 mart kungi Prezident Putinning kutilmaganda e‘lon qilingan farmoni ortidan Rossiya qo‘shinlari Suriyani tark etishga tayyorgarlik ishlarini boshlaganlar.

Mudofaa vaziri Sergey Shoygu qo‘shinlarni olib chiqishga buyruq bergan, uzoq masofaga parvoz qiladigan uchoqqa yuklarni ortish boshlangan.

G‘arb siyosatchilari Rossiyaning ushbu qadamini ehtiyotkorlik bilan olqishlaganlar, bu Suriya hukumatini muzokaralarga undashi yo‘lida bosim bo‘lib xizmat qilishi mumkinligini aytganlar.

Jenevadagi Suriyada tinchlikni o‘rnatishga bag‘ishlangan muzokaralarning ikkinchi kuni boshlangan.

Ayni paytda BMTning inson huquqlari komissiyasi Suriyadagi urush jinoyatlariga bag‘ishlangan yangi hisobotini e‘lon etilishi kutilmoqda.

Rossiyaning Suriyadagi harbiy kuchlarini kamaytirishga qaror qilingani haqida Prezident Putinning Tashqi ishlar vaziri Lavrov va Mudofaa vaziri Shoygu bilan uchrashuvidan keyin e‘lon etilgan.

Rossiya Suriya Prezidenti Bashar al-Assadning asosiy ittifoqchisi hisoblanadi va Assad ma‘muriyati ikki mamlakat o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgani haqidagi gap-so‘zlarni rad etmoqda, Rossiya qo‘shinlarini Suriyadan olib chiqish qaarori ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro kelishuv natijasi ekanini aytmoqda.

Rossiya havo hujumlari 2015 yil sentyabrida boshlangan, Suriya hukumatiga isyonchilar nazorati ostidagi hududlarni qaytarib olishiga imkoniyat yaratib bergan.

Suriyaning Latakiya viloyatidagi Hmeymim bazasidan nechta uchoq va harbiy olib chiqilishi tafsiloti, shuningdek, qo‘shinlarni olib chiqish qachon nihoyasiga yetkazilishi ma‘lumoti e‘lon qilinmagan.

Rossiya televideniyesi yoqilg‘i quilayotgan va ichiga yuklar ortilayotgan uchoqni namoyish etgan.

Su-24, Su-25, Su-34 uchoqlari va tikucharlar Rossiyaga qaytariladi, deya xabar qilgan Rossiya telekanali.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq