Qizilqum dinozavriga Timurlengia deb nom berdilar

Image copyright Todd Marshal

Navoiy viloyati Qizilqumidagi Jaraquduq deb nomlangan joydan topilgan 90 million yillik dinozavr qoldiqlari zamonaviy fanda yangi kashfiyot ochilishiga turtki bergan.

Tiranozavrning yangi topilgan turi go‘sht yegan dinozavrlar nega bu qadar ulkan bo‘lib ketganlarini aniqlash imkonini beradi, demoqdalar olimlar.

Shotlandiyaning Edinburg Universiteti, AQSh va rossiyalik olimlar O‘zbekistonda qadimgi hayvonlarning qoldiqlarini topganlar.

Jaraquduqda topilgan va kattaligi zamonaviy otcha kelgan tiranozavrga ilmiy Timurlengia euotica deb nom berishipti.

Tadqiqotchilarga ko‘ra, Timurlengiyaning quloqlari va miyasi tiranozavrlar nega ustunlikka ega bo‘lganini aniqlashda muhim ahamiyatga egadir.

"Biz dinozavrning butkul yangi turiga duch keldik", deydi Edinburg Universitetidan Stefen Brusatte.

Image copyright

"Bu o‘zining tiranozavr qarindoshlariga yaqin, lekin ancha kichkina - ot kattaligicha keladi. Va u yashagan davr Bo‘r davriga to‘g‘ri keladi. Bizda aynan shu davrda ulkan bo‘shliq bor", deydi tadqiqotchi Stefen Brusatte.

Hayron qoldiradigan bo‘shliq yuzaga kelishiga Tiranozavr sabab bo‘lgan.

Chunki boshidan dumigacha uzunligi 13 metrni tashkil etgan tiranozavrlar ancha keyin yashab o‘tishgan va evolyutsiya uchun jumboq bo‘lib kelgan.

Qizilqumdagi topilma esa ana shu jumboqni yechishga yordam beradi.

"Bu jonzotning suyaklari tiranozavrda ham topilgan. Ushbu xususiyatlar nega tiranozavrlar bu qadar ulkan ovqat yeydigan hayvonga aylanganini tushunishga yordam beradi", deydi olim.

Tadqiqotchilar Timurlengia skeletidagi 25 qismni o‘rganganlar.

"Uning miyasi va qulog‘i xuddi tiranozavrnikidek", deydi doktor Brusatte.

Image caption Tiranozavr uzunligi 13 metrcha bo‘lgan

Manchester Universitetidan doktor Bill Sellersning BBCga aytishicha, "ushbu topildiqning eng muhim qismi" kalla suyagidir.

"Bu narsa bizga dinozavrlarning boshlang‘ich tarixida katta miya va sezgir his-tuyg‘ular qanday rivojlangani va tiranozavrlar nega bu qadar muvaffaqiyatli yirtqichga aylanganini ko‘rsatadi", deydi doktor Bill Sellers.

Navoiy viloyatining Uchquduq tumani Mingbuloq qishlog‘idan 30 kilometrcha uzoqlikda joylashgan Jaraquduq darasida bundan oldin ham dinozavrlar va akulalar qoldiqlari topilgan.

U yerda "Tosh o‘rmon" ham bor, toshga aylangan turli daraxtlarning yoshi 95 million yil deb ko‘rilgan.

Jaraquduq XX asr davomida tanaffuslar bilan qayta-qayta o‘rganilgan.

Yangi dinozavr turi tarixda ulkan saltanat barpo etgan Amir Temur nomiga Temurlengiya deb atalgani xabar qilinmoqda.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon